Valyuta kurslari 09/07/2025
$1 – 12712.09
UZS – 0,28%
€1 – 14927.81
UZS – 0,36%
₽1 – 162.64
UZS – 1,0%
Qidirish
Iqtisod 09/07/2025 Mirziyoyev O‘zbekistonning uglerod aktivlari savdosida ishtirok etish mexanizmini tasdiqladi

Mirziyoyev O‘zbekistonning uglerod aktivlari savdosida ishtirok etish mexanizmini tasdiqladi

Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev «Xalqaro uglerod birliklari bozorida ishtirok etish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi farmonni imzoladi.

Ushbu hujjat orqali O‘zbekistonning Parij kelishuvining 6-moddasida nazarda tutilgan hamkorlik mexanizmlari doirasida xalqaro uglerod birliklari (ITMO) muomalasi tizimida ishtirok etishining huquqiy va institutsional mexanizmi belgilandi.

Parij kelishuvining mazkur moddasi mamlakatlarga issiqxona gazlari chiqindilarini qisqartirish bo‘yicha choralarni birgalikda amalga oshirish, shuningdek, erishilgan xalqaro natijalardan (ITMO) Milliy aniqlangan hissalar (NDC) doirasidagi majburiyatlarni bajarish uchun foydalanish imkoniyatini beradi.

Farmonga muvofiq, O‘zbekistonda uglerod birliklari bilan amalga oshiriladigan operatsiyalarda ishtirok etish uchun subyektlarni qabul qilish tartibi joriy etiladi, ularni taqsimlash tamoyillari belgilanadi hamda davlat ishtirokidagi loyihalar doirasida shakllantirilgan ITMO‘larni sotish mexanizmlari joriy qilinadi. Shuningdek, mazkur jarayonlarni tartibga soluvchi normativ-huquqiy hujjatlarni ishlab chiqish vazifasi Vazirlar Mahkamasiga yuklatildi.

O‘zbekistonning xalqaro uglerod birliklari bozoridagi ishtirokini tartibga solish, nazorat qilish va muvofiqlashtirish yuzasidan vakolatlar va vazifalar belgilab berildi.

Iqtisodiyot va moliya vazirligi Parij kelishuvining 6-moddasida nazarda tutilgan Barqaror rivojlanishga ko‘maklashish mexanizmlarini amalga oshirishni muvofiqlashtirish uchun vakolatli organ etib tayinlandi.

Ushbu vazirlik uglerod birliklarini shakllantirish loyihalarini amalga oshirish va ularni xalqaro savdo platformalarida sotishni tashkil etish vazifalarini bajaradi.

2026 yildan boshlab O‘zbekistonda Milliy uglerod birliklari reyestri yaratiladi. U ushbu iqlim aktivlarini chiqarish, muomala va sotish bilan bog‘liq barcha operatsiyalarni hisobga oluvchi markazlashgan vosita bo‘ladi.

Eng so'nggi yangiliklardan xabardor bo'ling
Telegram kanalimizga obuna bo'ling