MHTI SDSN xalqaro barqaror rivojlanish tarmogʻiga qoʻshildi
MHTI SDSN xalqaro barqaror rivojlanish tarmogʻiga qoʻshildi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Makroiqtisodiy va hududiy tadqiqotlar instituti (MHTI) Kolumbiya universiteti professori Jeffrey Sachs boshchiligida BMT bilan hamkorlikda faoliyat yurituvchi Barqaror rivojlanish yechimlari xalqaro tarmog‘i (Sustainable Development Solutions Network - SDSN) a’zosiga aylandi.
Mazkur a’zolik Institut uchun xalqaro ekspertlar va yetakchi tadqiqot markazlari bilan hamkorlikni kengaytirish, qo‘shma ilmiy tadqiqotlar va pilot loyihalarni amalga oshirish, shuningdek barqaror hududiy rivojlanish bo‘yicha global tajribani O‘zbekiston sharoitiga moslashtirish bo‘yicha yangi imkoniyatlarni ochadi.
Ushbu hamkorlikning navbatdagi bosqichi sifatida mamlakatdagi yetakchi oliy ta’lim muassasalaridan birini faol jalb etish rejalashtirilmoqda. Bu esa ilm-fan, ta'lim va amaliyot o‘rtasidagi uzviy bog‘liqlikni yanada mustahkamlaydi.
MHTIda ushbu yo‘nalishda tizimli ishlar yo‘lga qo‘yilgan: Barqaror rivojlanish maqsadlarini amalga oshirish bo‘yicha milliy hisobot (2020 y., 2023 y.), Global barqaror rivojlanish tizimida O‘zbekistonning o'rni (2025 y.), Viloyatlar kesimida BRMga erishishni monitoring qilish bo‘yicha xorijiy tajribasi (2026 y.) kabi tadqiqotlar amalga oshirilgan.
Avvalroq SDSN hamda Fransiya Rivojlanish Agentligi bilan birgalikda BRMni hududlar darajasida monitoring qilish tizimini joriy etish bo‘yicha Hamkorlik Memorandumi imzolangan edi.
SDSN ilm-fan, siyosat va rivojlanish amaliyoti kesishgan nuqtada faoliyat yuritib, Barqaror rivojlanish maqsadlariga (BRM) global, mintaqaviy, milliy va mahalliy darajalarda erishishni eng yuqori darajada ta’minlashga xizmat qiladi. BMT, xalqaro moliyaviy tashkilotlar, hukumatlar, akademik doiralar, fuqarolik jamiyati hamda xususiy sektor bilan hamkorlikda BRMlarni amalga oshirishning ilmiy asoslangan yo‘llarini ishlab chiqadi, shuningdek, o‘zaro bilim almashish va ilg‘or tajribalarni tarqatishga ko‘maklashadi.
Tarmoq 2012-yilda BMT sobiq Bosh kotibi Ban Ki-moon va professor Jeffrey Sachs tashabbusi bilan ta’lim, ilmiy tadqiqotlar, siyosiy tahlil va xalqaro hamkorlik yo‘nalishlari orqali barqaror rivojlanishga kompleks yondashuvlarni ilgari surish maqsadida tashkil etilgan.