Valyuta kurslari 09/12/2025
$1 – 11990.09
UZS – 0,22%
€1 – 13974.45
UZS – 0,03%
₽1 – 157.95
UZS – 1,67%
Qidirish
MB Humans ilovasi bilan bog‘liq holat yuzasidan maʼlumot berdi

MB Humans ilovasi bilan bog‘liq holat yuzasidan maʼlumot berdi

MB Humans ilovasi bilan bog‘liq holat yuzasidan maʼlumot berdi

Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki Humans Companies AJ tomonidan Octagram AJ (Paylov savdo belgisi) agenti sifatida taqdim etiladigan Humans mobil ilovasi orqali P2P o‘tkazmalarini vaqtincha to‘xtatib qo‘yganini eʼlon qildi.

Markaziy bankka ko‘ra, “Humans companies” AJ va “Octagram” AJ tashkilotlari o‘rtasida 2025 yil 10 aprelda 32-sonli shartnoma imzolangan bo‘lib, unga muvofiq Humans agent sifatida o‘z mijozlariga to‘lov xizmatlarini (to‘lov va P2P pul o‘tkazmalari) yetkazib berishni boshlagan.

2025 yil 8 dekabr kuni soat 08:30 atrofida Markaziy bankka fuqarolar tomonidan Humans ilovasi orqali mablag‘lar yechib olingani haqida murojaatlar kelib tushgan. Ushbu holat yuzasidan Markaziy bank o‘z vakolatlari doirasida “Octagram” AJ (Paylov – savdo belgisi) bilan bog‘lanib, xavfsizlik talablariga rioya etilishini taʼminlash va ehtimoliy zaiflikni bartaraf etish maqsadida P2P amaliyotlarini to‘xtatish bo‘yicha ko‘rsatma bergan.

9 dekabr holatiga ko‘ra Humans mobil ilovasi orqali “Octagram” AJ (Paylov – savdo belgisi) tomonidan olib borilayotgan barcha to‘lov xizmatlari vaqtincha to‘xtatilgan.

Uzcart va Humo kartalari orqali amalga oshiriladigan to‘lov va o‘tkazmalar odatiy tartibda ishlamoqda. Kartalardan boshqa bank va to‘lov tashkilotlari ilovalarida foydalanish imkoniyati ham saqlanib qolgan.

Ayni paytda mazkur holat yuzasidan tezkor tekshiruv ishlari boshlangan bo‘lib, barcha shubhali tranzaksiyalar, texnik jarayonlar va platformalar o‘rtasidagi amaliy hamkorlik to‘liq o‘rganilmoqda.

Fuqarolarga zarur hollarda belgilangan tartibda huquqni muhofaza qilish organlariga murojaat qilish tavsiya etiladi.

Eng so'nggi yangiliklardan xabardor bo'ling
Telegram kanalimizga obuna bo'ling