Valyuta kurslari 14/10/2025
$1 – 12149.55
UZS – 0,07%
€1 – 14087.40
UZS – 0,24%
₽1 – 150.44
UZS – 0,69%
Qidirish
Mirziyoyev suv xoʻjaligini raqamlashtirish dasturi bilan tanishdi

Mirziyoyev suv xoʻjaligini raqamlashtirish dasturi bilan tanishdi

Mirziyoyev suv xoʻjaligini raqamlashtirish dasturi bilan tanishdi

Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Prezident Shavkat Mirziyoyev 13-oktyabr kuni suv xo‘jaligi sohasini raqamlashtirish, quyi bo‘g‘inda suv resurslarini boshqarish tizimini takomillashtirish hamda sohaning xususiy sektor uchun jozibadorligini oshirish yuzasidan taqdimot bilan tanishdi.

Bugungi kunda mamlakatimizda 50 ming kilometrlik sug‘orish tarmoqlari mavjud bo‘lib, 1,6 ming nasos stansiyasi va 10 mingdan ziyod suv obyektlari faoliyat yuritmoqda. So‘nggi yillarda yurtimizda suv xo‘jaligi tizimini isloh qilish, irrigatsiya infratuzilmasini yangilash va suv resurslaridan tejamkor foydalanish borasida izchil choralar ko‘rilmoqda. Biroq quyi bo‘g‘indagi boshqaruv tizimida, jumladan, xizmat ko‘rsatish samaradorligi, hisob-kitoblar shaffofligi va moliyaviy mustaqillik bilan bog‘liq hali yechimini kutayotgan muammoli masalalar bor.

Taqdimotda sohada amalga oshirilayotgan raqamlashtirish jarayonlarini chuqurlashtirish va xizmat ko‘rsatish tizimini yanada takomillashtirishga qaratilgan chora-tadbirlar muhokama qilindi.

Yangi yondashuv asosida suv hisobini yuritish to‘liq elektron shaklga o‘tkaziladi. “Suv hisobi” axborot platformasi orqali foydalanilgan suv miqdori aniq hisoblanadi va iste’molchilarga elektron tarzda ma’lum qilinadi. Bu tizim hisob-kitoblarda inson omilini kamaytiradi, ortiqcha qog‘ozbozlikni bartaraf etadi hamda resurslardan foydalanish samaradorligini oshiradi.

Ma’lumotlarning aniqligini ta’minlash maqsadida “Raqamli qishloq xo‘jaligi” platformasi bilan integratsiya yo‘lga qo‘yiladi. Shu orqali sug‘oriladigan yerlar, ekin turlari va suv limitlari haqidagi ma’lumotlar avtomatik yangilanib boradi.

Shuningdek, sohadagi barcha ma’lumotlarni bir tizimda jamlash uchun Suv xo‘jaligi vazirligining “Suv xo‘jaligini raqamlashtirish va monitoring markazi” tashkil etiladi. Markaz suv balansi, nasos stansiyalari va suv sarfi bo‘yicha ma’lumotlarni tahlil qiladi, qaror qabul qilish jarayonlarini avtomatlashtirish imkonini yaratadi.

Bundan buyon suv xo‘jaligi sohasini raqamlashtirish masalalari bilan alohida vazir o‘rinbosari shug‘ullanadi.

Sohada “Davlat suv kadastri” axborot tizimi yaratiladi. U orqali suv resurslariga oid ma’lumotlar tegishli vazirlik va idoralardan yig‘iladi va yagona bazada shakllantiriladi. Bu, o‘z navbatida, ma’lumot almashish jarayonini soddalashtirib, hisobotlarni qog‘ozda yuritish amaliyotini qisqartiradi. “Davlat suv kadastri” tizimini 2026-yil apreliga qadar to‘liq ishga tushirish rejalashtirilgan.

Quyi bo‘g‘indagi xizmat ko‘rsatish tizimini takomillashtirish masalalari ham muhokama qilindi. Ehtiyoj va mavsumiy sharoitdan kelib chiqib, xizmatlarda shtatlarning o‘zgaruvchan boshqaruv tizimi joriy etiladi. Xizmatlarning samaradorligi KPI ko‘rsatkichlari asosida baholanadi.

2026-yildan boshlab xodimlarni rag‘batlantirish tizimi amaliy natijalarga bog‘lanadi, ya’ni yetkazilgan suv miqdori va foydalanilgan hajm o‘rtasidagi tafovut asosida baholanadi.

Muassasalarning moliyaviy mustaqilligini oshirish maqsadida suv solig‘idan tushgan mablag‘larning 40 foizini o‘zining moddiy-texnik bazasini mustahkamlashga yo‘naltirishiga ruxsat beriladi.

Suv xo‘jaligi nasos stansiyalarini davlat-xususiy sheriklik asosida boshqarish amaliyoti kengaytiriladi. 2026-yilda Jizzax, Qashqadaryo, Navoiy, Namangan, Samarqand va Sirdaryo viloyatlaridagi nasos stansiyalarning 50 foizi, 2027-yilga borib esa Namangan viloyatidagi barcha nasos stansiyalarini xususiy sheriklikka berish rejalashtirilmoqda.

Bu borada Namangan viloyatining Chortoq tumanida “bir nasos – bir tizim” tamoyili asosida “Chortoq tajribasi” amalga oshiriladi. Bunda xususiy sherik iste’molchilarni suv limiti doirasida suv bilan ta’minlaydi, nasoslarga bog‘langan maydonlardan hisoblangan suv solig‘ining 40 foizi xususiy sherikka to‘lab beriladi. Ushbu mablag‘lar hisobiga suv hisobini avtomatlashtirish va nasos stansiyalarini bosqichma-bosqich modernizatsiya qilish yo‘lga qo‘yiladi.

Tajribaning mazmun-mohiyati va afzalliklarini dehqon va fermerlarga yetkazish maqsadida “Suvchilar maktabi” loyihasi doirasida 2025-2026-yillarda har bir tumanda bittadan “o‘quv dala-shiypon” tashkil etilib, jami 141 ta tumanda 3,5 ming gektar maydon qamrab olinadi.

Prezidentimiz mutasaddilarga sohada raqamlashtirishni jadallashtirish, hisob va hisobot jarayonlarini to‘liq avtomatlashtirish, quyi bo‘g‘inda xizmat ko‘rsatish samaradorligini oshirish, davlat-xususiy sheriklikni kengaytirish va xodimlarning mas’uliyatini kuchaytirish bo‘yicha aniq topshiriqlar berdi hamda bu boradagi tegishli hujjatlarni imzoladi.

Eng so'nggi yangiliklardan xabardor bo'ling
Telegram kanalimizga obuna bo'ling