Mirziyoyev: “Yettilik” tizimi 7,5 million fuqaroni kambagallikdan chiqarishga yordam berdi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida mahalla tizimini yana-da takomillashtirish va joylarda ishlarni samarali tashkil etish masalalari yuzasidan videoselektor yig‘ilishi boshlandi.
Mahallada “yettilik” tizimi joriy qilinib, kredit, subsidiya, kompensatsiya, moddiy yordam ajratish kabi 100 dan ziyod xizmatlar mahalla darajasiga tushirilgani hisobiga 7,5 million fuqaro kambag‘allikdan chiqdi, ishsizlik darajasi 2 barobar qisqardi. Shuningdek, 3,5 ming mahalla qiyofasi zamonaviy ko‘rinishga keldi.
Mahalla raislarining vakolat muddati 3 yildan 5 yilga uzaytirildi. Ular boshchiligida “yettilik” vertikal tizimi yaratildi, yetarli sharoit, resurs va vakolatlar berildi.
Mahalladagi har bir imkoniyatni loyihaga aylantirib, ish o‘rni yaratish uchun mahallalarga bankir va soliqchilar bog‘lab berildi, infratuzilmaga ham alohida mablag‘ ajratilmoqda.
Davlatimiz rahbari bulardan samarali foydalanib, natija ko‘rsatayotgan mahallalar ko‘pligi, lekin ayrimlari yagona jamoa bo‘lib ishlab ketishni haligacha o‘rganmaganini ko‘rsatib o‘tdi.
“Norin tumanidagi Sho‘rariq mahallasiga borganim viloyat hokimlari, respublika, viloyat, tuman rahbarlari, “yettilik”ni ko‘zini ochib, ularni sifat va kompetensiyani oshirishga undashi kerak”, – dedi Prezident.
Prezident mahallalarda infratuzilmani yaxshilash masalalariga alohida eʼtibor qaratdi.
O‘tgan hafta imzolangan qarorga muvofiq, Yangi O‘zbekiston qiyofasi kirib boradigan 33 ta tuman va 330 ta og‘ir mahalla belgilab olindi.
Bu tumanlarning har biriga 100 milliard so‘mdan, 330 ta mahallaning har biriga esa 5 milliard so‘mdan mablag‘ ajratiladi. Jahon banki va Islom taraqqiyot bankidan jalb qilingan 100 million dollar ham mazkur maqsadlarga qaratiladi.
Bundan tashqari, ushbu tuman va mahallalardagi “drayver” loyihalar infratuzilmasi uchun yana 2 trillion so‘m beriladi.
Umuman, bu dasturni moliyalashtirish uchun 7 trillion so‘mdan ziyod mablag‘ yo‘naltiriladi.
Viloyat hokimlarining o‘zi ham 2 tadan, tuman hokimlari esa 1 tadan og‘ir mahallani belgilab, ularga 5 milliard so‘mdan yo‘naltirishi, yana 236 ta mahalla aholisi turmushida keskin o‘zgarish qilishi shartligi ko‘rsatib o‘tildi.
Bir oy oldin “Tashabbusli byudjet” bo‘yicha yangi qaror qabul qilinib, mahallada odamlarning o‘zi faol bo‘lib boshlagan loyihalarga ko‘mak beradigan tizim joriy qilindi. Bunda qaysi mahallada aholi yo‘l, suv, maktab, bog‘chani taʼmirlashni boshlagan bo‘lsa, xarajatining yarmini davlat ko‘taradi. Bu maqsadlar uchun kelgusi yilda yana 1 mingta loyihaga 500 milliard so‘m ajratiladi.
Prezidentimiz bu borada yana bir yangilikni eʼlon qildi. Joriy yildan boshlab Soliq qo‘mitasi yer va mol-mulk soliqlarini to‘langanlik darajasiga qarab, “Eng yaxshi soliq to‘lovchi mahalla” reytingini eʼlon qiladi.
Bunda 100 talikka kirgan mahallaga “Tashabbusli byudjet”ning yangi tizimi bo‘yicha infratuzilma xarajatining 75 foizi byudjetdan to‘lab beriladi. Shuningdek, ushbu mahallalarning har biriga qo‘shimcha 2 milliard so‘mdan ajratiladi.
Qonunchilik palatasi deputatlariga o‘z okrugidagi mahallalar infratuzilmasini yaxshilash uchun har biriga 3 milliard so‘mdan mablag‘ beriladi.
Mahalla hududida sanitariya, ekologiya va noqonuniy qurilish bo‘yicha jarimalarning 10 foizi mahalla byudjetiga yo‘naltiriladi. Mahallalar byudjetiga 2026 yildan boshlab har yili 200 milliard so‘mdan ajratiladi.
“Ana shu aytib o‘tgan beshta manba hisobidan kelgusi bir yil uchun 2 mingta mahallaga qo‘shimcha 8,5 trillion so‘m mablag‘ beryapmiz”, – dedi Prezident.
Tuman hokimlari berilayotgan mablag‘dan oqilona foydalanib, “mahalla yettiligi” bilan yangi yondashuvlar asosida ishlashi zarurligi qayd etildi.
Masalan, Norindagi Sho‘rariq mahallasi atrofidagi yana 6 ta mahallaga xizmat ko‘rsatadigan markazga aylanmoqda. Bundan ruhlanib, “Zamonaviy guzar, servis markazi, bog‘cha, maktab quraman, ishlab chiqarish qilaman!”, deb o‘nlab tadbirkorlar tashabbus bilan chiqdi.
Atrofidagi 6 ta mahalla shtatidan to‘g‘ri foydalanib, tejalgan mablag‘ hisobidan arxitektor va urbanist jalb qilingani natijasida ushbu 7 ta mahalla qiyofasini butunlay o‘zgartirish uchun imkoniyat paydo bo‘lyapti.
“Chunki tadbirkorlar ishini boshlash va biznesini kengaytirish uchun, birinchi navbatda, yaxshi joy so‘rayapti. Har bir mahallada gavjum ko‘cha bormi – bor! Bo‘sh yer va binolar bormi – bor! Faqat mutaxassis bilan shu joyning loyihasini tayyorlab, infratuzilma qilib berish kerak!”, - deb vazifa qo‘ydi Prezident.
Viloyat, tuman va shahar hokimlariga Islohotlar shtabi bilan birga birinchi bosqichda 33 ta tuman va 330 ta mahallada ishlarni ana shunday yondashuv asosida yo‘lga qo‘yish topshirildi.
Yig‘ilishda mahallalarda tadbirkorlik loyihalarini kengaytirish masalalari muhokama qilindi.
Yaratilgan imkoniyatlar hisobiga 7 mingta mahalla meva-sabzavot, gulchilik, asalarichilik, tikuvchilik, mebelsozlik, savdo va servis kabi 15 ta yo‘nalishga ixtisoslashdi. 3 ming 326 ta mahalladagi 50 foiz xonadon bu tizim bilan qamrab olingani uchun 1,5 million oila daromadli bo‘ldi.
Mahalla bankirlari, hokim yordamchilari har bir mahallada o‘rtacha 40 tadan mikroloyiha qilishi uchun ularga joriy yilda 6,5 trillion so‘m resurs berildi.
Lekin shuncha resurs berilsa-da, hamma hokimlar va “mahalla yettiligi” ham bir xil ishlamayotgani taʼkidlandi. Hududlardagi 2 ming 356 ta mahallada esa hali ixtisoslashuv darajasi ancha past.
Mutasaddilarga barcha mahallada ixtisoslashuvni oxiriga yetkazish kerakligi ko‘rsatib o‘tildi. Bunda mahallalar aholisi bilan uchrashib, ularning salohiyatidan kelib chiqib, aniq ixtisosligini belgilash, kamida 200 ming aholini band qiladigan mikroloyihalarni shakllantirish topshirildi.
Kelasi yildan meva-sabzavotga ixtisoslashgan 2 ming 682 ta mahallaga sanoat olib kirish uchun imtiyozli resurslar, avvalo, saqlash, qayta ishlash va qadoqlash loyihalariga beriladi.
Yangiliklar yangilanmoqda
#Shavkat Mirziyoyev