Valyuta kurslari 18/03/2026
$1 – 12129.01
UZS – 0,31%
€1 – 13968.98
UZS – 0,9%
₽1 – 147.99
UZS – -0,78%
Qidirish
Mirziyoyev Marokand sifat klasterini ko'zdan kechirdi

Mirziyoyev Marokand sifat klasterini ko'zdan kechirdi

Mirziyoyev Marokand sifat klasterini ko'zdan kechirdi

Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Prezident Shavkat Mirziyoyev Narpay tumanida joylashgan “Maroqand sifat” klasteri tizimida chiqindisiz texnologiya tamoyili asosida ish olib borayotgan korxona faoliyati bilan tanishdi.

Klasterda paxta yetishtirishdan tortib, uni chuqur qayta ishlash va tayyor mahsulot ishlab chiqarishgacha boʻlgan toʻliq qiymat zanjiri shakllantirilgan. Xususan, paxta va urugʻlik yetishtirish, yogʻ-moy ishlab chiqarish, tola va ip-kalava tayyorlash, shuningdek, tayyor kiyim-kechaklar ishlab chiqarishni qamrab olgan 25 million dollarlik loyihalar amalga oshirilgan. Bunday yondashuv qishloq xoʻjaligi va sanoatni uzviy bogʻlash orqali yuqori qoʻshimcha qiymat yaratish imkonini bermoqda.

Amalga oshirilgan ishlar natijasida korxona ip-kalava ishlab chiqarish boʻyicha yiliga 5,5 ming tonna, tayyor trikotaj mahsulotlari boʻyicha esa 1 million dona quvvatga ega boʻldi. Mazkur koʻrsatkichlar 10 million dollarlik eksport salohiyatini taʼminlashga xizmat qiladi. Bu esa klasterning ichki va tashqi bozorlardagi oʻrnini mustahkamlashga zamin yaratadi.

Korxona faoliyatining yana bir muhim jihati aholi bandligini taʼminlashga qoʻshayotgan hissasidir. Ayni paytda bu yerda 1 ming nafar doimiy ish oʻrni yaratilgan boʻlsa, mavsumiy ishlar davrida yana 3 ming nafar aholi ish bilan taʼminlanmoqda. 

“Maroqand sifat” klasterining mato qoldiqlarini qayta ishlash orqali ip-kalava ishlab chiqarishga ixtisoslashgan korxonasi ilgʻor va samarali tashabbuslardan biri hisoblanadi. 

Loyiha tarkibida biolaboratoriya hamda tikuv sexlari faoliyat yuritmoqda. Bu yerda ishlab chiqarish jarayonida hosil boʻladigan chiqindilarni qayta ishlashga alohida eʼtibor qaratilgan.

Jumladan, tikuv sexlarida foydalanib boʻlingan mato qoldiqlari tashlab yuborilmaydi. Ular zamonaviy, yuqori tezlikda ishlovchi uskunalar orqali qayta ishlanib, yana ip-kalava holatiga keltiriladi. Ushbu yoʻnalishda yillik tola ishlab chiqarish quvvati 5 ming tonnani tashkil etadi. Bu esa resurslardan samarali foydalanish va ekologik barqarorlikni taʼminlash nuqtayi nazaridan muhim ahamiyatga ega.

Mazkur loyihaning umumiy qiymati 7 million dollar boʻlib, u 3,3 gektar maydonda joylashgan. Korxonada 500 nafar aholining doimiy bandligi taʼminlangan. Shu bilan birga, ishlab chiqarishda energiya tejamkor texnologiyalarning joriy etilgani uning iqtisodiy samaradorligini yanada oshirmoqda.

Hozirda korxona hududida quyosh panellari oʻrnatilgan boʻlib, ular orqali ishlab chiqarish jarayonida qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan samarali foydalanilmoqda. Bu korxonaning energiya xarajatlarini kamaytirish bilan birga “yashil iqtisodiyot” tamoyillarini amaliyotga tatbiq etishga xizmat qilmoqda.

Prezidentimiz ishlab chiqarish jarayonini koʻzdan kechirdi va tikuv sexida mehnat qilayotgan xodimlar bilan samimiy suhbat qurdi.

– Sizlar bilan uchrashganimdan mamnunman. Bu yerda yaratilgan sharoitlar, tashkil etilgan ish oʻrinlari aholining bandligini taʼminlashda muhim omil boʻlib xizmat qilyapti. Har bir amalga oshirilayotgan loyiha – yurtimizdagi ulkan oʻzgarishlarning bir qismi. Albatta, ish oʻrinlariga talab oshib bormoqda. Shuning uchun biz yanada faol ishlayapmiz, har bir hududda yangi imkoniyatlar yaratishga harakat qilyapmiz, – dedi davlatimiz rahbari.

#Shavkat Mirziyoyev  

Eng so'nggi yangiliklardan xabardor bo'ling
Telegram kanalimizga obuna bo'ling