Mintaqada yagona mehnat bozorini shakllantirish va migratsiya siyosatini takomillashtirish yo‘lida
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — 2 oktyabr kuni Toshkentda, Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazida "MDH yagona mehnat bozorini shakllantirish doirasida migratsiya siyosatini takomillashtirish" mavzusida O‘zbekiston-Rossiya davra suhbati bo‘lib o‘tdi. Tadbir Rossiya Federatsiyasi Prezidentining maslahatchisi, Rossiya Federatsiyasi Prezidenti huzuridagi Fuqarolik jamiyatini rivojlantirish va inson huquqlari bo‘yicha kengash raisi Valeriy Fadeyev boshchiligidagi delegatsiyaning mamlakatimizga tashrifi doirasida tashkil etildi.
Davra suhbati Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi va Migratsiya agentligi, shuningdek, Rossiya Federatsiyasi Prezidenti huzuridagi Fuqarolik jamiyatini rivojlantirish va inson huquqlari bo‘yicha kengash hamda "Peterburg muloqoti" forumi bilan hamkorlikda o‘tkazildi.
Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori Akmal Saidov davra suhbatini ochar ekan, Yangi O‘zbekistonda mehnat huquqlarini himoya qilish inson huquqlari sohasidagi davlat siyosatining ustuvor masalalaridan biri ekanini taʼkidladi. Binobarin, Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi makonida adolatli va huquqiy himoyalangan mehnat bozorini shakllantirish – xalqlarimiz o‘rtasida o‘zaro ishonchni yana-da mustahkamlash, ijtimoiy tahdidlarni imkon qadar kamaytirish, qisqacha aytganda, BMTning Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish yo‘lidagi muhim qadam bo‘lishi tayin.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev yaqinda bo‘lib o‘tgan BMT Bosh Assambleyasining 80-sessiyasidagi nutqida butun dunyoda tobora o‘tkir tus olayotgan iqlim o‘zgarishi muammolariga alohida to‘xtalar ekan, ekologik o‘zgarishlarning yana bir salbiy ko‘rinishi – iqlim migratsiyasining kuchayib borayotganiga xalqaro hamjamiyat eʼtiborini qaratgani bejiz emas. Davlatimiz rahbari taʼbiri bilan aytganda, “Afsuski, ushbu yo‘nalishda aniq xalqaro mexanizmlar va huquqiy baza hanuzgacha yaratilmagan. Biz bu jiddiy masalada keng xalqaro sheriklik va muvofiqlashtirilgan siyosat yuritish bo‘yicha Global pakt qabul qilish tarafdorimiz”.
A.Saidov O‘zbekiston-Rossiya huquqni himoya qilish tuzilmalari va tegishli davlat idoralari o‘rtasidagi hamkorlik doirasida mintaqamizda yagona mehnat makonini barpo etish masalasining muhokama qilinishi ramziy maʼnoga egaligiga eʼtiborni qaratdi. Chunki ayni masala nafaqat gumanitar jihatlari va inson huquqlarini himoya qilish sohasiga bog‘liqligi, balki butun MDH makonida iqtisodiy barqarorlik, ijtimoiy integratsiya va barqaror kelajakni mustahkamlash nuqtai nazaridan ham strategik ahamiyat kasb etadi.
O‘z navbatida, Rossiya Federatsiyasi Prezidentining maslahatchisi, Rossiya Federatsiyasi Prezidenti huzuridagi Fuqarolik jamiyatini rivojlantirish va inson huquqlari bo‘yicha kengash raisi Valeriy Fadeyev taʼkidlaganidek, bugungi kunda Rossiya bilan O‘zbekiston o‘rtasidagi hamkorlik har tomonlama izchil rivojlanmoqda. Birgina iqtisodiy aloqalar natijalariga qaraganda, o‘zaro tovarlar aylanmasi 10 mlrd dollardan ortiqni tashkil etmoqda. Bu keyingi olti yilda ayni ko‘rsatkich 2 barobardan ziyod o‘sganini anglatadi.
V. Fadeyevning fikricha, migratsiya sohasida bir qancha muammolar to‘planib qolgan va ularga ko‘z yummasdan, tegishli maqbul yechimlarni topib, ijobiy hal qilish hamda ayni yo‘nalishda ilgari odimlash lozim. Shu maʼnoda, davra suhbati xulosalari va tavsiyalarini ishlab chiqish hamda shu asosda yakuniy hujjat tayyorlash kerak bo‘ladi. Maromiga yetkazilgan yakuniy hujjat har ikki davlatning ijro hokimiyati organlariga, qonunchilik hokimiyati idoralari – parlamentlarga yuborilsa, boshqaruv idoralari tomonidan ayni muammolarni hal etish bo‘yicha amaliy qadamlar qo‘yilishiga muhim turtki bo‘ladi.
Davra suhbatida, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Olimjon Abdullayev, Rossiya Federatsiyasining O‘zbekiston Respublikasidagi elchisi Aleksey Yerxov, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Migratsiya agentligi direktori Behzod Musayev so‘zga chiqdi. Har ikki mamlakatning soha bo‘yicha mutaxassislari va ekspertlarning fikrlari ham tinglandi.
Muhokamalarda migratsiya siyosatini takomillashtirishga har ikki tomonda, yaʼni qabul qiluvchida ham, yo‘naltiruvchida ham doimo ehtiyoj mavjudligi eʼtirof etildi. Ayniqsa, MDH mamlakatlarining yagona mehnat bozorini barpo etish haqida gap borganda, ushbu masalalar yana-da dolzarblik kasb etadi. Xususan, O‘zbekiston muntazam ravishda xavfsiz va tartibga solingan migratsiya tarafdori bo‘lib, mamlakatdan mehnat resurslarini uyushgan holda jalb qilish ulushini oshirish bo‘yicha doimiy saʼy-harakatlarni amalga oshirmoqda.
Davra suhbati yakunida MDH makonida yagona mehnat bozorini shakllantirish – faqat huquqiy yoki iqtisodiy masala emasligiga alohida urg‘u berildi. Chunki bu o‘rinda mintaqadagi millionlab insonlarning munosib hayot sharoitini taʼminlashga qaratilgan gumanitar loyiha haqida so‘z bormoqda.
O‘zbekiston va Rossiyaning ayni yo‘nalishdagi hamkorligi migratsiya, mehnat huquqlari va fuqarolarning erkin harakatlanishi bilan bog‘liq masalalarni hal qilishda pragmatik yondashuvni, shu bilan birga chuqur insonparvarlik namunasini amalda namoyon etadi. Binobarin, har ikki tomon ham o‘zaro hamkorlikda nafaqat dolzarb muammolarni hamjihatlikda izchil muhokama qilishga, balki bunday muammolarga yangi davr ruhi va xalqlarimiz manfaatlarini aks ettiradigan taʼsirchan amaliy yechimlar topishga qodir.
Davra suhbatida Rossiya Federatsiyasi delegatsiyasi, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi va Senati aʼzolari, tegishli vazirliklar va davlat tashkilotlari, inson huquqlari bo‘yicha milliy institutlar, ilmiy-o‘quv muassasalari hamda fuqarolik jamiyati institutlari vakillari ishtirok etdi.
Tadbirda Rossiya Federatsiyasining Moskva, Sankt-Peterburg, Qozon, Vladivostok, Yekaterenburg, Novosibirsk, Rostov-Don shaharlarida joylashgan mamlakatimiz Konsullik muassasalari bosh konsullari hamda O‘zbekiston Respublikasi Migratsiya agentligining Moskva, Sankt-Peterburg, Novosibirsk, Yekaterenburg, Samara, Kasnodar va Blagoveshensk shaharlaridagi vakolatxonalari rahbarlari hamda mintaqaviy vakillari onlayn qatnashdi.