Valyuta kurslari 17/10/2025
$1 – 12160.99
UZS – -0,59%
€1 – 14178.50
UZS – -0,39%
₽1 – 153.92
UZS – -0,59%
Qidirish
Mirziyoyev: O‘tgan sakkiz yilda iqtisodiyotga 130 milliard dollar sarmoya jalb etildi, millionlab ish o‘rinlari yaratildi

Mirziyoyev: O‘tgan sakkiz yilda iqtisodiyotga 130 milliard dollar sarmoya jalb etildi, millionlab ish o‘rinlari yaratildi

Mirziyoyev: O‘tgan sakkiz yilda iqtisodiyotga 130 milliard dollar sarmoya jalb etildi, millionlab ish o‘rinlari yaratildi

Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Ayni paytda Prezident Shavkat Mirziyoyev kasaba uyushmalari vakillari bilan uchrashuv o‘tkazmoqda.

Davlatimiz rahbari kasaba uyushmalarining ko‘p millionli aʼzolariga o‘zining yuksak hurmati va ezgu tilaklarini bildirdi.

“Biz bugungi kunda o‘z oldimizga ulkan marralar qo‘yib, Yangi O‘zbekistonni barpo etish yo‘lidan oldinga qarab dadil qadam tashlayapmiz.

Dunyoda geosiyosiy va iqtisodiy keskinlik avj olib borayotgan hozirgi murakkab davrda yurtimizda tinchlik va xotirjamlikni mustahkamlab, ko‘p millatli xalqimiz hayotini yana-da yaxshilashga mahkam bel bog‘laganmiz.

Qanchalik qiyin bo‘lmasin, birgalikda qattiq mehnat qilib, turli sinov va mashaqqatlardan munosib tarzda o‘tib bormoqdamiz.

Bu borada mehnatkash va bag‘rikeng xalqimiz, har bir yurtdoshimizning o‘rni, qo‘shayotgan hissasi beqiyos, albatta.

Bugungi davramizda o‘z hayotini inson mehnatini, uning qonuniy manfaatlarini himoya qilishdek ezgu ishga bag‘ishlagan, sohada uzoq yillar samarali xizmat qilib, hurmat va eʼtibor topgan ko‘plab odamlarni ko‘rib turibman”, - dedi davlatimiz rahbari.

“Inson mehnati, uning qadr-qimmati qanday bebaho boylik ekanini sizlar hammadan ko‘ra yaxshi bilasiz”, - dedi Prezident kasaba uyushmalari vakillari bilan uchrashuvda.

Yurtimizda xalqparvar, ijtimoiy davlat qurish, inson qadrini ulug‘lash barcha islohotlarimizning bosh maqsadiga aylangan  hozirgi kunda ularning boy bilim va tajribasi juda muhim.

Fursatdan foydalanib, davlatimiz rahbari har bir korxona va tashkilotga ishchanlik muhitini, mehnat jamoalariga rag‘bat va adolat ruhini olib kirayotgan kasaba uyushmalari faollariga chin dildan minnatdorchilik bildirdi.

Islohotlarning ilk kunlaridan “Inson qadri uchun” degan ezgu g‘oyani amalga oshirish uchun, avvalo, iqtisodiy-ijtimoiy sohalarni rivojlantirishga ustuvor eʼtibor qaratildi.

Bu yo‘ldagi saʼy-harakatlar tufayli sakkiz yilda iqtisodiyotimizga 130 milliard dollar investitsiya kirib keldi, minglab yangi quvvatlar ishga tushirildi, millionlab doimiy ish o‘rni yaratildi.

Xususiy sektorga keng yo‘l ochilib, odamlarga munosib mehnat sharoiti yaratib berilgani uchun jon boshiga daromad 3,5 ming dollarga yetdi.

Har bir insonning huquq va erkinligini taʼminlash, mehnatini muhofaza qilish, kafolatlangan ijtimoiy himoyadan foydalanishi uchun mustahkam qonuniy asoslar yaratildi.

Ayniqsa, yangilangan Konstitutsiya, yangi tahrirdagi Mehnat kodeksi, “Aholi bandligi to‘g‘risida”gi, “Kasaba uyushmalari to‘g‘risida”gi qonunlar qabul qilingani bu yo‘nalishdagi muhim qadamlar bo‘ldi.

Parlament huzuridagi Jamoatchilik ekspert kengashlari tarkibiga kasaba uyushmalari vakillari ham kiritildi. Bu esa qonunlarni qabul qilishda xodimlar manfaati yana-da ishonchli himoya qilinishiga xizmat qilmoqda.

Yangi O‘zbekistonda erkin va kuchli fuqarolik jamiyatini shakllantirish ham yetakchi yo‘nalish bo‘lib qolmoqda. Ijtimoiy institutlarni qo‘llab-quvvatlash hajmi 2017 yilga nisbatan 100 karra oshib, bu yil 1 trillion 200 milliard so‘mga yetdi.

Ayni vaqtda fuqarolik jamiyati institutlari faoliyatiga aralashgani, jamoatchilik nazorati natijalarini ko‘rib chiqmagani uchun javobgarlik belgilandi.

Taʼkidlash joizki, O‘zbekiston – Xalqaro mehnat tashkiloti standartlarini qabul qilayotgan eng faol davlatlar safidan joy olayotgani dunyo hamjamiyati tomonidan ham eʼtirof etilmoqda. Sakkiz yil oldin ushbu tashkilotning O‘zbekiston tomonidan ratifikatsiya qilingan hujjatlari soni 12 ta bo‘lgan bo‘lsa, hozirgi kunda 25 taga yetdi.

“Bolalar mehnati va majburiy mehnatga to‘liq barham berish uzoq yillar biz uchun eng og‘riqli masala bo‘lib kelgan edi. Faqat kuchli iroda, qatʼiy pozitsiyamiz orqali biz bu murakkab muammoni ijobiy hal qildik”, - dedi Prezident.

O‘zbekistonning bolalar mehnati va majburiy mehnatga barham berish bo‘yicha ilg‘or tajribasi Xalqaro mehnat tashkiloti tomonidan namuna sifatida boshqa davlatlarga tavsiya etilgani ham shundan dalolat beradi.

O‘zbek paxtasi dunyodagi ko‘plab nufuzli brend kompaniyalarning “qora ro‘yxati”dan chiqarildi. “Cotton campaign” tashkiloti O‘zbekistonga qo‘yilgan taqiqni butunlay bekor qildi.

O‘zbekiston sanoqli davlatlar qatorida Birlashgan Millatlar Tashkilotining “Adolatli o‘tish jarayonlari uchun ish o‘rinlari yaratish va ijtimoiy himoya bo‘yicha global akselerator” tashabbusida ishtirok etmoqda, Xalqaro mehnat tashkilotining “Ijtimoiy adolat bo‘yicha global koalitsiyasi”da qatnashmoqda, mamlakatimiz o‘tgan yili ushbu tashkilotning Maʼmuriy Kengashi aʼzoligiga saylandi.

“Hech shubhasiz, biz erishayotgan natijalarda 8 millionga yaqin aʼzoga ega, eng xalqchil va katta nodavlat tashkiloti bo‘lgan kasaba uyushmalarining munosib hissasi bor.

Biz O‘zbekistonda kasaba uyushmalarining erkin va mustaqil faoliyat yuritishi uchun barcha sharoitlarni yaratib berdik va mana shu prinsiplarga hamisha sodiqmiz. Bundan buyon ham kasaba uyushmalariga birlashish huquqini taʼminlash, ularning faoliyatiga aralashmaslik bo‘yicha siyosatni qatʼiy davom ettiramiz”, - dedi Prezident.

Davlatimiz rahbari kasaba uyushmalarining korxona va tashkilotlarda mehnatga oid huquqlarni himoya qilishdagi jonbozligini alohida qayd etdi.

Keyingi yillarda 500 mingga yaqin xodimning qonuniy huquqlari himoya qilindi, ularning  foydasiga 267 milliard so‘m undirib berildi.

Shuningdek, ishdagi baxtsiz hodisalar tufayli jabrlangan 1 ming nafar xodimga 35 milliard so‘m tovon puli to‘lab berilgan.

Bundan tashqari, nohaq bo‘shatilgan 13 ming xodim ishga tiklangan.

To‘rt yil oldin Mehnat va ijtimoiy munosabatlar akademiyasi tashkil etilgani kasaba uyushmalari faoliyatida yangi yo‘nalish bo‘ldi. Prezident oliygoh bitiruvchilari korxona va tashkilotlarda mehnat huquqlari himoyachisiga aylanib, bu sohada qonuniylikni mustahkamlashga munosib hissa qo‘shishiga ishonch bildirdi.

Kasaba uyushmalari faoliyatining yangi qirralari nafaqat yurtimizda, balki xalqaro miqyosda ham ularning o‘rni va nufuzi ortib borishiga xizmat qilmoqda.

Federatsiya tashabbusi bilan 2021 yilda Toshkent shahrida Markaziy Osiyo davlatlari kasaba uyushmalari kengashi tuzildi.

2023 yilda Samarqand shahrida Turkiy davlatlar kasaba uyushmalari tashkilotiga asos solindi.

Federatsiya o‘tgan yili Xalqaro kasaba uyushmalari konfederatsiyasiga aʼzo bo‘lgani uning dunyodagi mavqeini yangi bosqichga olib chiqadigan tarixiy voqea bo‘ldi.

Federatsiyaning ijtimoiy himoya, gender tenglikni taʼminlash, xodimlar va ularning oila aʼzolarini sog‘lomlashtirish, madaniyat va sportni rivojlantirish borasidagi saʼy-harakatlari ham to‘liq qo‘llab-quvvatlandi.

Davlatimiz rahbari kasaba uyushmalari faoliyatini yana-da rivojlantirish va mehnat munosabatlarini yaxshilash bo‘yicha kelgusi vazifalarni muhokama qildi.

Iqtisodiyot barqaror o‘sib bormoqda. Aholi turmush farovonligini shunga mos ravishda oshirish uchun mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdori ham har yili ko‘paytirib borilmoqda. Lekin bu masalalar ko‘pincha bir tomonlama, yaʼni, davlat idoralarining hisob-kitobi va taklifi bilan hal qilinmoqda.

Shu bois, kelgusi yildan mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdoriga oid qonunchilik hujjatlari loyihasini ishlab chiqishga Ijtimoiy-mehnat masalalari bo‘yicha uch tomonlama respublika komissiyasini (Kasaba uyushmalari federatsiyasi, Bandlik vazirligi, Ish beruvchilar konfederatsiyasi) ham jalb qilish taklif qilindi.

Bu mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdorini belgilashda xodimlar manfaatini kafolatli himoya qilish bo‘yicha yangicha yondashuv bo‘ladi.

“Inson qadri, uning hayot sifati faqat ish haqi bilan emas, balki ijtimoiy muhit bilan ham belgilanadi.

Buning uchun xodimlarni uy-joy, sifatli taʼlim, tibbiyot va transport xizmatlari bilan kafolatli taʼminlab, eng muhim hayotiy ehtiyojlariga yetadigan daromad topishiga sharoit yaratib berishimiz zarur”, - dedi Prezident.

Globallashuv va raqamli taraqqiyot sharoitida mehnat munosabatlari sohasida yangi shakllar ham keng ommalashmoqda.

Imkoniyat va sharoit yaratib berilgani tufayli bugungi kunda 6 millionga yaqin aholi o‘zini o‘zi band qilib, ro‘zg‘or tebratmoqda.

Masalan, hozirgi vaqtda odamlarimiz dasturchi, veb-dizayner, hunarmand, taksi haydovchisi, kuryer kabi o‘nlab kasblarda platformali bandlik asosida ishlamoqda. Ko‘plab fuqarolarimiz, ayniqsa, xotin-qizlar masofadan turib mehnat qilishni o‘rgandi. Mahallalarni “drayver” sohalarga ixtisoslashtirish hisobidan 1,5 million oila o‘z xonadonida ishlab, daromad olmoqda.

Bugun ushbu yo‘nalishlar iqtisodiy taraqqiyotimizning bir qismiga, ularda faoliyat yuritayotgan odamlar esa mehnat munosabatlarining teng huquqli subyektiga aylanmoqda.

Endi kasaba uyushmalari ham mahallalar bilan yaqindan ishlaydigan samarali tizimni yo‘lga qo‘yish taklif qilindi.

Bandlik vazirligiga kasaba uyushmalari bilan birgalikda platformalarda faoliyat yuritayotgan fuqarolarning mehnat huquqlarini himoya qilish va mehnat muhofazasini taʼminlash, ularning hayoti, xavfsizligini sug‘urtalash bo‘yicha asoslangan takliflarni Hukumatga kiritish topshirildi.

Kasaba uyushmalari o‘tgan davrda xotin-qizlar mehnatini muhofaza qilish bo‘yicha katta tajriba to‘pladi. Xususan, ular “Ayollar daftari” orqali 4,5 million ehtiyojmand, kam taʼminlangan xotin-qizlarga yordam ko‘rsatishda bosh-qosh bo‘ldi.

Xotin-qizlarning faol ijtimoiy qatlam bo‘lib shakllanishida kasaba uyushmalarini yetakchi kuchga aylantirish uchun bugun barcha imkoniyatlar mavjudligi ko‘rsatib o‘tildi. Bu borada “Kasaba uyushmalari – ayollar manfaati yo‘lida” degan shior asosida yangi tizimni yo‘lga qo‘yish taklif etildi.

Prezidentimiz ushbu tizim doirasida Xotin-qizlarni ijtimoiy-iqtisodiy qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha komissiya va Federatsiyani mehnat bozorida xotin-qizlar uchun teng imkoniyatlar yaratish, ularning hayotda o‘z o‘rnini topishiga va ijtimoiy faolligini oshirishga ko‘maklashish bo‘yicha yangi yondashuvlarni joriy etishga chaqirdi.

Uy-joy va yashash sharoitini yaxshilashga, tibbiy, psixologik, huquqiy yordamga muhtoj, tazyiq va zo‘ravonlikka uchragan ayollarni ham “Ayollar daftari” orqali qo‘llab-quvvatlash, qishloq joylarida ayollar bandligi va tadbirkorligini qo‘llab-quvvatlash dasturlarini yana-da kengaytirish taklif qilindi.

Har yili mehnat jamoalaridagi gender audit natijalarini muhokama qilib, ish beruvchilar bilan birgalikda xotin-qizlarga yana-da qulay mehnat sharoitlarini yaratish, 14 ta tarmoq kasaba uyushmalari bo‘yicha gender tenglikni taʼminlash uchun manzilli strategiyalar ishlab chiqish muhimligi taʼkidlandi.

Kasaba uyushmalari – mehnat muhofazasi bo‘yicha jamoatchilik nazoratini olib boradigan eng katta tashkilot.

So‘nggi besh yilda ular tomonidan korxona va tashkilotlarda 152 mingta qonun buzilishi aniqlangan. Aslida, bunday holatlar ancha ko‘pligi, sudlar tomonidan uch yilda 48 mingdan ziyod mehnat nizolari ko‘rib chiqilgani qayd etildi.

Kasaba uyushmalari yarashtiruvchi, murosaga keltiruvchi bo‘g‘in sifatida ish beruvchi va xodim o‘rtasidagi nizolarni sudgacha hal qilishda faollik ko‘rsatishi maqsadga muvofiq ekani taʼkidlandi.

Shu bilan birga, ish bilan bog‘liq baxtsiz hodisalar va kasbga oid kasalliklar haqidagi maʼlumotlarning yaxlit tizimi yo‘qligi ko‘rsatib o‘tildi.

Masalan, baxtsiz hodisalar hisobi va ularning sababini o‘rganish o‘ttiz yil oldin qabul qilingan hukumat qaroridagi eskirgan normalar asosida qog‘ozda yuritilmoqda.

Masʼul vazirlarga kasaba uyushmalari bilan birga baxtsiz hodisa va kasbga oid kasalliklarga chalinish holatlari haqidagi maʼlumotlarni olishning yagona tizimini ishga tushirish hamda bunday hodisalar hisobotini yuritish, sabablarini tahlil qilish va unga yechim topish bo‘yicha qaror loyihasini kiritish topshirildi.

Hozirda Federatsiya tarkibida 14 ta tarmoq kasaba uyushmasi faoliyat yuritmoqda.

“Afsuski, tegishli tarmoqlarda mehnat qilayotgan xodimlar huquqlarini ishonchli taʼminlaydigan tashabbuslarni ilgari surishda ularning ovozi eshitilmayapti.

Ko‘ryapsizlar, iqtisodiyotimizga yangi-yangi soha va yo‘nalishlar, shunga mos tarzda yangi kasblar, zamonaviy texnologiyalar jadal kirib kelmoqda.

Ana shunday sharoitda tarmoq kasaba uyushmalari vazirlik va idoralar bilan hamkorlik qilib, ularning oldiga aniq vazifalar qo‘yib borishi kerak emasmi?

Shuning uchun, vazirlik va idoralar hamda tarmoq kasaba uyushmalari kollegial organlarining qo‘shma yig‘ilishini doimiy ravishda o‘tkazib boradigan tizimni yo‘lga qo‘yishni taklif etaman”, - dedi Prezident.

Bunday muloqot shakli “davlat – ish beruvchilar – mehnat jamoalari” o‘rtasidagi o‘zaro ishonch va hamkorlikni mustahkamlab, samarali mexanizmga aylanishiga ishonch bildirildi.

Xalqaro mehnat tashkiloti bilan hamkorlikda O‘zbekistonda munosib mehnat bo‘yicha 2030 yilgacha mo‘ljallangan dastur ishlab chiqilmoqda.

Bundan ko‘zlangan asosiy maqsad — mehnat sohasida inson qadrini oshirish, barcha fuqarolar uchun adolatli va xavfsiz mehnat sharoitlarini yaratishdan iborat.

Shu bois, Kasaba uyushmalari, Bandlik vazirligi, Ish beruvchilar konfederatsiyasi dasturda munosib bandlik, mehnat muhofazasi, ijtimoiy sug‘urta, gender tenglik, yoshlar va inklyuzivlik masalalariga alohida eʼtibor qaratishi zarurligi taʼkidlandi.

Bundan tashqari, raqamlashtirish, sunʼiy intellekt va “yashil” iqtisodiyot jadal rivojlanayotgan sharoitda mehnat munosabatlari ham shunga mos ravishda yo‘lga qo‘yilishi kerak.

Ishlab chiqilayotgan “Munosib mehnat” dasturi jadal o‘sib borayotgan iqtisodiyotimizni ijtimoiy adolat bilan uyg‘unlashtiradigan strategik “yo‘l xaritasi” bo‘lishi aytildi.

Turli sabablar bilan ishsiz qolgan, mehnat jarayonida kasallik yoki nogironlikka chalingan odamlarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash kafolatlarini kuchaytirish ham dolzarb vazifadir.

Shu bois, to‘g‘ridan to‘g‘ri amal qiluvchi “Davlat ijtimoiy sug‘urtasi to‘g‘risida”gi Qonun qabul qilinishini tezlashtirib, unda ijtimoiy sug‘urta jamg‘armasini shakllantirishda ish beruvchi va xodimlar ishtiroki aniq belgilab berilsa, adolatdan bo‘lishi taʼkidlandi.

Yana bir masala – axborot kommunikatsiyalari shiddat bilan rivojlanib borayotgan hozirgi davrda odamlarga ishonchli maʼlumotlarni o‘z vaqtida, to‘g‘ri yetkazish juda muhim.

Kasaba uyushmalarida buning uchun imkoniyat ham, sharoit ham, salohiyat ham yetarli ekani taʼkidlandi.

Eng katta auditoriyaga ega bo‘lgan kasaba uyushmalari halol va fidoyi mehnatni targ‘ib qilish hamda mehnat munosabatlarida qonuniylikni taʼminlashga oid axborotlarni jamoatchilikka birinchilardan bo‘lib yetkazib borishi kerakligi qayd etildi.

Kasaba uyushmalari tizimidagi 30 dan ortiq sanatoriy va 100 dan ziyod bolalar oromgohlari xodimlar va ularning farzandlari salomatligini tiklab, hordiq chiqarishlari uchun xizmat qilmoqda.

So‘nggi besh yilda sanatoriylarda 900 mingga yaqin aholi o‘z salomatligini tikladi, oromgohlarda esa 800 ming bola dam oldi.

Yaqinda Issiqko‘lda “Bo‘ston-Rezort” pansionati ishga tushirilgani yurtdoshlarimiz uchun yana bir qulaylik bo‘ldi. Shu bilan birga, bu O‘zbekiston va Qirg‘iziston munosabatlari mustahkamlanib borayotgani ramziga aylandi.

Lekin, kasaba uyushmalari infratuzilmasi aholimiz ehtiyojlarini to‘liq qamrab olmayotgani qayd etildi.

Davlatimiz rahbari hokimlarni chetda turmasdan, har yili o‘z hududida kasaba uyushmalari bilan birgalikda yoki davlat-xususiy sheriklik yordamida zamonaviy loyihalar asosida bittadan sanatoriy va oromgoh qurish bo‘yicha alohida dastur tasdiqlashga chaqirdi.

“Hayot bir haqiqatni doimo taʼkidlab keladi: tarixni puxta bilmasdan turib, kelajakni barpo etib bo‘lmaydi. Shu bois, har bir tashkilot va muassasa tarixini o‘rganish, ularda mehnat qilgan insonlarni yodga olish, ezgu ishlarini kelajak avlodlarga yetkazish barchamizning burchimiz”, - dedi Prezident.

Shu maqsadda olimlar, soha faxriylari va faollari tomonidan o‘tkazilgan o‘rganishlar yurtimizda kasaba uyushmalari harakatiga 1905 yilda asos solinganini isbotladi. Shu bois, bu yil butun mamlakatimiz bo‘ylab, kasaba uyushmalari harakatining 120 yillik yubileyi keng nishonlanmoqda.

Bundan to‘rt yil oldin Toshkent shahrida tashkil etilgan O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi tarixi muzeyi sohaga oid maʼlumot va eksponatlar bilan xalqimizni tanishtirishda muhim rol o‘ynamoqda.

Mana shu qutlug‘ sana munosabati bilan Prezidentimiz mehnatkash xalqimizga chuqur hurmat va ehtirom ifodasi sifatida  har bir hududda “Kasaba uyushmalari bog‘lari”ni tashkil etishni taklif qildi.

Viloyat hokimlariga kasaba uyushmalari bilan maslahatlashib, bog‘lar uchun joy ajratish topshirildi.

“Korxona va tashkilotlardagi kasaba uyushmalari ham ishxonasida, xodimlari yashaydigan mahallalarda daraxt ektirib, yashil hududlarni kengaytirsa, tozalik va obodonchilik ishlarini tashkil qilsa, o‘ylaymanki, mehnat jamoalaridagi muhit mutlaqo boshqacha bo‘ladi”, - dedi Prezident.

Uchrashuvda kasaba uyushmalari vakillari bilan muloqot o‘tkazilib, ularning taklif va tashabbuslari tinglandi.

“Birgalikda boshlagan ishlarimiz har bir mehnat jamoasi, har bir xodim va uning oilasi uchun manfaatli bo‘layotganiga yana bir bor amin bo‘ldim.

Bundan buyon ham “Inson qadri uchun”, degan ezgu g‘oya Yangi O‘zbekistondagi islohotlarning ustuvor yo‘nalishlaridan biri bo‘lib qoladi.

Fursatdan foydalanib, siz, azizlarni O‘zbekiston kasaba uyushmalarining 120 yillik yubileyi va yaqinlashib kelayotgan kasaba uyushmalari kuni bilan chin qalbimdan samimiy muborakbod etaman.

Barchangizga sihat-salomatlik, masʼuliyatli va sharafli faoliyatingizda yutuq va omadlar, oilalaringizga baxt-saodat, fayzu baraka tilayman”,- dedi Prezident uchrashuv yakunida.

#Shavkat Mirziyoyev  
Eng so'nggi yangiliklardan xabardor bo'ling
Telegram kanalimizga obuna bo'ling