Mediatsiya institutini takomillashtirishga qaratilgan Qonun muhokama qilindi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Senatning to‘qqizinchi yalpi majlisida “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga nizolarni muqobil hal etishda mediatsiya institutini takomillashtirishga qaratilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi Qonun muhokama qilindi.
So‘nggi yillarda respublikamizda huquqni himoya qilish, jismoniy hamda yuridik shaxslarning vaqt va mablag‘ini tejash, turli qog‘ozbozliklarning oldini olish, nizolarni taraflarning yarashuviga asosan tinch yo‘l bilan hal etishga qaratilgan huquq institutlari, xususan, mediatsiya instituti, shuningdek hakamlik sudlari tomonidan nizolarni sudgacha hal qilish amaliyoti yo‘lga qo‘yilganligi senatorlar tomonidan taʼkidlandi.
2019-yilda qabul qilingan “Mediatsiya to‘g‘risida”gi Qonun hamda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 17-iyundagi “Nizolarni muqobil hal etishning mexanizmlarini yana-da takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori bu borada yangi bosqichni boshlab berganligi qayd etildi.
Biroq sudlarda ish hajmi yildan yilga ortmoqda, sudga qadar va yoki sud muhokamasining bosqichida mediativ kelishuvlar soni esa atigi 4,2 foizni tashkil qiladi, bu mediatsiyaning taʼsir doirasini kuchaytirish, sohaga ishonchni yanada oshirish zarurligidan darak beradi.
Mazkur Qonun ushbu masalalarning huquqiy yechimi sifatida ishlab chiqilgan bo‘lib, “Mediatsiya to‘g‘risida”gi, “Notariat to‘g‘risida”gi, “Davlat boji to‘g‘risida”gi, “Sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etish to‘g‘risida”gi qonunlar, shuningdek, Fuqarolik protsessual, Iqtisodiy protsessual, Soliq hamda Oila kodekslariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilmoqda.
Xususan, “Notariat to‘g‘risida”gi Qonunda notariusga “Mediatsiya to‘g‘risida”gi Qonunda belgilangan tartibda cheklanmagan mediator vazifasini bajarish huquqi berilishi nazarda tutilmoqda.
Shuningdek, “Mediatsiya to‘g‘risida”gi Qonun yangi bob bilan to‘ldirilib, mediatsiya sohasidagi vakolatli davlat organi etib Adliya vazirligi belgilanmoqda. Unda Adliya vazirligi o‘z vakolatlari doirasida mediatsiyaga oid normativ-huquqiy hujjatlarni qabul qilishi, mediatorlarning kasb etikasi qoidalarini, ularning kasbiy malakasini oshirish tartibini hamda mediatorlarni tayyorlash dasturlarini tasdiqlashi, shuningdek qonunchilikka muvofiq boshqa vakolatlarni ham amalga oshirishi mumkinligi belgilanmoqda.
Shu bilan birga, amaldagi qonunchilik hujjatlarida mediatsiya qo‘llaniladigan sohalar doirasi kengaytirilib, mediatorlarning noprofessional turi chiqarib tashlanmoqda va mediatorlarga oliy maʼlumotli bo‘lish talabi qo‘yilmoqda. Mediatorlarning har uch yilda malakasini oshirish zarurati, mediatorlarning malaka komissiyalari tashkil etilishi, mediativ kelishuvni majburiy ijro etishga oid qoidalar kiritilmoqda.
Senatorlar ushbu Qonunning qabul qilinishi nizolarni sudgacha hal qilish mexanizmlarining amaliyotda samarali ishlashini taʼminlashga, mediatsiya sohasining huquqiy asoslarini mustahkamlash orqali sudlarda ish yuklamasini kamaytirishga, shuningdek, O‘zbekistoning biznes yuritish sohasidagi xalqaro reytingdagi darajasini va investitsion imijini xalqaro darajada yuksaltirishga xizmat qilishini taʼkidladi.
Muhokama yakunida Qonun senatorlar tomonidan maʼqullandi.