Valyuta kurslari 28/11/2025
$1 – 11902.30
UZS – 0,17%
€1 – 13780.48
UZS – 0,23%
₽1 – 152.18
UZS – 0,75%
Qidirish
Mirziyoyev 2030-yilga kelib byurokratiyani butunlay yo'q qilish dasturini ishga tushirishini e'lon qildi

Mirziyoyev 2030-yilga kelib byurokratiyani butunlay yo'q qilish dasturini ishga tushirishini e'lon qildi

Mirziyoyev 2030-yilga kelib byurokratiyani butunlay yo'q qilish dasturini ishga tushirishini e'lon qildi

Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Prezident Shavkat Mirziyoyev 28-noyabr kuni poytaxtimizdagi Xalqaro kongress markazida byurokratiyani bartaraf etish masalalariga bagʻishlangan xalqaro forumning tantanali ochilish marosimida ishtirok etdi.

Forumda Oʻzbekiston Respublikasi va Birlashgan Arab Amirliklari hukumatlari, xorijiy davlatlar va xalqaro tashkilotlarning yuqori martabali vakillari, davlat xizmati sohasidagi yetakchi ekspertlar va jamoatchilik faollari qatnashmoqda.

Davlatimiz rahbari oʻz nutqida anjumanni tashkil etishdagi koʻmagi uchun Birlashgan Arab Amirliklarining Hukumat ishlari boʻyicha vaziri Muhammad bin Abdulloh al-Gargaviyga samimiy minnatdorlik bildirdi. Ushbu mamlakat xalqi va rahbariyatini yaqinlashib kelayotgan ayyom – Birlashgan Arab Amirliklari tashkil etilgan kun munosabati bilan muborakbod etdi.

– Biz Yangi Oʻzbekistonni barpo etishda “Xalq davlat idoralariga emas, davlat idoralari xalqimizga xizmat qilishi kerak” degan insonparvar gʻoyaga amal qilyapmiz, – dedi Prezidentimiz.

Taʼkidlanganidek, mamlakatimizda aholi va biznes uchun byurokratiya, ovoragarchilik va boshqa maʼmuriy toʻsiqlarni bartaraf etishga ustuvor ahamiyat qaratilmoqda. Davlat xizmatlari koʻrsatish milliy tizimini tubdan isloh qilish va raqamlashtirish, davlat organlari faoliyatini maqbullashtirish, aholi bilan davlat idoralari oʻrtasida toʻgʻridan-toʻgʻri muloqot oʻrnatish boʻyicha keng koʻlamli ishlar amalga oshirildi.

Soʻnggi yillarda respublikamizda byurokratiyani qisqartirishga qaratilgan 9 ta farmon va qaror qabul qilindi. Davlat xizmatlari markazlari, Yagona portal platformasi, “Raqamli hukumat” kabi tizimlarning tashkil etilishi natijasida davlat xizmatlari xalqimiz uchun yanada qulay, tezkor va shaffof boʻlmoqda.

Xususan, 2017-yilda faqat 444 turdagi davlat xizmatlari koʻrsatilgan boʻlsa, bugungi kunda bu koʻrsatkich 1 ming 40 taga yetdi. Bunda koʻrsatilgan xizmatlar soni qariyb 10 barobarga koʻpayib, 55 milliondan oshdi. 90 dan ortiq xizmatlarni proaktiv va kompozit shaklda koʻrsatish yoʻlga qoʻyildi.

Masalan, tugʻilish bilan bogʻliq xizmatlarning kompozit shaklda koʻrsatilishi har yili qariyb 1 million fuqaroga qulaylik yaratmoqda. Aholining ehtiyojmand qatlamlariga ijtimoiy nafaqalar, shuningdek, yoshga doir pensiya tayinlanishi aholi murojaatlarisiz avtomatik tarzda amalga oshirilmoqda.

Raqamlashtirish natijasida 30 turdagi xizmatlarni real vaqt rejimida olish imkoniyati yaratildi. Joriy yilning oʻzida 8 millionga yaqin xizmatlar avtomatik ravishda koʻrsatildi. Hujjat almashinuvining elektron shaklga oʻtkazilishi aholining yiliga 23 milliard soʻm mablagʻlari tejalishiga imkon bermoqda.

Shu bilan birga, biznes vakillariga ham yengillik va qulayliklar yaratish maqsadida 160 dan ziyod litsenziya va ruxsatnomalar bekor qilindi. 150 dan ortiq ruxsatnomalar bugungi kunda elektron shaklda berilmoqda, 140 turdagi hujjat va maʼlumotlarni talab qilish amaliyotiga chek qoʻyildi.

Davlat xizmatlari eksterritorial tamoyil asosida koʻrsatila boshlandi. Shuningdek, “Biznesni 15 daqiqada boshlash” tamoyili amaliyotga joriy etilmoqda.

Davlatimiz rahbari bugun byurokratiyani kamaytirish boʻyicha alohida dastur tasdiqlanganini maʼlum qildi. Ushbu hujjat, eng avvalo, davlat va aholi, davlat va biznes hamda davlat tuzilmasining ichki munosabatlarida byurokratiyani bartaraf etish, har tomonlama qulay davlat xizmatlari ekotizimini yaratishni nazarda tutadi.

– Pirovard maqsadimiz – 2030-yilga qadar Oʻzbekistonni ortiqcha byurokratiyadan xoli boʻlgan hududga aylantirishdan iboratdir, – dedi Prezident.

Dastur doirasida 2030-yilga qadar amalga oshiriladigan muhim vazifalar belgilab olindi. Jumladan, davlat xizmatlari soni 1,5 mingtaga, elektron xizmatlar ulushi 95 foizga yetkaziladi. Kelgusi yilning oʻzida 250 ta xizmatlar elektron shaklga oʻtkaziladi. Masalan, avtotransport vositasini roʻyxatdan oʻtkazish, qoʻshilgan qiymat soligʻini qaytarish kabi xizmatlardan elektron foydalanish yoʻlga qoʻyiladi.

Yangi Oʻzbekistonda “Qogʻozsiz hukumat” tizimiga toʻliq oʻtilib, qogʻoz aylanmasidan butunlay voz kechiladi. Mavjud 40 million hujjatlardan 25 millioni, shundan keyingi yilning oʻzida 5 millioni raqamlashtiriladi.

Proaktiv va kompozit xizmatlarning soni 400 taga yetkaziladi. Kelgusi yilning oʻzida 180 turdagi bunday xizmatlar joriy etiladi.

– Natijada fuqaro murojaat qilmasdan unga xizmat koʻrsatiladigan tizimga oʻtamiz, – dedi davlatimiz rahbari.

Shuningdek, barcha davlat xizmatlari xatlovdan toʻliq oʻtkaziladi. Bunda bir-birini takrorlovchi, keraksiz, fuqarolarga yuk boʻlayotgan talablar bekor qilinadi.

Litsenziya va ruxsatnomalar berish, kommunal tarmoqlarga ulanish, qurilish sohasida 300 dan ortiq davlat xizmatlari soddalashtiriladi. Masalan, 4 ta kommunal tarmoqqa yagona ariza asosida ulanish imkoniyati yaratiladi.

Xizmat koʻrsatish muddatlari keskin qisqartiriladi hamda ortiqcha hujjat va maʼlumotlar talab qilish bekor qilinadi.

100 dan ziyod davlat xizmatlarining koʻrsatish muddatlari 50 foizga qisqaradi. 110 dan ortiq maʼlumot va hujjatlar talab qilish toʻliq bekor qilinadi.

Davlat xizmatlari portali, “Litsenziya” tizimi, “Yagona darcha” bojxona platformasi va koll-markazlar toʻliq sunʼiy intellekt asosida ishlashga oʻtadi.

Har yili vazirlik va idoralar faoliyati maxsus raqamli platforma orqali baholanadi. Eng yaxshi natijaga erishgan idoralar va xodimlarni ragʻbatlantirish tartibi joriy etiladi.

Dastur natijadorligini doimiy ravishda monitoring qilish, vazirlik va idoralarning byurokratiyani qisqartirishga doir faoliyatini muvofiqlashtirish uchun alohida Dastur ofisi faoliyati yoʻlga qoʻyiladi.

Aholi va biznes vakillari uchun dasturga qoʻshimchalar va yangi tashabbuslarni toʻgʻridan-toʻgʻri kiritish, shu bilan birga, ular tomonidan vazirlik va idoralarning dastur doirasidagi faoliyatini baholash imkoniyati yaratiladi. Buning uchun 3 million dollar miqdorida mukofot jamgʻarmasi tashkil etiladi.

Ushbu jamgʻarma hisobidan byurokratiyani bartaraf etish boʻyicha yangi tashabbus bilan chiqqan aholi, biznes vakillari hamda davlat xizmatchilari alohida pul mukofotlari bilan ragʻbatlantiriladi.

Shuningdek, qoʻshimcha nominatsiyalar boʻyicha ham ragʻbatlantirish mexanizmlari joriy etiladi.

– Byurokratiyani bartaraf etish – davlatning xalqqa xizmat qilishga qaratilgan ustuvor vazifasidir. Biz birgalikda shunday tizimni yaratishimiz kerakki, fuqaro davlat idorasiga emas, davlatning oʻzi har bir fuqaroning oldiga borishi va muammosini hal qilishi lozim. Bu – Yangi Oʻzbekiston davlat boshqaruvining zamonaviy va insonparvar qiyofasi boʻlishi zarur, – dedi Prezidentimiz.

Shundan soʻng davlatimiz rahbari ramziy tugmani bosib, Byurokratiyani bartaraf etish dasturini ishga tushirdi.

Ochilish marosimidan soʻng Prezidentimiz forum mavzusi, ilgari surilgan tashabbuslarning ahamiyati haqida jamoatchilik vakillari bilan suhbatlashdi. Yurtimizda “Inson qadri uchun” gʻoyasi barcha islohotlarning asosini tashkil etayotgani, byurokratiyani bartaraf etish zamirida har bir qaror, har bir xizmat, har bir jarayon faqat inson manfaatiga xizmat qilishi zarurligi taʼkidlandi. 

#Shavkat Mirziyoyev  
Eng so'nggi yangiliklardan xabardor bo'ling
Telegram kanalimizga obuna bo'ling