Milliy dendrologiya bogʻini barpo etishga start berildi
Milliy dendrologiya bogʻini barpo etishga start berildi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Prezident Shavkat Mirziyoyev “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida koʻchat ekish tadbirida ishtirok etib, Milliy dendrologiya bogʻini barpo etishga start berdi.
Davlatimiz rahbari tadbirda nutq soʻzlar ekan, xalqimiz azal-azaldan Navroʻz kunlarida, oilasida farzand tugʻilganda tomorqasiga, maydon va xiyobonlarga, yoʻl chetlariga yaxshi niyat bilan koʻchat qadab, gul-u rayhonlar ekkanini taʼkidladi.
Ana shu ezgu qadriyatlar zamirida soʻnggi besh yildan buyon “Yashil makon” umummilliy loyihasi amalga oshirilib, har yili 200 million tup koʻchat ekib kelinmoqda.
Oʻtgan davrda 2 ming gektardan ziyod maydonda 942 ta yashil bogʻ va yashil jamoat parklari, 47 ta massivda “Yangi Oʻzbekiston bogʻlari” barpo etildi. Respublikaning togʻ, choʻl va adir hududlarida 256 ming gektar oʻrmon tashkil qilindi. Orolning qurigan tubida 2 million gektar maydonda yashil qoplamali himoya oʻrmonzorlari yaratildi. Shamol va qum-chang boʻronlarining zararli taʼsirini oldini olish maqsadida 33 ta tumanda 60 kilometrli “yashil belbogʻ” hosil qilindi.
Oʻtgan yili Xoʻjayli, Yangibozor, Gʻijduvon, Baliqchi va Ohangaron tumanlarida yiliga 5,5 million tup manzarali daraxt koʻchatlari yetishtirish imkonini beradigan zamonaviy koʻchatxonalar ishga tushirildi. Shuningdek, choʻllanishni kamaytirish maqsadida Xitoy tajribasi asosida joriy yil ilk bor Arnasoy, Qorakoʻl, Muborak, Karmana va Nukus tumanidagi 50 gektar maydonda suvsizlikka chidamli galofit bogʻlari yaratildi. Taʼkidlanganidek, bu yerda yetishtirilgan galofit urugʻlari kelgusida minglab gektar yerlarda shoʻrlanishni kamaytirish va tuproq unumdorligini oshirishga xizmat qiladi.
Umuman, qisqa davrda respublikada yashillik darajasi 8 foizdan 14,2 foizga oshdi. Oʻtgan hafta Prezidentimiz imzolagan yangi farmonga muvofiq, 2030-yilga qadar mamlakatimizda umumiy yashillik darajasini 30 foizga, jon boshiga toʻgʻri keladigan yashil hududlarni 10 kvadrat metrga yetkazish boʻyicha katta marra belgilandi.
Shu maqsadda Surxondaryoda 10 ming gektarda “yashil makon”, Sirdaryoda 84 kilometrli “yashil devor” barpo etiladi. Qoraqalpogʻistonda 1 million gektar, Navoiy va Buxoroda 300 ming gektardan, Xorazmda 85 ming gektar choʻl hududida yangi oʻrmonzorlar yaratiladi. Shuningdek, viloyat hokimlarining har biri kamida 100 gektar maydonda botanika va dendrologiya bogʻlari, 20 tadan soya-salqin sayr koʻchalari tashkil qilishga masʼul boʻladi.
Ekologiya va aholi salomatligi eng dolzarb masalaga aylanib borayotgan hozirgi sharoitda hududga mos daraxt turlarini tanlash va ekishda Xalqaro molekulyar allergologiya markazining tavsiyalari ham muhim ahamiyat kasb etishi qayd etildi.
Joriy yildan har bir hududda “yashil” texnikumlar faoliyati yoʻlga qoʻyilib, dual taʼlim asosida yiliga 10 ming nafar mutaxassis tayyorlash boshlanadi. Botanika va dendrologiya bogʻlari ushbu texnikum oʻquvchilari uchun amaliyot bazasiga, ilmiy xodimlar uchun esa tadqiqot maydoniga aylanadi.
Prezidentimiz hududlarda yashil bogʻlar yaratish boʻyicha aholi va deputatlar ishtirokini yanada kengaytirishni taklif qildi. Ilgari “Mening bogʻim” dasturi doirasida har bir loyihaga budjetdan 250 million soʻmgacha mablagʻ berilgan boʻlsa, endi bu miqdor 400 million soʻmga oshiriladi. Har bir yashil bogʻ va jamoat parki uchun aholi oʻzi tanlagan, yashash hududlariga yaqin va eng muhimi, suv taʼminoti mavjud joylardan 1 gektargacha yer ajratiladi. Bu yilgi mavsumdan Qonunchilik palatasining har bir deputatiga ham oʻz okrugida yashil hudud va yashil bogʻ yaratishi uchun 412 million soʻmdan mablagʻ beriladi.
Davlatimiz rahbari xalqimizda “Yaxshidan bogʻ qoladi”, “Bir koʻchat – ming baraka”, “Farzand koʻrsang, toʻy qilsang, daraxt ek” degan hikmatli soʻzlar bejiz aytilmaganini taʼkidladi. Bu kabi milliy qadriyatlarning ahamiyati bugun har qachongidan ham dolzarb boʻlib borayotgani koʻrsatib oʻtildi.
Shu munosabat bilan Prezidentimiz mahalla raislari, otaxon va onaxonlarimiz, xotin-qizlar vakillari hamda barcha faollarni joylarda milliy urf-odatlar, anʼana va qadriyatlarni yanada kengroq targʻib qilishga, klublar va jamoalar tashkil etib, har bir koʻcha, xonadon, yoʻl boʻylariga nihol va gullar, qir-adirlarga daraxt va butalar ekishda bosh boʻlishga chaqirdi.
Poytaxtimizda 108 gektar maydonda Milliy dendrologiya bogʻi tashkil qilinmoqda. Bu yerdagi “Yashil” universitet hududida “Ilm – loyiha – amaliyot” zanjiri asosida barpo etilayotgan “in-vitro” laboratoriyasi, Dorivor oʻsimliklar hamda Urugʻchilik va seleksiya markazlari ham shu yilning oʻzida ishga tushiriladi.
Prezidentimiz tadbirda ishtirok etayotgan Birlashgan Millatlar Tashkilotining Oʻrmonlar boʻyicha forumi raisi Ismoil Belen, forum Kotibiyati direktori Julyet Biao, xorijiy davlatlarning Oʻzbekistondagi diplomatik korpusi vakillari hamda barcha ishtirokchilarga samimiy minnatdorchilik bildirdi.
Tadbir yakunida Prezident Shavkat Mirziyoyev ishtirokchilar bilan birgalikda Milliy dendrologiya bogʻining ilk 5 gektar maydonida manzarali koʻchatlar ekdi. Bu bilan bir vaqtda respublikamizning barcha hududlarida 21 mingga yaqin yurtdoshimiz yana 164 gektar maydonda 88 ming tup koʻchat oʻtqazdi.
#Shavkat Mirziyoyev