MIKROMAT, Tech Pro va KOVA Foundry sanoat hamkorligini kengaytiradi
MIKROMAT, Tech Pro va KOVA Foundry sanoat hamkorligini kengaytiradi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — 27-noyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri o‘rinbosari Akram Aliyev rahbarligida Germaniyaning MIKROMAT GmbH va Tech Pro Engineering GmbH kompaniyalari, shuningdek, O‘zbekistonning Auto Spring Components (KOVA Foundry) kompaniyasi vakillari ishtirokida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Muzokaralar davomida tomonlar qo‘shma sanoat loyihasining amalga oshirilishi, texnologik jarayonlarning borishi, ishlab chiqarish quvvatlarini oshirish masalalari hamda hamkorlikning keyingi bosqichlariga o‘tish bo‘yicha rejalarni muhokama qildilar.
Shuningdek, texnologik yechimlar va ishlab chiqarish zanjirlarining samaradorligini oshirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
MIKROMAT, Tech Pro Engineering va Auto Spring Components (KOVA Foundry) kompaniyalari o‘rtasida uch tomonlama hamkorlik memorandumi imzolandi.
Ushbu hujjat texnologiyalar transferini chuqurlashtirish, ishlab chiqarishni modernizatsiya qilish hamda yuqori aniqlikdagi metallga ishlov berish uskunalarini joriy etish bo‘yicha hamkorlikni nazarda tutadi.
Tomonlar qo‘shma faoliyatni faollashtirish, ishlab chiqarish dasturlarini kengaytirish hamda O‘zbekistonda yuqori qo‘shilgan qiymatga ega sanoat mahsulotlarini ishlab chiqarishga qaratilgan tashabbuslarni amalga oshirishga tayyor ekanliklarini tasdiqladilar.