Valyuta kurslari 03/10/2025
$1 – 12099.72
UZS – 0,13%
€1 – 14223.22
UZS – 0,18%
₽1 – 148.90
UZS – 1,49%
Qidirish
Mikromoliya tashkilotlari va lombardlar tomonidan jami 13,3 trillion so‘mlik kreditlar ajratildi

Mikromoliya tashkilotlari va lombardlar tomonidan jami 13,3 trillion so‘mlik kreditlar ajratildi

Mikromoliya tashkilotlari va lombardlar tomonidan jami 13,3 trillion so‘mlik kreditlar ajratildi

Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — 2025-yilning I yarim yilligi davomida mikromoliyaviy xizmatlar bozorida yangi ishtirokchi sifatida 20 ta mikromoliya tashkiloti, ularning 139 ta filiallari (99 ta mikromoliya tashkiloti va 40 ta lombardlar) tashkil etilib, umumiy soni 210 ta, shundan mikromoliya tashkilotlari 120 ta (filiallar soni 335 ta) va lombardlar 90 taga (filiallar soni 111 ta) yetdi.

Mikromoliya tashkilotlari va lombardlar tarkibida chel el kapitali mavjud boʻlgan mikromoliya tashkilotlari soni oʻtgan yilning I yarim yilligiga nisbatan 5 taga ortib, 2025-yilning I yarim yilligida 20 taga (mikromoliya tashkilotlari 12 ta va lombardlar 8 ta) yetgan.

Bunda, faoliyat yuritayotgan mikromoliya tashkilotlari va lombardlarning eng koʻp qismi Toshkent shahri (64 ta mikromoliya tashkiloti va 47 ta lombard) va Fargʻona viloyati (19 ta mikromoliya tashkiloti va 4 ta lombard) hissasiga toʻgʻri kelsa, Qoraqalpogʻiston Respublikasi va Qashqadaryo viloyatlarida 1 tadan bosh ofislari joylashgan.
Dislokatsiya boʻyicha Toshkent shahrida lombardlarning 36 ta filiallari va mikromoliya tashkilotlarining 31 ta filiallari faoliyat yuritsa, Sirdaryo viloyatida mazkur koʻrsatkich mos ravishda jami 3 ta va 10 tani tashkil etadi.

Mikromoliya tashkilotlari va lombardlar tomonidan 2025-yil yilning yanvar-iyun oylarida jami 13,3 trln soʻm miqdorida kreditlar ajratilib, kreditlash miqdori oʻtgan yilning mos davriga nisbatan 2,1 barobarga, xususan mikromoliya tashkilotlarida 2,2 barobar va lombardlarda 31 foizga oshgan. Bunda, kreditlashning 90 foizi (12,0 trln soʻmi) mikromoliya tashkilotlari va 10 foizi (1,3 trln soʻmi) lombardlar hissasiga toʻgʻri kelgan.

Mikromoliya tashkilotlari va lombardlar tomonidan koʻrsatilgan xizmatlarning 12,8 trln soʻmi yoki 97 foizi jismoniy shaxslar va 417 mlrd soʻmi yoki 3 foizi yuridik shaxslar hissasiga toʻgʻri keladi. 

Ajratilgan kreditlar segmentatsiyasida 2025-yilning yanvar-iyun oylari davomida ajratilgan onlayn kreditlar oʻtgan yilning mos davriga nisbatan 26 foizga ortib, mikromoliya tashkilotlari tomonidan ajratilgan kreditlardagi ulushi 66 foizga yetgan.

Onlayn kreditlash hajmining keskin oshishi jismoniy shaxslar tomonidan “Uzum Market” elektron platformasi, “Uzum Tezkor” yetkazib berish xizmati va “Uzum Nasiya”ga ulangan boshqa savdo shahobchalardan tovar xom-ashyo sotib olishda, “Tezkoin” (5,6 trln soʻm) “Shaffof-Moliya” (2,3 trln soʻm) va “Peyleyter” (56 mlrd soʻm) mikromoliya tashkilotlari tomonidan onlayn kreditlar ajratilishi bilan izohlanadi.

Mikromoliya tashkilotlarida islomiy moliyalashtirishga oid “murobaha”, “islomiy ijara”, “salam”, “mushoraka” va “muzoraba” xizmatlari koʻrsatilishiga ruxsat etilgan.
Joriy yilning yanvar-iyun oylarida 3,9 mlrd soʻmlik islomiy moliyalashtirishga oid xizmatlar koʻrsatilgan boʻlib, ushbu koʻrsatilgan moliyaviy xizmatlarning barchasi “murobaha” xizmatiga toʻgʻri keladi.
“Mikromoliya tashkilotlari tomonidan islomiy moliyalashtirishga oid xizmatlarni koʻrsatish tartibi toʻgʻrisida”gi Nizom (roʻyxat raqami 3536, 2024-yil 26-iyul) qabul qilingandan soʻng, mikromoliya tashkilotlariga islomiy moliyalashtirishga oid xizmatlarni koʻrsatishga ruxsat berildi.

Jismoniy shaxslarga ajratilgan kreditlar miqdorlari boʻyicha segmentatsiyasida 2025-yilning yanvar-iyun oylarida ajratilgan kreditlarning 60 foizi 10 mln soʻmgacha boʻlgan kreditlarni, 10-20 mln soʻmgacha va 20-50 mln soʻmgacha boʻlgan kreditlar ulushining har biri 15 foizdan va 50-100 mln soʻmgacha boʻlgan kreditlar ulushi 10 foizni tashkil etgan.
Oʻtgan bir yilda 10 mln soʻmgacha boʻlgan kreditlar ulushi 14 foizga, 10-20 mln soʻmgacha boʻlgan kreditlar ulushi 1 foizga oshgan boʻlsa, 20-50 mln soʻmgacha boʻlgan kreditlar 9 foizga va 50-100 mln soʻm miqdoridagi kreditlarda 6 foizga kamaygan.

Yuridik shaxslarga ajratilgan kreditlar miqdorlari segmentatsiyasida 100-200 mln soʻmgacha boʻlgan kreditlar ulushi 51 foizni, 200-300 mln soʻmgacha boʻlgan kreditlar ulushi 30 foizni, 300 mln soʻmdan yuqori boʻlgan kreditlar ulushi 7 foizni, 50 mln soʻmgacha va 50-100 mln soʻmgacha boʻlgan kreditlar har birining ulushi 6 foizni tashkil etgan.

Joriy yilning II choragi yakunida oʻtgan yilning hisobot sanasiga nisbatan 50 mln soʻmgacha boʻlgan kreditlar ulushi 1 foizga, 300 mln soʻmdan yuqori boʻlgan ajratilgan kreditlar ulushi 2 foizga va 200-300 mln soʻmgacha boʻlgan ajratilgan kreditlar ulushi 3 foizga oshgan boʻlsa, 50-100 mln soʻmgacha boʻlgan kreditlar ulushi 5 foizga, 100-200 mln soʻmgacha boʻlgan kreditlar ulushi 1 foizga kamaygan.

Mikromoliya tashkilotlarida joriy yilning iyun oyida ajratilgan mikroqarzlarning oʻrtacha tortilgan foiz stavkasi 60,2 foizni tashkil etib, eng quyi va yuqori cheraga 42-109,5 foiz oraligʻida shakllangan.

Mikrokreditlarda oʻrtacha tortilgan foiz stavka 55,3 foizni tashkil etgan boʻlsa, eng quyi va yuqori cheraga 44,9-72 foiz oraligʻida shakllangan. Joriy yilning iyun oyida ajratilgan jami mikroqarzlarning 0,2 foizi eng quyi chegara – yillik 42 foizdan, 1,9 foizi eng yuqori chegara – yillik 109,5 foizdan ajratilgan boʻlsa, mikrokreditlarning 6,5 foizi eng quyi chegara (yillik 44,9 foizdan), 2,3 foizi eng yuqori chegarada (yillik 72 foizdan) ajratilgan.

Subyekt turlari boʻyicha iyun oyida jismoniy shaxslarga ajratilgan mikroqarzlarning foiz stavkalari 36-109,5 foiz koridorida, YATT va yuridik shaxslarga ajratilgan mikrokreditlar 41-60 foiz koridorida shakllangan boʻlib, yillik oʻrtacha tortilgan foiz stavkalari mos ravishda 59,9 va 50,9 foizni tashkil etgan.

Lombardlar tomonidan iyun oyida jismoniy shaxslarga ajratilgan mikroqarzlarning foiz stavkalari 60-109,5 foiz koridorida shakllangan boʻlib, yillik oʻrtacha tortilgan foiz stavkasi 97,8 foizni tashkil etgan. 2025-yilning iyun oyi davomida lombardlar tomonidan ajratilgan mikroqarzlarning 0,1 foizi eng quyi chegaraga (yillik 60 foizdan) va 48,2 foizi eng yuqori chegaraga (yillik 109,5 foizdan) toʻgʻri keladi.

Mikromoliya tashkilotlari va lombardlarning aktivlari qoldigʻi oʻtgan yilning mos davriga nisbatan 1,6 barobarga ortib, 2025-yil 1-iyul holatiga 10 trln soʻm doirasida shakllangan. Bunda, mikromoliya tashkilotlarining aktivlari oʻtgan yilning mos davriga nisbatan 1,6 barobarga (3,9 trln soʻmga) oʻsib, 9,4 trln soʻmga yetgan boʻlsa, lombardlar aktivlari 1,5 barobarga (193 mlrd soʻmga) oshib, 606 mlrd soʻmga yetgan.

Mikromoliya tashkilotlari va lombardlar jami aktivlarining 95 foizi (9,5 trln soʻmi) kredit qoʻyilmalari hissasiga toʻgʻri kelib, aktivlar oʻsishi asosan kredit qoʻyilmalarining 1,6 barobarga, xususan mikromoliya tashkilotlarida 1,7 barobarga, lombardlarda 1,5 barobarga oʻsishi hisobiga yuzaga kelgan. Natijada, 2025-yilning I yarim yillik yakunida mikromoliya tashkilotlari va lombardlar kreditlarining barcha kredit tashkilotlar umumiy kredit qoldigʻidagi ulushi 1,6 foizga yetdi.

Mikromoliya tashkilotlari va lombardlar tomonidan jismoniy shaxslarga ajratilgan kreditlar qoldigʻi oʻtgan bir yilda 1,5 barobarga oshib, 8,4 trln soʻmni, shuningdek yuridik shaxslarga ajratilgan kreditlar qoldigʻi 3,8 barobarga oshib, 1,1 trln soʻmni tashkil etgan.

Bunda, YATT va yuridik shaxslarga ajratilgan mikrokreditlar qoldigʻi qariyb 4 barobarga koʻpayib, 1 trln soʻmga, faktoring xizmatlari hajmi 4,1 barobarga oshib, 124 mlrd soʻmga yetgan boʻlsa, lizing xizmatlari hajmi 40 foizga kamayib, 7,2 mlrd soʻmni tashkil etgan.

Mikromoliya tashkilotlarida muammoli kreditlar qoldigʻi (NPL) joriy yilning 1-iyul holatiga 436 mlrd soʻm yoki 4,8 foizni tashkil etib, yil boshiga nisbatan 246 mlrd soʻm yoki 2,4 foiz bandga oshgan.

Bunda, yil boshiga nisbatan “shubhali” kreditlar 2,6 barobarga (253 mlrd soʻmga) oshgan boʻlsa, “umidsiz” kreditlar 28 foizga (7 mlrd soʻmga) kamaygan. Muammoli kreditlarning (NPL) 413 mlrd soʻmi (96 foiz) shubhali, 18 mlrd soʻmi (4 foiz) umidsiz kreditlar hissasiga toʻgʻri keladi.

Mazkur muammoli kreditlar oʻsishining 90 foizi “Tezkoin” (142 mlrd soʻm) va “Shaffof-moliya” (80 mlrd soʻm) mikromoliya tashkiloti hissasiga toʻgʻri kelgan.

Muammoli kreditlarni qoplash koeffitsiyenti (NPL coverage ratio) joriy yil boshiga nisbatan 5 foiz bandga kamaygan holda, 2025-yil II choragi yakuni boʻyicha 52 foizni tashkil etgan.

2025-yilning I yarim yilligi yakunida oʻtgan yilning mos davriga nisbatan mikromoliya tashkilotlari va lombardlarning jami majburiyatlari 1,7 barobarga (2,9 trln soʻmga) oshib, 6,7 trln soʻmni tashkil etgan. Xususan, mikromoliya tashkilotlarining majburiyatlari 1,7 barobarga (2,8 trln soʻmga) oshib, 6,6 trln soʻmni, lombardlarda esa 1,5 barobarga (39 mlrd soʻmga) koʻpayib, 125 mlrd soʻmni tashkil etgan.

Mikromoliya tashkilotlari jami majburiyatlarining 15 foizi (1 trln soʻm) taʼsischilar, 34 foizi (2,2 trln soʻm) tijorat banklari, 6 foizi (395 mlrd soʻm) xalqaro moliya institutlari, 26 foizi (1,8 trln soʻm) mahalliy kompaniyalardan, 4 foizi (239 mlrd soʻm) obligatsiyalarni joylashtirish va 15 foizi (994 mlrd soʻm) boshqa majburiyatlar hisobidan shakllangan.
Bunda, majburiyatlar tarkibida taʼsischilar mablagʻlari 1,6 barobar (384 mlrd soʻm), tijorat banklari resurslari 1,2 barobar (425 mlrd soʻm), xalqaro moliya institutlari mablagʻlari 1,4 barobar (103 mlrd soʻm), mahalliy kompaniyalardan jalb etilgan mablagʻlar 5,1 barobar (1411 mlrd soʻm) va obligatsiyalarni joylashtirishdan tushgan mablagʻlar 4,4 barobarga (185 mlrd soʻm) oshgan.

Lombardlarning jami majburiyatlari 2025-yil 1-iyul holatiga oʻtgan yilning mos davriga nisbatan 1,5 barobarga oshgan holda 125 mlrd soʻmni tashkil etib, uning 56 foizi (70 mlrd soʻm) taʼsischilar, 17 foizi (21 mlrd soʻm) tijorat banklaridan jalb etilgan mablagʻlar va 28 foizi (35 mlrd soʻm) boshqa majburiyatlar hisobidan shakllangan.
Bunda, lombardlar jami majburiyatlari tarkibida taʼsischilar mablagʻlari 2 barobarga (34 mlrd soʻm) va tijorat banklari resurslari 1,8 barobarga (10 mlrd soʻm) oshgan boʻlsa, boshqa majburiyatlari 12 foizga (5 mlrd soʻm) kamaygan.

Mikromoliya tashkilotlari va lombardlar jami kapitali oʻtgan yilning mos davriga nisbatan 1,4 barobarga (911 mlrd soʻm) koʻpayib, 2025-yil 1-iyul holatiga 3,2 trln soʻmga yetgan. Bunda, mikromoliya tashkilotlarining jami kapitali 1,4 barobarga (758 mlrd soʻm) oshib, 2,8 trln soʻmni va lombardlarda 1,5 barobarga (153 mlrd soʻm) oʻsib, 481 mlrd soʻmni tashkil etgan.

Bunda, mikromoliya tashkilotlarining jami kapitali oʻsishida ustav kapitalining 525 mlrd soʻm (54 %), joriy yil foydasi 42 mlrd soʻm (10 %), zaxira kapitali 45 mlrd soʻmga (60 %) hamda taqsimlanmagan foyda 145 mlrd soʻmga (28 %) oshishi, lombardlarda esa ustav kapitalining 58 mlrd soʻm (60 %), joriy yil foydasi 26 mlrd soʻm (32 foiz), taqsimlanmagan foyda 68 mlrd soʻm (49 foiz) hamda zaxira kapitalining 2 mlrd soʻmga (18 foiz) oʻsishi hisobiga yuzaga kelgan.

Shuningdek, 2025-yilning I yarim yilligida oʻtgan yilning mos davriga nisbatan xorij kapitali ishtirokidagi mikromoliya tashkilotlarining ustav kapitali 2,9 barobarga (150 mlrd soʻm) va lombardlarda esa 3,7 barobarga (49 mlrd soʻm) oshgan.

2025 yil yanvar-iyun oylari yakunlari boʻyicha mikromoliya tashkilotlari va lombardlarning jami daromadlari 2,4 trln soʻmni, jami xarajatlari 1,9 trln soʻmni tashkil etib, jami 569 mlrd soʻm miqdorida sof foyda olingan.

Bunda, mikromoliya tashkilotlarida jami daromadlar 2,2 trln soʻmni, jami xarajatlar 1,7 trln soʻmni va sof foyda 462 mlrd soʻmni tashkil etgan boʻlsa, lombardlarda esa jami daromadlar 230 mlrd soʻmni, xarajatlar 123 mlrd soʻmni tashkil etib, 107 mlrd soʻm miqdorida sof foyda olingan.

Mikromoliya tashkilotlarida aktivlar rentabellik koʻrsatkichi (ROA) 2024-yilning I yarim yilligiga nisbatan 0,2 foizga kamayib, tahlil sanasida 19,7 foizni tashkil etgan.

Shuningdek, kapital rentabellik koʻrsatkichi (ROE) 2024 yilning mos davriga nisbatan 5,1 foizga kamayib, 2025-yilning I yarim yillik yakuniy holatiga 39,8 foizga yetgan.

Mazkur holat mikromoliya tashkilotlari sof foydasining aktivlar va kapital koʻrsatkichlari oʻsish surʼatiga nisbatan nomutanosib ravishda oʻsishi bilan izohlanadi.

Bunda, mikromoliya tashkilotlarining jami oʻrtacha aktivlari va kapitali 2024-yilning mos davriga nisbatan 2025-yilning I yarim yilligida mos ravishda 1,7 barobar va 1,4 barobarga oshgan boʻlsa, sof foydaning oʻsishi 23 foizni tashkil etgan.

Shu bilan birga, lombardlarda aktivlar rentabellik koʻrsatkichi (ROA) 2024-yilning mos davriga nisbatan 1,4 foizga kamayib, joriy yilning 1-iyul holatiga 55,3 foizni tashkil etgan boʻlsa, kapital rentabellik koʻrsatkichi (ROE) oʻtgan yilning I yarim yilligiga nisbatan 0,5 foizga oshib, hisobot sanasida 51,7 foizga yetgan.

Eng so'nggi yangiliklardan xabardor bo'ling
Telegram kanalimizga obuna bo'ling