“McKinsey&Company” delegatsiyasi vakillari bilan uchrashuv o‘tkazildi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Joriy yilning 12-iyun kuni O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vaziri birinchi o‘rinbosari Ilhom Norqulov “McKinsey&Company” delegatsiyasi vakillari bilan uchrashdi.
Delegatsiya tarkibida bosh hamkor Yermolay Soljenitsin, turizm va mehmondo‘stlik amaliyoti bo‘yicha hamkor Margo Konstantin hamda “McKinsey & Co.” kompaniyasining Ozarbayjondagi boshqaruvchi hamkori Murat Gursoy ishtirok etdi.
“McKinsey & Company” — strategik boshqaruv masalalarini hal etishga ixtisoslashgan xalqaro konsalting kompaniyasidir. U maslahatchi sifatida dunyoning yirik kompaniyalari, davlat muassasalari va notijorat tashkilotlari bilan hamkorlik qiladi.
Uchrashuv davomida tomonlar O‘zbekistonda turizm sohasini rivojlantirish istiqbollarini muhokama qildi. Xususan, chet el sarmoyalarini jalb etish, infratuzilmani yaxshilash, turizm xizmatlarining sifatini oshirish va mamlakatni xalqaro sayyohlik bozorlarida targ‘ib qilish imkoniyatlari ko‘rib chiqildi.
“McKinsey & Company” vakillari o‘zlarining xalqaro tajribalari va muvaffaqiyatli misollari bilan o‘rtoqlashdi, shuningdek, O‘zbekistonda turizmni rivojlantirishga qaratilgan strategik tashabbuslarni ishlab chiqishda ekspertlik yordamini ko‘rsatishga tayyorliklarini bildirdi.
Uchrashuv yakunida tomonlar kelajakda turizm sohasida hamkorlik qilish va qo‘shma loyihalarni amalga oshirishdan manfaatdor ekanliklarini ta’kidladi.