Mirziyoyev Buxoroning yangi maʼmuriy markazini koʻzdan kechirdi
Mirziyoyev Buxoroning yangi maʼmuriy markazini koʻzdan kechirdi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Prezident Shavkat Mirziyoyev Buxoro shahriga tashrifi davomida Buxoro viloyatining yangi maʼmuriy markazida amalga oshirilayotgan bunyodkorlik ishlari bilan tanishdi.
Majmua Qashqadaryo viloyati Koʻkdala tumanida sinovdan oʻtgan boshqaruv organlarini integratsiyalash tajribasining davomidir. U yerda 38 ta davlat idorasi bir joyda jamlanib, aholi uchun katta qulaylik yaratilgan. Avvallari turli yumush bilan olis masofalarni bosib, boshqa tuman idoralariga qatnagan fuqarolar barcha xizmatlarni oʻziga yaqin joyda olish imkoniyatiga ega boʻldi.
Prezidentimiz oʻtgan yili Koʻkdalaga tashrifi chogʻida bunday yondashuv barcha tumanlar uchun namuna ekanini taʼkidlagan edi. Oʻtgan davrda boshqa hududlarda ham ushbu tajriba asosida bunyodkorlik ishlari boshlangan.
Xususan, Buxorodagi maʼmuriy markaz 14 gektar maydonni egallagan boʻlib, birinchi bosqichda viloyat va shahar hokimliklari, viloyat prokuratura hamda ichki ishlar boshqarmalari kabi davlat idoralari bir hududda jamlangan. Bu, eng avvalo, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlarining oʻzaro muvofiqlashuvini yaxshilash, murojaatlar bilan ishlashni tezlashtirish va davlat xizmatlari sifatini oshirishga xizmat qiladi.
Majmua faqat maʼmuriy binolardan iborat emas. Bu yerda fuqarolarning mazmunli hordiq chiqarishi uchun xiyobonlar, favvoralar va yashil hududlar barpo etilmoqda.
Prezidentimiz viloyat hokimligining yangi binosidagi bunyodkorlik ishlari bilan tanishdi.
Odamlarga qulaylik yaratish, fuqarolar turli masalalar yuzasidan har xil manzillarga borib yurmasdan, zarur xizmatlarni bir hududning o‘zida olishini ta’minlash maqsadida davlat idoralarini yagona ma’muriy markazlarga birlashtirish ishlarini izchil davom ettirish zarurligi ta’kidlandi.
Shu yerning o‘zida davlatimiz rahbariga hududni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, aholiga yanada qulay shart-sharoitlar yaratish borasida amalga oshirilayotgan ishlar taqdimot qilindi.
Jumladan, banklar tomonidan sun’iy intellektdan foydalangan holda hudud va mahallalar kesimida tahlil o‘tkazilib, Buxoro tumani misolida o‘sish nuqtalari aniqlangani haqida axborot berildi. Bu tahlillar yer, suv, mehnat resurslari, bozor talabi, infratuzilma va mavjud ishlab chiqarish quvvatlarini o‘zaro bog‘liq holda baholash imkonini berdi. Natijada Buxoro tumanida agrobiznes, turizm, sanoat va yo‘l bo‘yi xizmatlari eng istiqbolli yo‘nalishlar sifatida belgilangan.
Xususan, 15 ming gektar yerni o‘zlashtirish, 500 gektar yangi uzumzorlar barpo etish, enoturizmni kengaytirish, shuningdek, neft-gaz, kimyo, qurilish va oziq-ovqat tarmoqlarida yangi loyihalarni amalga oshirish imkoniyatlari ko‘rsatib o‘tildi. Tahlillar shuni ko‘rsatdiki, 2026–2031 yillarda ushbu yo‘nalishlarda 7,4 trillion so‘mlik loyihalarni amalga oshirish va 15 mingta yangi ish o‘rni yaratish mumkin.
Shuningdek, tumandagi 36 ta mahallani 6 ta drayver yo‘nalish – uzumchilik, meva-sabzavotchilik, chorvachilik, bog‘dorchilik, turizm va servisga ixtisoslashtirish mumkinligi qayd etildi. Loyihalarni ishlab chiqish va amalga oshirishni jadallashtirish maqsadida mahallalar uchun resurs bazasini shakllantirish, biznes-rejalarni avtomatik tayyorlash, mablag‘lar harakati va natijalarni real vaqt rejimida nazorat qilish bo‘yicha sun’iy intellekt asosidagi yechimlar ishlab chiqilmoqda.
Prezidentimiz sun’iy intellekt imkoniyatlaridan foydalanib, har bir hududning salohiyatini ochish, loyihalarni natijaga qaratilgan holda shakllantirish va aholi bandligi hamda daromadini oshirishga xizmat qiladigan tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlash muhimligini ta’kidladi.
#Shavkat Mirziyoyev