Mirziyoyev Xalq qabulxonalarini isloh qilishni buyurdi
Mirziyoyev Xalq qabulxonalarini isloh qilishni buyurdi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida aholi murojaatlari bilan ishlash tizimini takomillashtirish yuzasidan videoselektor yig‘ilishi boshlandi.
Yurtimiz nufusi 38 milliondan, mehnatga layoqatli aholi 20 milliondan oshdi, so‘nggi to‘qqiz yilda aholi daromadi 2 karra ko‘paydi.
Xalqimiz og‘irini yengil qilish, ko‘targan masalalariga yechim topish bo‘yicha vazir va hokimlar mahallaga tushib ishlaydigan tizim yaratildi. Bu yil ham mahallalarda aholi turmushini yaxshilashga 56 trillion so‘m ajratilmoqda.
“Endi vazirlar, hokimlar o‘ziga savol bersin: shuncha imkoniyat bo‘la turib, aholi ko‘targan masalalarga vaqtida yechim topib beryaptimi? Bundan to‘qqiz yil oldin Xalq qabulxonalari tashkil qilinganda bitta maqsad qo‘yilgan edi: davlat idoralarini xalqqa yaqinlashtirish.
To‘g‘ri, Xalq qabulxonalari vaqtida samarali ishladi. Lekin bu idorani ham odamlarning bugungi talabiga mos holda o‘zgartiradigan vaqt keldi”, – dedi Prezidentimiz.
Bundan keyin “Har bir inson va xonadon muammosini bilib, vaqtida ko‘mak berishim kerak” degan shior har bir tuman, shahar, viloyat hokimi, vazir, uning hududiy tashkilot rahbarlarining bosh qoidasi bo‘lishi zarurligi qayd etildi.
Mamlakatimizda har o‘n ming kishiga o‘rtacha 319 ta ariza va shikoyat to‘g‘ri kelayotgani qayd etildi.
Lekin bu ko‘rsatkich Toshkent shahrida 535 ta, Navoiy viloyatida 462 ta, Sirdaryo va Surxondaryoda 452 tadan, Jizzaxda 430 ta, Qashqadaryoda 368 ta, Toshkent viloyatida 350 tani tashkil qilmoqda.
Dehqonobod, Mirobod tumanlari, Navoiy, Ohangaron va Yangiyer shaharlarida har o‘n ming aholiga to‘g‘ri keladigan arizalar soni boshqa tumanlardan 2 barobar yuqori ekani ko‘rsatib o‘tildi.
Yoki murojaatlar soni respublikada 16 foizga kamaygani bilan Qorovulbozor, Nurota, Konimex, Tuproqqal’a tumanlari, Namangan shahrida oldingi yildan 50 foizgacha oshgan.
Buxoro, Karmana, Uchquduq, Sardoba, Xovos, Bo‘stonliq tumanlari, Angren, G‘ozg‘on shahar hokimlari mahalladagi 4-5 nafar odam bilan “nomiga” gaplashib, sayyor qabul o‘tkazdim deb yurgani tanqid qilindi.
O‘tgan yili Xalq qabulxonalariga hokimlarning o‘zi rahbar qilib tayinlangandi.
Qoraqalpog‘iston, Andijon, Qashqadaryo, Xorazm, Sirdaryoda rahbarlarning o‘zi shug‘ullangani uchun hududidagi murojaatlar 25-30 foizga kamaygani, aholi ko‘targan masalalarning 60-70 foizi ijobiy hal bo‘layotgani ta’kidlandi. Lekin qolgan hokimlar va ayrim vazirlar hali bu borada keskin o‘zgarish qilmagani ko‘rsatib o‘tildi.
Masalan, Toshkent shahrida 170 ming va Toshkent viloyatida 110 ming murojaatning yarmidan ko‘pi yechimini topmagan. Surxondaryo, Samarqand, Toshkent shahrida takroriy murojaatlar ko‘paygan.
Misol uchun, fuqaro yanvar oyida maktab o‘quvchisi Sergelidan oqib o‘tadigan “Junariq” kanaliga tushib ketganini aytib, buzilgan ko‘prikni qayta tiklashni so‘ragan. Bu masalaga ikki oy davomida birorta mas’ul e’tibor qaratmagan, murojaatga yuzaki javob berilgan.
Holat ijtimoiy tarmoqda tarqalganidan keyingina mablag‘ ham topilgan, ko‘prik ham qurilgan. Murojaatlar bilan ishlashdagi bunday kamchiliklar odamlarning davlatga bo‘lgan ishonchiga putur yetkazayotgani ko‘rsatib o‘tildi.
Xalq qabulxonalariga kelayotgan murojaatlarning katta qismi Ichki ishlar (148 ming), Majburiy ijro byurosi (134 ming), Energetika (88 ming), Bandlik (60 ming) va Sog‘liqni saqlash vazirligiga (56 ming) tegishli ekani qayd etildi.
O‘tgan yili aliment bilan bog‘liq 70 ming murojaat kelib tushgan.
Majburiy ijro byurosi aliment bo‘yicha ariza tushsa, undirib berayotgani, lekin aliment to‘lovchining rasmiy daromadi bo‘lmagani uchun murojaatlarning 30 foizi hal qilinmasdan qolayotgani ko‘rsatib o‘tildi.
Bu borada hokimlar aliment to‘lovchilarning qanchasining kasbi bor, lekin ishsiz, qanchasini o‘qitish kerakligini tahlil qilmayotgani, shundan kelib chiqib, bandlik bo‘limi va “mahalla yettiligi” oldiga aniq masala qo‘ymayotgani tanqid qilindi.
Hududlarda ishlarni shu tartibda tashkil qilsa, aliment bo‘yicha murojaatlar 2 karra kamayishi mumkinligi qayd etildi.
Tashkiliy migratsiya asosida odamlarni o‘qitib, chet eldagi yuqori daromadli ishlarga yuborish bo‘yicha tizim yaratildi. Lekin aliment majburiyati bo‘lgan odamlar bu imkoniyatdan foydalana olmayapti, chunki fuqaro chetga chiqishi uchun 5 yillik aliment pulini oldindan to‘lashi yoki aliment oluvchidan yozma rozilik olishi kerak.
Mutasaddilarga bu masalani chuqur o‘rganib, tegishli taklif kiritish topshirildi.
Yig‘ilishda qayd etilganidek, turli sabablar bilan tug‘ilganlik to‘g‘risidagi guvohnomani olmagan bolalarga bunday hujjatni rasmiylashtirishdagi byurokratiya haqida 448 nafar odam murojaat qilgan.
"Bu bolasini bog‘cha va maktabga joylashtirishda guvohnoma so‘ralgani uchun majbur bo‘lib murojaat qilganlar, hali ariza bermaganlari qancha?” – deya savol qo‘ydi davlatimiz rahbari.
Adliya vazirligiga ushbu masalaga sodda yechim ishlab chiqish topshirildi.
O‘tgan yili ichki ishlar vakolatidagi masalalar bo‘yicha 148 mingdan ortiq murojaat kelib tushgan. Ayniqsa, ichki ishlar xodimlarining qo‘pol muomalasi va tergov sifatidan norozilik ko‘pligi qayd etildi.
Tizim mas’ullari har 1 ming kishiga nisbatan eng ko‘p ariza tushayotgan Denov, Urgut tumanlari, Samarqand, Qarshi, Namangan, Jizzax, Farg‘ona, Chirchiq shaharlariga borib, aholining muammolarini eshitishi, profilaktika inspektori va tergovchilarning kasbiy va muomala madaniyatini oshirish bo‘yicha o‘qitishi shartligi ko‘rsatib o‘tildi.
Energetika, yo‘l, suv infratuzilmasi bo‘yicha 2025-yilda yo‘llangan murojaatlar 109 mingdan oshgan.
Ayniqsa, Asaka, Shahrixon, Izboskan, Pastdarg‘om, Sho‘rchi, Denov, G‘uzor, Qamashi, Dehqonobod, Sharof Rashidov tumanlari, Samarqand, Namangan, Termiz, Qarshi va Andijon shaharlarida infratuzilma bo‘yicha murojaatlar ko‘paygan.
Joriy yil ushbu masalalarni hal qilish bo‘yicha 20 trillion so‘m berilgan. Hokimlar mazkur mablag‘larni, birinchi navbatda, eng ko‘p shikoyat tushayotgan mahallalarga yo‘naltirsa, odamlar ham rozi bo‘lishi, murojaat ham qisqarishi qayd etildi.
Mahalla aholisining og‘irini yengil qilishda “Tashabbusli budjet” dasturi katta samara berayotgani ta’kidlandi.
Lekin infratuzilma masalasida 25 mingta ariza kelib tushgan 2 mingta mahalla biror marta “Tashabbusli budjet”da loyiha joylashtirmagan.
Mutasaddilarga Xalq qabulxonasiga kelgan murojaatlarni tahlil qilib, mazkur mahallalarga loyiha qilishga ko‘maklashganida edi, bu orqali ko‘plab masalalar joyida hal qilish mumkin bo‘lgani ko‘rsatib o‘tildi.
Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi murojaatlarning 64 foiziga, Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi sohasida nazorat qilish inspeksiyasi 61 foiziga, Transport vazirligi 58 foiziga yechim berish o‘rniga yuzaki javob berish bilan cheklangani, umuman, bunday misollar barcha vazirliklarda borligi qayd etildi.
Xalq qabulxonalari yangi ochilganida murojaatlarning 90-95 foizi shikoyat shaklida bo‘lgan bo‘lsa, hozirga kelib, 60-65 foizga tushdi.
“Bugun odamlarning dunyoqarashi o‘zgarib, shaxsiy masalada emas, mahallasidagi sharoitni yaxshilash yuzasidan taklif berishni afzal ko‘ryapti. Lekin muammosi hal bo‘lmagan odamlar rahbarlar qabulini tashkil qilib berishni Prezidentdan so‘rayapti.
Endi bu tizim o‘zgaradi. Hokimlar arizada ko‘tarilgan masalani hal qilishning o‘zi bilan cheklanmaydi. Aksincha, muammoning kelib chiqish sababi bilan ishlashi kerak”, – dedi davlatimiz rahbari.
Shu bois, sohada yangi tizim joriy qilinib, Xalq qabulxonalari faqatgina ariza qabul qiluvchi organ emas, balki hududdagi muammolarni diagnostika qiladigan markaz bo‘lishi belgilandi.
Prezidentimiz yangi tizim qanday ishlashini Qarshi shahri misolida tushuntirib berdi.
O‘tgan yili Xalq qabulxonasiga Qarshi shahri aholisidan kelib tushgan 11 mingta murojaat tahlil qilindi.
Misol uchun, Qarshi shahridagi 255 nafar odam aliment to‘lashdan bo‘yin tovlab yurganining sabablari o‘rganilganda ularning 193 nafari kasb-hunari bor bo‘lgani bilan ishsiz ekani, yana 62 nafari daromadini kamaytirib ko‘rsatayotgani aniq bo‘ldi.
Bu jarayonda hokimlik, banklar va hokim yordamchilari, shahar bandlik va MIB bo‘limlari birgalikda ishlab, fuqarolarni tadbirkorlikka jalb qiladi, ishsizlarni hududdagi sanoat va servis korxonalaridagi vakant o‘rinlarga joylashtiradi. Xorijda ishlash istagida bo‘lgan aliment to‘lovchilar bilan uch tomonlama shartnoma tuzib, til va kasbga o‘rgatib, xorijga yuqori daromadli ishlarga yuboradi.
Shahar soliq inspeksiyasi esa Bosh prokuratura departamenti bilan birgalikda daromadini yashirib kelayotganlarning faoliyatini “soyadan” chiqaradi.
Shunda aliment to‘lovchilar qaramog‘ida bo‘lgan 700 ga yaqin bolaning moddiy ta’minoti o‘zgarishi ta’kidlandi.
Qarshi shahridagi murojaatlarning 146 tasi oylik maoshlar kechikayotgani bilan bog‘liq.
Hokimning birinchi o‘rinbosari oylik to‘lamayotgan tashkilotlarning moliyaviy ahvolini tahlil qilib, xomashyo, aylanma mablag‘, infratuzilma, bozor topish bilan bog‘liq masalalarini hokimning investitsiya bo‘yicha o‘rinbosari va banklar bilan hal qilib beradi.
Oylikni asossiz bermayotgan korxonalardan esa o‘rnatilgan tartibda majburiy undiriladi.
Qarshi shahrida bugungi kunda 35 ming xonadonli 930 ta ko‘p qavatli uy bor. Ularga 40 ta boshqaruv servis kompaniyasi xizmat ko‘rsatmoqda. Ularning faoliyatidan norozilik bildirilgan 111 ta shikoyat kelib tushgan.
Hokimning qurilish bo‘yicha o‘rinbosari eng ko‘p murojaat tushgan Cho‘lquvar, Nuriston, Oydin mahallasiga borib, aholi va boshqaruv kompaniyalari bilan uchrashishi belgilandi. Bunda boshqaruv kompaniyalari puldan qiynalayotgan bo‘lsa, ularga aylanma mablag‘ topib beradi.
Elektr, yo‘l, suv yoki kanalizatsiya bilan bog‘liq muammolar bo‘lsa, ushbu masalani Islohotlar shtabiga berib, investitsiya dasturiga qo‘shimcha kiritadi, Majburiy ijro byurosi bilan boshqaruv kompaniyalarining debitor qarzdorligini undirishga ko‘maklashadi.
Uy-joy bilan ta’minlash bo‘yicha Qarshi aholisidan 124 ta murojaat kelib tushgan.
Qarshi shahrida bu yil 3 ming 700 ta xonadonli ko‘p qavatli uylar qurilishi reja qilingan.
Hokim o‘rinbosarlari shahardagi banklar va developerlar bilan birgalikda uy-joy bo‘yicha murojaat qilganlar bilan birma-bir uchrashadi. Ularga yangi qurilayotgan uy-joylarni taklif etadi, kredit, subsidiya bo‘yicha masalalarini tezkorlik bilan hal qilib beradi.
Shahardagi davlat idoralarida 1,5 mingdan ziyod xodim ishlayapti. Ularning faoliyati bo‘yicha 794 ta shikoyat kelib tushgan. Masalan, ichki ishlar xodimlarining muomalasi va tergov sifati yuzasidan 281 ta ariza yo‘llangan.
Viloyat ichki ishlar boshlig‘ining kadr va jamoat xavfsizligi bo‘yicha o‘rinbosarlari haftaning bir kunini yosh tergovchilar, profilaktika inspektori, yo‘l va post-patrul xodimlarini o‘qitish, muomala madaniyatini o‘rgatishga bag‘ishlaydi.
Xodimlariga nisbatan e’tirozlar ko‘p bo‘lgan Majburiy ijro byurosi, soliq, elektr, suv va gaz, tibbiyot va ta’lim idoralarining rahbarlari ham o‘z ishini xuddi shu yo‘sinda tashkil qilishi zarurligi qayd etildi.
Qarshi shahridan Xalq qabulxonasiga nafaqa bo‘yicha 877 ta murojaat kelib tushgan.
Mazkur masalada murojaat qilgan ayollarning muammosini faqat nafaqa to‘lash nuqtayi nazaridan emas, balki boshqa qiyinchiliklari bilan birgalikda kompleks ravishda ko‘rib chiqish zarurligi qayd etildi.
Shahar hokimining ijtimoiy masalalar bo‘yicha o‘rinbosari maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limi bilan 309 nafar ayolning farzandini bog‘chaga joylashtiradi. Hokim yordamchilari va xotin-qizlar faollari bilan 82 nafar ishsiz ayolni kasbga o‘qitib, mahallaning o‘zida ishlashiga sharoit qilib beradi.
159 nafar yolg‘iz onalarning 90 nafariga tadbirkorlikni boshlash uchun, yana 69 nafariga esa faoliyatini kengaytirish uchun imtiyozli kredit olishga ko‘maklashiladi. “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazi bilan 34 nafar nogironligi bor odamga ijtimoiy xizmatlarni ko‘rsatish yo‘lga qo‘yiladi.
Qarshi shahri hokimiga har bir ariza va shikoyatni mana shunday tahlil qilib, mas’ullariga taqsimlab, birinchi yarim yillikda shaharni murojaatlar bilan ishlash bo‘yicha namunali hududga aylantirish topshirildi. Bu jarayonda unga viloyat hokimi, uning o‘rinbosarlari, viloyatdagi tashkilotlar rahbarlari yaqindan ko‘maklashishi belgilandi.
Umuman, barcha hududlar va 208 ta tuman-shahar hokimlariga Qarshi shahri misolida aytilgan tizimni samarali yo‘lga qo‘yib, odamlarning og‘irini yengil qilish vazifasi qo‘yildi. Ular bu boradagi ish rejasini har oy mahalliy Xalq deputatlari kengashlarida tasdiqlatib, aholiga murojaat qiladi.
Xuddi shunday barcha vazirlar ham o‘z sohasida bo‘layotgan e’tirozlarni kamaytirish bo‘yicha “yo‘l xaritasi”ni tasdiqlab, brifing o‘tkazadi va rejalarini odamlarga yetkazadi.
Prezidentimiz Xalq qabulxonalari faoliyatini yanada kuchaytirish chora-tadbirlarini belgilab berdi.
Prezident Administratsiyasiga hokimlar bilan birgalikda Xalq qabulxonalariga muammolarning mohiyatini tushunadigan zamonaviy kadrlarni jamlash, murojaatlarni tizimli tahlil qilish bo‘yicha alohida nazorat guruhi faoliyatini yo‘lga qo‘yish topshirildi.
Prezident Administratsiyasi Kommunikatsiyalar departamenti har oyda Xalq qabulxonalariga kelib tushgan murojaatlarni tahlil qilib, umumlashtiradi, vazirlar va hokimlarga yetkazib, ijrosini nazorat qiladi. Odamlar kayfiyatiga ta’sir qilayotgan masalalar bo‘yicha rahbarlar hisobotini eshitib boradi, eng muammoli masalalar bo‘yicha takliflarni Hukumatga kiritadi.
Hukumatda vazirlik va idoralarning rahbar xodimlaridan iborat Tezkor shtab tuziladi. Ko‘tarilgan masalalar hudud va tarmoqlar kesimida joyiga chiqqan holda hal qilinadi.
Xalq qabulxonalariga murojaatlarni ko‘rib chiqish tartibini buzgan idoralarga majburiy bo‘lgan ko‘rsatmalar berish vakolati beriladi.
Kommunikatsiyalar departamentiga murojaatlar bilan ishlash bo‘yicha davlat idoralari reytingini yo‘lga qo‘yish va har olti oyda e’lon qilib borish topshirildi.
Bosh prokurorning komplayens bo‘yicha o‘rinbosari oldiga bu boradagi barcha topshiriqlar ijrosini qat’iy nazoratga olish vazifasi qo‘yildi.
Murojaatlar bilan ishlashda “mahalla yettiligi”ning mas’uliyati oshiriladi.
Prezident Virtual qabulxonasida har bir mahalla uchun alohida kabinet ochiladi. Uni yuritishga yoshlar yetakchisi bilan mahalla raisi mas’ul bo‘ladi. Ular kelayotgan murojaatlarning sabablarini o‘rganib, kunlik ma’lumotlarni hokimlarga taqdim qilib boradi.
Mutasaddilarga “Raqamli mahalla” tizimini Prezident Virtual qabulxonasiga to‘liq integratsiya qilish topshirildi.
Bundan buyon murojaatlarni asossiz ravishda quyi tizimlarga ko‘rib chiqish uchun yuborgan tashkilot rahbarlariga keskin chora ko‘rilishi belgilandi.
Murojaatlar to‘g‘risidagi qonunchilik talablarini buzganlik uchun jazo ham kuchaytiriladi.
Prezidentimiz bugun ijtimoiy-sotsiologik tadqiqot natijalari davlat siyosati va islohotlarining asosiy yo‘nalishlarini belgilab berishi kerakligini ta’kidladi. Shu bois, sotsiologiya fan sifatida qayta tiklandi, oliygohlarda sotsiologlar tayyorlash yo‘lga qo‘yildi.
Mazkur ishlarning mantiqiy davomi sifatida ijtimoiy-sotsiologik tadqiqotlar ko‘lami va sifati oshiriladi.
Endilikda bir martalik so‘rovlar emas, balki qayerda ishonch ortayotgani, qayerda zaiflashgani, qaysi qarorlar adolatli, qaysilari odamlarga manfaat keltirmayotgani bo‘yicha doimiy ravishda monitoring va tahlillar o‘tkaziladi.
Prezident Administratsiyasi Kommunikatsiyalar departamenti hamda Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar institutiga hudud va tarmoqlar rahbarlari reytingi metodologiyasini ishlab chiqib, tahlillar asosida reytingni shakllantirish va muntazam ravishda Prezidentga kiritib borish topshirildi.
Ijro intizomi masalalari ham ko‘rib chiqildi. Berilgan har bir topshiriqning real ijro holati bo‘yicha kundalik nazorat o‘rnatish, mas’uliyatni his qilmagan, sustkashlikka yo‘l qo‘ygan rahbarlar bo‘yicha tanqidiy, ochiq va xolis axborot kiritib borish vazifasi qo‘yildi.
Yig‘ilishda mutasaddilarning hisobotlari tinglandi.
#Shavkat Mirziyoyev