Mirziyoyev Qashqadaryo iqtisodiyoti va infratuzilmasini rivojlantirish masalalarini muhokama qildi
Mirziyoyev Qashqadaryo iqtisodiyoti va infratuzilmasini rivojlantirish masalalarini muhokama qildi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Prezident Shavkat Mirziyoyev 10-mart kuni qishloq va suv xoʻjaligi uchun muhandis kadrlar tayyorlash tizimini takomillashtirish yuzasidan takliflar taqdimoti bilan tanishdi.
Koʻp sohalarda ilm real hayotdan uzoqlashib ketgani, qishloq va suv xoʻjaligida ham ayrim yirik loyihalarni amalga oshirishda ilmiy asoslash va ekspertizaga yetarlicha eʼtibor qaratilmayotgani, olimlar va tadqiqotchilarning salohiyatidan toʻliq foydalanilmayotgani qayd etildi. Natijada baʼzi loyihalar kutilgan samarani bermayotgani taʼkidlandi.
Hozirgi kunda “Toshkent irrigatsiya va qishloq xoʻjaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti” milliy tadqiqot universitetida 11 mingdan ortiq talaba tahsil olmoqda, 7 ta fakultet, 37 ta kafedra va 38 ta taʼlim yoʻnalishi faoliyat yuritmoqda. Bitiruvchilarning bandlik darajasi 93 foizni tashkil etadi. Universitetda xorijlik talabalar va professor-oʻqituvchilarning soni ham izchil oshib bormoqda.
Shu bilan birga, muhandis kadrlarni tayyorlashda nazariya va amaliyot uygʻunligini taʼminlash maqsadida dual taʼlim tizimini keng joriy etish zarurligi koʻrsatib oʻtildi.
Taklif etilgan yangi tizimga koʻra, talabalar 4 kun nazariy bilim oladi, 2 kun ishlab chiqarish korxonalarida haq toʻlanadigan amaliyot oʻtaydi. Jumladan, suv xoʻjaligi yoʻnalishida suvni tejash va sugʻorishni samarali tashkil etish, gidrotexnika va gidroenergetika sohasida kanallarni betonlash, smeta tuzish va kichik gidroelektr stansiyalar qurilishida ishtirok etish, qishloq xoʻjaligini mexanizatsiyalash yoʻnalishida texnikalarni tayyorlash va hosilni yigʻishtirish ishlarida qatnashish imkoniyati yaratiladi.
Mamlakatimiz suv resurslarining katta qismi transchegaraviy manbalarga bogʻliqligi koʻrsatib oʻtildi. Shu bois, suv resurslari sohasida diplomat kadrlarni tayyorlash muhim strategik vazifalardan biri ekani taʼkidlandi.
Universitetda tashkil etilgan “Xalqaro suv diplomatiyasi” magistratura dasturini kengaytirish va davlat granti asosidagi qabul oʻrinlarini koʻpaytirish taklifi maʼqullandi. Bu dastur orqali qo‘shni davlatlar uchun yuqori malakali mutaxassislar tayyorlash koʻzda tutilgan.
Taqdimotda universitetning ilmiy-innovatsion salohiyatini kuchaytirishga qaratilgan yangi tashabbuslar ham maʼlum qilindi. Xususan, dronlardan foydalanib, ekin maydonlarini monitoring qilish, hosildorlikni prognozlashtirish, zararkunandalarga qarshi kurashish kabi xizmatlarni, kosmik monitoring maʼlumotlari asosida ilmiy tavsiyalar ishlab chiqishni yoʻlga qoʻyish rejalashtirilgan.
Shu maqsadda universitetda dronlarni boshqarishga oʻqitish kurslari joriy etiladi, kosmik tadqiqotlar va sunʼiy yoʻldoshlar laboratoriyasi, kompleks ilmiy-tadqiqot laboratoriyalari tashkil etiladi.
Bundan tashqari, universitetda raqamli boshqaruv va KPI tizimlarini joriy etish, taʼlimning uzluksiz “maktab – texnikum – universitet – ishlab chiqarish” zanjiri asosida kadrlar tayyorlash tizimini shakllantirish boʻyicha rejalar ham maʼlum qilindi.
Taqdimot yakunida davlatimiz rahbari qishloq va suv xoʻjaligi sohalari uchun muhandis kadrlar tayyorlash tizimini takomillashtirish, ilm-fan va amaliyot uygʻunligini taʼminlash hamda ilgʻor texnologiyalarni keng joriy etish boʻyicha mutasaddilarga tegishli koʻrsatmalar berdi.
#Shavkat Mirziyoyev