Mirziyoyev: Surxondaryoda investitsiyalar 5 milliard dollarga yetdi, xorijiy hamkorlardan yana 10 milliard dollar jalb qilish rejalashtirilgan
Mirziyoyev: Surxondaryoda investitsiyalar 5 milliard dollarga yetdi, xorijiy hamkorlardan yana 10 milliard dollar jalb qilish rejalashtirilgan
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Prezident Shavkat Mirziyoyev Surxondaryo viloyatini kompleks rivojlantirish bo'yicha yig'ilish o'tkazdi.
“Surxondaryo nafaqat tabiati go‘zal zamin, balki ruhi baquvvat, g‘ayrati baland, oriyati mustahkam insonlar yurtidir. Surxonni rivojlantirish Yangi O‘zbekistonning janubiy tayanch ustunini mustahkamlash demakdir”, – dedi davlatimiz rahbari.
O‘tgan davrda hududda 5 milliard dollarlik 8 mingdan ortiq loyiha ishga tushdi. Xitoy, AQSh, Rossiya, Hindiston, Avstriya, Vengriya kabi davlatlar bilan investitsiya va savdo bo‘yicha yana 10 milliard dollarlik kelishuvlarga erishildi.
So‘nggi to‘qqiz yilda bog‘cha qamrovi 28 foizdan 68 foizga oshdi, 23 ta yangi maktab qurildi, yana 448 tasi ta’mirlandi. Qo‘shimcha 102 ming o‘quvchi o‘rni yaratildi.
Bu davrda qurilgan 688 ta ko‘p qavatli uyga 32 ming oila ko‘chib o‘tdi. Angor, Boysun, Jarqo‘rg‘on, Sariosiyo va Termiz tumanlarida “Yangi O‘zbekiston” massivlari tashkil qilindi.
“To‘palang ombori suvidan foydalanish” loyihasi hisobiga Termiz shahri va 10 ta tumandagi 563 ming aholining ichimlik suv ta’minoti yaxshilandi.
Viloyat hokimi, tuman hokimlari oldida joriy yilda investitsiyalarni 3 milliard dollarga, eksportni 1 milliard dollarga yetkazish vazifasi turgani qayd etildi.
Hududda kambag‘allikni 2,8 foizga, ishsizlikni 4,5 foizga tushirish, Termiz shahri, Angor, Denov, Jarqo‘rg‘on, Qiziriq va Muzrabotni “kambag‘allik va ishsizlikdan xoli hudud”ga aylantirish muhim ekani ta’kidlandi.
Viloyat iqtisodiyotida sanoatning ulushi so‘nggi 9 yilda 5 karra o‘sib, 10 foizga yetdi. Lekin bu hali ham kamligi qayd etildi.
Viloyatda 100 million tonna ko‘mir zaxirasi bo‘lgani bilan yiliga atigi 1 foizi qazib olinyapti. Joriy yilda Boysundagi “Sanjar”, Oltinsoydagi “Oqsuv”, kelasi yil “Fangart” konlarida ko‘mir qazib olishni boshlash topshirildi.
Janubiy Afrikaning “Sosol” kompaniyasi ko‘mirdan polipropilen, polietilen va kauchuk ishlab chiqarishga qiziqish bildirgan. Sariosiyodagi “Qorakon”, “Jemsonit”, “Chuqur”, “Bayram-1” konlariga ham xitoylik investorlar 1 milliard dollar kiritishga tayyor.
Umuman, mazkur zaxiralar – elektrotexnika, qurilish materiallari, kimyo, metallurgiya, avtomobilsozlik tarmoqlari uchun tayyor xomashyo bazasi. Bu konlar atrofida sanoat korxonalarini joylashtirish bo‘yicha hisob-kitob qilib, kamida 200 million dollarlik loyihalarni shakllantirish topshirildi.
Boysundagi “Bezaktop” konida sifati Eron, Turkiya, Italiya bilan raqobatlasha oladigan tabiiy tosh zaxiralari o‘rganilmay turibdi. Bunday toshlar zaxirasi bo‘lgan konlarda geologiya ishlarini boshlashga ko‘rsatma berildi.
Termiz xalqaro savdo markazi katta natijalar bermoqda. O‘tgan yili markazga 800 mingdan ortiq Afg‘oniston fuqarolari tashrif buyurdi, eksport 320 million dollar bo‘ldi.
Tadbirkorlar va investorlar faoliyatini kengaytirib, Termiz xalqaro savdo markazida yirik ishlab chiqarish quvvatlarini yaratish bo‘yicha taklif bilan chiqqan.
Shu bois, markaz hududi 1 ming gektarga yetkazilishi belgilandi. Mutasaddilarga buning hisobidan markazdagi eksport hajmini joriy yil 600 million, kelasi yil 1 milliard dollarga yetkazish, qo‘shimcha 10 ming ish o‘rni yaratish topshirildi.
Yangi loyihalar hisobiga tadbirkorlar ham, savdo qilish uchun keladigan odamlar ham karrasiga oshadi. Shu munosabat bilan markazda qonun ustuvorligini ta’minlash maqsadida maxsus prokuratura va ichki ishlar bo‘limining faoliyati yo‘lga qo‘yiladi.
Endilikda markaz hududidagi tovar savdosi va xizmatlar eksport sifatida baholanadi, ularga nisbatan ham qo‘shilgan qiymat solig‘i “nol” stavkada qo‘llanadi.
Viloyatdagi 49 ming gektar tomorqaning 35 ming gektarida 3-4 marta hosil olinmoqda. Bunday ko‘rsatkich birorta viloyatda yo‘q.
Termiz tumanidagi “Tomorqa maktabi”da tomorqaga ilm bilan yondashib, bir yilda 5 martagacha ekin ekish o‘rgatilyapti. Mazkur tajriba butun Surxondaryoda yo‘lga qo‘yilsa, mahsulot yetishtirish ham, eksport ham, eng asosiysi, dehqonlarning daromadi ham ko‘payishi ta’kidlandi.
Xuddi Termiz tumanidagi kabi Angor, Uzun, Denovda “Tomorqa maktablari”ni tashkil qilish, ularda yiliga 10 ming aholini o‘qitish topshirildi. Umuman, Termiz tumani tajribasi asosida har bir viloyatda 2 tadan “Innovatsion tomorqa maktablari” ishga tushiriladi.
Denov, Oltinsoy, Sariosiyo, Uzun tumanlaridagi 5 ming gektarda limonchilik plantatsiyasi tashkil qilinadi, Oltinsoydagi 6 ming gektarda eksportbop uzum yetishtirish bo‘yicha uch yillik dastur ishlab chiqiladi.
Uzun tumanida Yaponiya tajribasi asosida yaratilgan quritilgan xurmo va anjirning milliy brendini targ‘ib qilish muhimligi ta’kidlandi.
Surxondaryo sharoitida issiqxonadan mahsulot olish boshqa joylardan 2-3 barobar arzon tushadi.
Bu yil Ispaniyaning Almeriya hududi tajribasi asosida 1 ming gektarda quyoshda isitiladigan issiqxonalar tashkil qilinadi. Bunday issiqxona quradigan tadbirkorlarga yerlar 5 yilga bepul ijaraga beriladi, ular yer osti suvi uchun to‘lovdan 3 yilga ozod qilinadi.
Surxondaryoda ishga solinmagan yana bir katta imkoniyat – uning yaylovlari.
Masalan, Boysunda 197 ming gektar yaylovlar bor. Agar Darband daryosidagi nasoslarni tiklab, suv chiqarilsa, 10 ming gektar yaylovni foydalanishga kiritish, shundan 1,5 ming gektarida kartoshka, qolgan qismida ozuqabop ekin ekish imkoni mavjud.
Endilikda zaxiradagi yaylov yerlarini o‘zlashtirish uchun boshlang‘ich narxi normativ qiymatning 1 foizi miqdorida belgilanib, auksionga chiqarilishi ta’kidlandi.
Yerni auksiondan olgan tadbirkorlarga 10 yilga, 4 yillik imtiyozli davr bilan 14 foizli kredit ajratiladi. Har o‘n gektarga suv olib kelish uchun 120 million so‘mgacha subsidiya beriladi.
Bu orqali uch yillik dastur doirasida 58 ming gektar yaylovni aylanmaga kiritish, bu yerda 300 ming bosh qo‘y-echki boqishni yo‘lga qo‘yish topshirildi.
Yiliga 45 ming tonna parranda go‘shtiga ehtiyoji bo‘lgan Surxondaryoda birorta yirik parrandachilik kompleksi yo‘qligi ko‘rsatib o‘tildi.
Joriy yil viloyatda 60 million dollarlik 18 ta parrandachilik kompleksi va naslchilik loyihalarini ishga tushirish rejasi belgilab olindi.
Surxondaryoda tabiat erta uyg‘ongani bois, asalarichilar uchun mavsum shu yerdan boshlanadi. Agar naslli ona ari genetikasi viloyatda yo‘lga qo‘yilsa, sohada “katta sakrash” bo‘ladi.
Shu munosabat bilan ona arining nasllarini olib kelish, 150 ming nasldor asalari paketini ishlab chiqarish bo‘yicha 30 ta loyihani boshlash topshirildi.
Surxondaryodagi eng og‘riqli masalalardan biri yo‘l va transport infratuzilmasi ekani qayd etildi.
Ikki yil oldin Osiyo taraqqiyot banki bilan 183 million dollar hisobiga Boysun va Denovni bog‘lovchi yo‘lning 111 kilometr qismini sement-beton qoplamaga o‘tkazish loyihasi boshlangan. Bu yo‘l ishga tushsa, yuk hajmi 2 karra oshadi, tashish vaqti 3 soatdan 1,5 soatga qisqaradi.
Yurtimizni Afg‘oniston va Tojikiston bilan bog‘laydigan 178 kilometrli magistral yo‘l 30 yildan buyon kapital ta’mirlanmagan. Mutasaddilarga qurilish ishlarini uch oy ichida boshlash topshirildi.
Toshkent – Termiz yo‘nalishidagi yo‘lovchi poyezd 14 soatdan ko‘p harakatlanadi. Koreyalik hamkorlar bilan zamonaviy tezyurar poyezdlar olib kelish bo‘yicha kelishuvga erishilgan. “Toshg‘uzor – Boysun – Qumqo‘rg‘on” uchastkasini tezyurar poyezdga moslash bo‘yicha loyihani shu yil boshlash, 103 kilometr bo‘lgan “Qumqo‘rg‘on – Quduqli” temir yo‘lini elektrlashtirish ishlariga kirishish topshirildi.
Termiz – Istanbul, Termiz – Dubay yo‘nalishlarida yangi reyslar qo‘yilishi belgilandi.
Sho‘rchi, Denov, Sariosiyo, Sherobod va Boysundan kuniga 100 ming odam viloyat markaziga yengil mashinada kelib-ketyapti. Surxondaryoga olib kelinayotgan 125 ta avtobusni birinchi navbatda ushbu yo‘nalishlarga qo‘yish topshirildi.
Yil oxirigacha Muzrabotdagi 56 ming aholiga ilk bor markazlashgan ichimlik suvi yetkazib berish loyihasi yakuniga yetkaziladi.
Muzrabot, Oltinsoy, Angor, Qiziriq va Boysun markazlariga kanalizatsiya olib borish loyihasi boshlanadi.
“Mustaqillikning 25 yilligi” yirik gazni qayta ishlash majmuasidagi texnologik murakkab masalaga hamkorlar bilan ilmiy yechim topilgani qayd etildi.
“Biz avariyani ham to‘xtatamiz, Surxondaryo iqtisodiyotiga katta turtki beradigan loyihani ham boshlaymiz”,– dedi Prezidentimiz.
Surxondaryoning turizm salohiyatini ishga solib, yiliga 1 milliard dollarlik tushum qilsa bo‘ladi.
Viloyatda Al-Hakim at-Termiziy, Sulton Saodat, Kokildor ota, Qirq qiz singari 150 dan ziyod madaniy meros obyekti joylashgan. Hisor, Boysuntog‘, Ko‘hitang, Bobotog‘da alpinizm, trekking, ekoturizm uchun juda katta imkoniyat bor.
Yigirma olti asrlik tarixga ega Eski Termiz yodgorligi to‘liq o‘rganilmagan. Buddizm madaniyatiga oid Fayoztepa, Qoratepa, Dalvarzin, Zurmala kabi yodgorliklarning turizm salohiyatidan foydalanib, Yaponiya, Koreya, Xitoy, Tailanddan yiliga 500 ming sayyoh jalb qilish mumkin.
Mutasaddilarga Yaponiya turagentlari bilan turizm marshruti ishlab chiqib, muzey, o‘zbek-yapon oshxonasi va Yapon bog‘i tashkil qilish bo‘yicha loyihalarni boshlash topshirildi.
Polvonlar yurti Surxondaryoda 8 mingdan ortiq yoshlar kurash bilan doimiy ravishda shug‘ullanadi. Joriy yilda Denovdagi “Zamondosh” oromgohi negizida kurashchilar uchun zamonaviy o‘quv-mashg‘ulot bazasini qurib berish topshirildi.
Boysundagi maktab-internatda kurash bilan shug‘ullanayotgan yoshlar uchun shu yerning o‘zida ta’lim olish imkoniyatini yaratish kerakligi qayd etildi. Yangi o‘quv yilidan ushbu maktab-internatda sport bilan birga maktab darslari ham yo‘lga qo‘yiladi.
Davlatimiz rahbari kecha Jarqo‘rg‘onda yoshlarni xorijiy til va AT kurslariga o‘qitayotgan xususiy o‘quv markazi faoliyati bilan tanishdi.
Birgina mana shu o‘quv markazi 8 mingdan ziyod yoshlarni o‘qitgan. Mamlakatimiz aholisining 60 foizini yoshlar tashkil qilishini inobatga olsak, bu kabi o‘quv muassasalarini yanada ko‘paytirish kerakligi qayd etildi.
Bunday markazlarni ko‘paytirish uchun joyi, kreditiga ko‘maklashish, ularning manfaatini himoya qilish, zamonaviy standartlarni joriy etish zarur.
Shu maqsadda O‘quv markazlari uyushmasi tashkil qilinadi. Bu yil uyushmaga 100 million dollar mablag‘ jalb qilinadi. Ushbu mablag‘lar o‘quv markazi tashkil qilmoqchi bo‘lgan tadbirkorlarga arzon kredit, subsidiya, joy ijarasining kompensatsiyasi uchun yo‘naltiriladi.
Yig‘ilishda viloyat faollari, yoshlar va nuroniylar bilan muloqot qilindi, hokimlar va mutasaddilarning hisobotlari tinglandi.
#Shavkat Mirziyoyev