Maxsus yuklar va harbiy tarkiblarning tranzit ruxsatnomasiga taalluqli qarorni qabul qilish muddati qisqartirilmoqda
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Qonun bilan ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi.
Mazkur Qonun maxsus yuklar va harbiy tarkiblarning tranziti hajmini oshirishga, aholini va hududlarni favqulodda vaziyatlardan muhofaza qilish sohasidagi munosabatlarni tartibga solishning huquqiy asoslarini mustahkamlashga xizmat qiladi.
Qonun hujjatlariga kiritilgan o‘zgartirishlarga ko‘ra, tranzit ruxsatnomasini berish to‘g‘risidagi yoki uni berishni rad etish haqidagi qaror ariza olingan kundan eʼtiboran yigirma kundan ortiq bo‘lmagan muddatda qabul qilinishi belgilandi.
Qo‘shimcha o‘rganish va (yoki) tekshirish, qo‘shimcha hujjatlarni so‘rab olish talab etilganda mazkur muddat o‘n kungacha uzaytirilishi mumkin.
Shuningdek, Favqulodda vaziyatlarni bartaraf etish uchun kuchlar maxsus vakolatli davlat organining harbiy, ixtisoslashtirilgan yong‘in-qutqaruv bo‘linmalaridan, Favqulodda vaziyatlar davlat tizimi tarkibiga kiruvchi respublika ijro etuvchi hokimiyat organlarining va boshqa tashkilotlarning tegishli tuzilmalari hamda bo‘linmalaridan iboratligi belgilandi.
Ushbu Qonun rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.