Mirziyoyev: Joylarda o‘z vaqtida qabul qilingan qarorlar sanoat o‘sishini 2% ga oshirishi mumkin
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Prezident raisligida videoselektor yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Davlatimiz rahbari so‘zining avvalida bugungi tahlikali va noaniqliklarga to‘la sharoitda har bir mamlakat, avvalo, eng ko‘p ish o‘rinlari yaratadigan sohalarni himoyalash choralarini ko‘rayotganini taʼkidladi.
Shu munosabat bilan tashqi bozordagi tebranishlar sharoitida 1 millionga yaqin aholi ishlayotgan to‘qimachilik, qurilish materiallari, mebelsozlikni qo‘llab-quvvatlash, iqtisodiyotimizning yana bir “drayveri” bo‘lishi kutilayotgan zargarlik sanoatiga yangi surʼat bag‘ishlash muhimligi qayd etildi.
O‘tgan 4 oyda sanoat 6,3 foizga o‘sib, 290 trillion so‘mga yetdi.
“Bu – hozirgi murakkab sharoitda o‘z vaqtida ko‘rilgan choralar natijasi. Lekin 29 ta tumanda ishlab chiqarish 4,5 trillion so‘mga kamaygan. Bu kichkina raqamlar emas”, - dedi davlatimiz rahbari.
Prezidentimiz taʼkidlaganidek, sanoat, eksport va tushum bo‘yicha “respublika – tarmoq – viloyat – tuman” vertikal tizimidagi masalalar o‘z vaqtida va to‘liq hal qilinganida sanoatda yana 2 foizlik o‘sishga erishish mumkin edi.
Masalan, o‘tgan 4 oyda Payariqda sanoat qariyb 2 baravarga, Paxtachida 38 foizga pasaygani oqibatida ishlab chiqarish 210 milliard so‘mga kamaydi.
Poytaxt sanoatining uchdan birini beradigan Sergeli va Yashnobodda 300 milliard so‘mlik mahsulot kam ishlab chiqarilgani bois Toshkent shahri sanoatida 1,1 foiz o‘sish boy berildi.
O‘rtachirchiq, Qibray, Parkent, Ohangaron tumanlari, Angren, Bekobod shaharlaridagi 25 ta hududiy korxona o‘tgan yilgidan 1 trillion so‘mga kam mahsulot chiqargani bois, 30 million dollar eksport yo‘qotildi.
Yoki yanvar-mart oylarida sanoatda o‘sish qilgan Qarshi, Mirishkor, Bulung‘ur, Dang‘ara, O‘zbekiston, Xiva tumanlari aprelga kelib ko‘rsatkichlarini keskin tushirib yuborgan.
Shu munosabat bilan uch kun muddatda “respublika – tarmoq – viloyat – tuman” vertikali bo‘yicha har bir masalani tezkor hal qilish uchun respublikadan aniq masʼullarni belgilash va joylarga yuborish topshirildi.
Vertikal bo‘yicha qaysi bo‘g‘inda muammo yechilmasa, o‘sha tizim masʼullaridan so‘rov qattiq bo‘lishi haqida ogohlantirildi.
Yig‘ilishda taʼkidlanganidek, birinchi 4 oyda eksport 20 foizga oshdi. Yuqori o‘sish surʼatlari asosan kimyo, oziq-ovqat, meva-sabzavot, IT, turizm va transport xizmatlari hisobidan taʼminlanmoqda.
Lekin to‘qimachilik eksporti 825 million dollar, yaʼni o‘tgan yilgidan 175 million dollarga kam bo‘ldi.
“Ko‘pchilik sifatga ishlayotgani bilan buni ko‘rsatib bera olmayapti. Bizdagi mahsulotlarning “nomi chiqmagani” uchun tashqarida juda arzon sotilayapti. Mahsulot sifatini ko‘rsatib, uni qimmat bozorlarga olib chiqadigan eng asosiy kalit, bu – xalqaro sertifikatlar”, - dedi Prezident.
To‘qimachilik sohasidagi 1,5 mingdan ziyod yirik va o‘rta korxonadan faqat 244 tasida xalqaro sertifikat bor.
Savdo-sanoat palatasi har bir korxonaga borib, sertifikat olishga ko‘maklashsa, qo‘shilgan qiymatni ham, eksportni ham oshirish mumkinligi ko‘rsatib o‘tildi.
Shu munosabat bilan Qoraqalpog‘iston, Qashqadaryo, Navoiy Sirdaryo, Surxondaryo, Xorazm viloyatlarida xalqaro sertifikatga ega korxonalarni 20 taga yetkazish, qolgan hududlarda yana 10 tadan korxonaga sertifikat olishga ko‘maklashish vazifasi qo‘yildi.
Milliy brendlarni ko‘paytirish, mavjudlarini xalqaro darajaga olib chiqish bo‘yicha ham yangi tizim joriy qilinishi belgilandi.
Milliy brendlarni qo‘llab-quvvatlash kompaniyasi tashkil qilinadi. Ushbu kompaniya:
- xorijdan brend-menejer, dizayner, marketolog, piar-menejerlarni olib keladi;
- xalqaro sertifikati bor, sifati yuqori va tashqi bozorda raqobatbardosh bo‘lgan kamida 50 ta milliy mahsulotni tanlab oladi;
- ularga sifat belgisini berib, brendini dunyoga tanitish uchun katta targ‘ibot kampaniyasini boshlaydi.
Bugungi kunda mamlakatimizda tayyor kiyim kechak, charm-attorlik mahsulotlari va poyabzal ishlab chiqaradigan 4 mingdan ziyod korxona bor.
Lekin ularni aholiga tanitib, keng tanlov imkonini beradigan, milliy mahsulotlar bir joyda sotiladigan savdo markazlari yo‘qligi ko‘rsatib o‘tildi.
Shu bois, faqat milliy mahsulotlar sotiladigan “Mall of Uzbekistan” yirik savdo markazlari ishga tushiriladi. Bu yerdagi savdo do‘konlari tadbirkorlarga minimal narxda ijaraga beriladi.
Ishchilarining 15 foizi ehtiyojmand oiladan bo‘lgan to‘qimachilik va charm-poyabzal korxonalariga foyda solig‘i 2 foiz, ijtimoiy soliq 1 foiz etib belgilangan.
Endilikda to‘qimachilik va charm korxonalariga ehtiyojmand odamlarni ishga olish bo‘yicha 15 foizli meʼyor 2 barobar kamaytiriladi. Bundan buyon imtiyoz olish uchun korxonada ehtiyojmand odamlar bilan birga nogironligi bor ishchilar ham hisobga olinadi.
O‘tgan yilning o‘zida mebelsozlik yo‘nalishida 920 ta yangi korxona ish boshladi. Sohada 6 trillion 700 milliard so‘mlik mahsulot ishlab chiqarildi.
Buni karrasiga oshirish uchun qator masalalarni hal qilish zarur. Masalan, mebel mahsulotlarining 25-30 foizi xonadonlarda tayyorlanayapti. Uydagi ishlab chiqarishdan sanoat bosqichiga o‘tishga intilayotgan mebelsozlar ko‘p.
Shu bois, yakka tartibdagi tadbirkorlarga 5 nafargacha ishchi olib, mebel ishlab chiqarishga ruxsat beriladi. Ushbu faoliyatni boshlash, kengayish istagida yurgan yosh tadbirkorlarga 7 yilga 5 milliard so‘mgacha 18 foizli kredit ajratiladi.
Oltinko‘l va Xonqadagi “Mebelchilik markazi”da 100 dan ziyod korxona zamonaviy uskunalar o‘rnatib, mebel ishlab chiqarmoqda. Oldin uyidagi tor joyda mebel yasagan tadbirkorlar hozir yaxlit kompleksga joylashib, klaster tizimida ishlayapti.
Sharof Rashidov, Yangi Namangan, Pastdarg‘om, O‘rtachirchiq, Quva, Buvayda, Yunusobod va Uchtepada ham Xonqa tajribasi asosida mebelchilik markazlarini ishga tushirish topshirildi.
Mebel tannarxida import xomashyo ulushi 50-60 foizni tashkil qilmoqda. Ishlab chiqaruvchilar tannarxni pasaytirish uchun furnitura, aksessuar, bo‘yoq, kley, DSP kabi xomashyoga bojni kamaytirishni so‘ragan.
“Milliy mahsulotlarimiz raqobatbardosh bo‘lishi uchun bunga rozilik beraman”, - dedi Prezident.
Mutasaddilarga 14 turdagi xomashyo, furnitura, aksessuar uchun 3 yil muddatga import bojini 1 foiz etib belgilash bo‘yicha qaror loyihasini kiritish topshirildi.
Mebel uchun yog‘och va yog‘och materiallarini markazlashgan holda olib kelish yo‘lga qo‘yiladi.
O‘tgan yili mebel eksporti 20 million dollarga yetdi. Sifat, dizayn va brendga eʼtibor qaratilsa, mavjud quvvatlarning o‘zida eksport hozirgidan 10 karra oshishi mumkinligi ko‘rsatib o‘tildi.
Shu bois, mebelchilarga xalqaro sertifikat olish xarajati hamda xorijdan jalb qilingan dizayner, marketolog, injener-texnologlar ish haqining yarmi qoplab beriladi.
Xalqaro ko‘rgazmalarda ijara puli kompensatsiya qilinadigan maydon hozirgi 20 kvadratdan 40 kvadrat metrga oshiriladi.
Mutasaddilarga malakali mutaxassislarni jalb qilib, yiliga 1 ming nafar mebel ustalarini zamonaviy ko‘nikmalarga o‘qitishni yo‘lga qo‘yish topshirildi.
O‘tgan yili mebel eksporti 20 million dollarga yetdi. Sifat, dizayn va brendga eʼtibor qaratilsa, mavjud quvvatlarning o‘zida eksport hozirgidan 10 karra oshishi mumkinligi ko‘rsatib o‘tildi.
Shu bois, mebelchilarga xalqaro sertifikat olish xarajati hamda xorijdan jalb qilingan dizayner, marketolog, injener-texnologlar ish haqining yarmi qoplab beriladi.
Xalqaro ko‘rgazmalarda ijara puli kompensatsiya qilinadigan maydon hozirgi 20 kvadratdan 40 kvadrat metrga oshiriladi.
Mutasaddilarga malakali mutaxassislarni jalb qilib, yiliga 1 ming nafar mebel ustalarini zamonaviy ko‘nikmalarga o‘qitishni yo‘lga qo‘yish topshirildi.
Endilikda zargarlar ham yakka tadbirkor sifatida tilla buyumlari savdosi bilan shug‘ullanishi mumkin bo‘ladi.
Mutasaddilarga joylardagi norasmiy zargarlik rastalarini zamonaviy ko‘rinishga keltirib, ularning faoliyatini qonuniylashtirish topshirildi.
Chetdan mutaxassis olib kelish xarajatining 2,5 ming dollargacha qismi kamida 5 nafar shogird chiqarish sharti bilan qoplab beriladi.
Umuman, zargarlikda ham sanoat usuliga o‘tib, ichki bozorni himoya qilish va milliy brendlarni qo‘llab-quvvatlash vaqti kelgani qayd etildi.
Buning uchun zargarlik sanoatida ishlatiladigan uskunalar va ularni butlovchi qismlari import bojidan ozod qilinadi.
Navoiy va Olmaliq kombinatlaridan oltinni bo‘lib to‘lash asosida sotib olish tartibi yana 3 yilga uzaytiriladi.
Xorijiy tajriba asosida Yakkasaroy tumani, Andijon va Xivada ishlab chiqaruvchilarga ham, investorlarga ham jozibador zargarlik markazlari ochildi.
Bunday markazlar butun respublika bo‘yicha barpo qilinishi belgilandi.
Mutasaddilarga joriy yilning o‘zida xomashyo, laboratoriya, o‘quv markazi, shou-rum va do‘konlari bir joyda bo‘lgan yana 6 ta markazni ishga tushirish, xorijiy dizayner va texnologlarni jalb qilib, zargarlarni o‘qitish topshirildi.
“Hamma eshitib olsin. Zargarlarning xomashyo bilan bog‘liq birorta muammosi bo‘lmasligi kerak”, - dedi Prezident.
Shu maqsadda bu yil birjaga chiqariladigan oltin hajmi 6 tonnadan 8 tonnaga oshiriladi.
Yangi zargarlik markazlari ishga tushgan Toshkent shahri, Andijon va Xorazmda, bu yil bunday markazlar ochilishi reja qilingan Buxoro, Namangan, Samarqand va Farg‘ona viloyatlarida hamda qolgan hududlarda ehtiyojdan kelib chiqib oltin zaxirasi yaratiladi.
“Ochiq aytish kerak, tartib-intizom, shaffof tizim bo‘lmagan sohada “katta sakrash” qilib bo‘lmaydi. Shuncha sharoitdan keyin ham “soya”da ishlayotganlarga nisbatan qonun ustuvorligi taʼminlanadi”,
- dedi Prezident.
Asillik inspeksiyasi Soliq qo‘mitasi va Bosh prokuratura bilan birgalikda zargarlik sohasida qatʼiy nazorat o‘rnatishi shartligi ko‘rsatib o‘tildi.
Tadbirkorlar zargarlik buyumini Asillik inspeksiyasidan tamg‘alatib, kirim qilishiga bir oy vaqt berilishi belgilandi.
Umuman, mutasaddilarga sohani chuqur tahlil qilib, “xomashyo – ishlab chiqarish – savdo” zanjiridagi barcha ishtirokchilarni “soya”dan chiqib ishlashini rag‘batlantiradigan tizim ishlab chiqish topshirildi.
Aholi soni o‘sishi, urbanizatsiya jarayoni qurilish materiallariga bo‘lgan talabni oshirmoqda.
Yil boshidan pudrat ishlari 10,3 foizga o‘sdi. Lekin omborlarda katta hajmda keramik plita, gipsokarton, oyna, bazalt momig‘i yig‘ilib qolgan. Vaholanki, yiliga 225 million dollarlik xuddi shunday tovarlar import bo‘lmoqda.
Endilikda developerlarga aylanma mablag‘ uchun kredit ajratishda mahalliy qurilish materialiga ustuvorlik beradigan tizim joriy qilinadi.
O‘tgan yili Qurilish inspeksiyasi o‘tkazgan o‘rganishlarda 1 ming 600 ta holatda sifatsiz qurilish materiallari ishlatilgani aniqlangan.
Shu munosabat bilan “Shaffof qurilish” platformasida qurilish materiallari korxonalari va ularning mahsulotlari reyestri shakllantiriladi. Mahsulotlar sifati reytingi yuritiladi va har chorakda yangilab boriladi.
Qurilishda yangi turdagi, energiya tejamkor materiallar paydo bo‘lmoqda. Lekin ko‘plab mahsulotlarning standarti yo‘qligi, borlari ham xalqaro talablarga mos emasligi ko‘rsatib o‘tildi.
Mutasaddilarga yil yakunigacha 68 ta xalqaro standartni qabul qilish topshirildi.
Yig‘ilish davomida soha va hudud rahbarlarining axboroti, tadbirkorlarning takliflari tinglandi.
Nufuzli brendlar bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yib, ularning dizayni va qolipini olib kelish xarajatining 30 ming dollargacha qismi qoplab beriladi.
#Shavkat Mirziyoyev