Minabdagi maktabga berilgan zarba AQSH Havo kuchlarining KSIR bazasiga qarshi operatsiyasining bir qismi bo‘lishi mumkin — OAV
Minabdagi maktabga berilgan zarba AQSH Havo kuchlarining KSIR bazasiga qarshi operatsiyasining bir qismi bo‘lishi mumkin — OAV
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Reuters agentligining ikki nafar nomi oshkor etilmagan amaldorga tayanib xabar berishicha, amerikalik tergovchilar Eron janubidagi boshlang‘ich maktabga berilgan zarba AQSH tomonidan amalga oshirilgan bo‘lishi mumkinligini ko‘rib chiqmoqda.
Ularning maʼlumotlariga ko‘ra, harbiy ekspertlar qizlar maktabiga qilingan hujumga AQSH qurolli kuchlari aloqador bo‘lishi ehtimolini yuqori deb baholamoqda, biroq hozircha yakuniy xulosalar chiqarilmagan, tergov davom etmoqda.
Bundan avval The New York Times gazetasi taʼlim muassasasiga berilgan zarba yaqinida joylashgan Islom inqilobi posbonlari korpusi Harbiy-dengiz kuchlari bazasiga qarshi AQSH Havo kuchlari operatsiyasining bir qismi bo‘lishi mumkinligini xabar qilgan edi. Nashr bu xulosani sunʼiy yo‘ldosh suratlari tahliliga asoslangan holda bildirgan.
Minab shahridagi «Shadjare Tayebe» maktabi 28 fevral kuni — AQSH va Isroilning Eronga qarshi keng ko‘lamli harbiy kampaniyasi boshlangan kunda hujumga uchradi. So‘nggi maʼlumotlarga ko‘ra, 171 nafar inson halok bo‘lgan, ularning aksariyati bolalardan iborat.
Tehron BMT Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissari boshqarmasini ushbu hujumni qoralashga chaqirdi. Rossiya Tashqi ishlar vazirligining rasmiy vakili Mariya Zaxarova g‘arb ommaviy axborot vositalari bolalarning ommaviy halok bo‘lishi haqidagi maʼlumotlarni katta darajada eʼtiborsiz qoldirganini taʼkidlab, ushbu hodisaga munosabat bildirilmaganini «dahshatli holat» deb atadi.
So‘nggi maʼlumotlarga ko‘ra, mojaro davomida Eron hududida joylashgan oltita maktabga hujum qilingan.