Valyuta kurslari 04/09/2025
$1 – 12374.55
UZS – -0,39%
€1 – 14425.01
UZS – -0,23%
₽1 – 153.13
UZS – -0,76%
Qidirish
Masʼuliyati cheklangan jamiyatlar faoliyatining huquqiy asoslari takomillashmoqda

Masʼuliyati cheklangan jamiyatlar faoliyatining huquqiy asoslari takomillashmoqda

Masʼuliyati cheklangan jamiyatlar faoliyatining huquqiy asoslari takomillashmoqda

Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Oliy Majlis Senatining yalpi majlisida “Masʼuliyati cheklangan jamiyatlar to‘g‘risida”gi Qonun muhokama qilindi.

Taʼkidlanganidek, so‘nggi yillarda mamlakatimizda tadbirkorlik subyektlarini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, shu jumladan korporativ munosabatlarni rivojlantirish borasida izchil islohotlar amalga oshirilmoqda.

Muhokama davomida eʼtibor masʼuliyati cheklangan jamiyatlar faoliyatini tartibga soluvchi normalarni tizimlashtirish va birxillashtirish hamda ijobiy xorijiy tajribadan kelib chiqib, ularni to‘ldirish zarurati mavjudligiga qaratildi.

Ushbu Qonunda jamiyatning filiallari va vakolatxonalarini, shuʼba hamda qaram xo‘jalik jamiyatlarini ochish tartibi, jamiyat ishtirokchilarining o‘rtasidagi nizoli vaziyatni hal etish hamda jamiyat umumiy yig‘ilishi bayonnomasi nusxalarini ishtirokchilarga yetkazish masalalari o‘z aksini topgan. Bundan tashqari, jamiyat kuzatuv kengashi aʼzolarini saylash tartibi hamda jamiyatning yakkaboshchilik asosidagi ijro etuvchi organi (direktor)ning va kollegial ijro etuvchi organlarining majburiyatlari ham nazarda tutilmoqda.

Qonun bilan jamiyat nafaqat litsenziya, balki ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatlar asosida yoki xabardor qilish tartibida muayyan faoliyat turlari bilan shug‘ullanishi mumkinligi belgilanmoqda. Jamiyat ishtirokchilariga o‘z korporativ huquqlarini amalga oshirish to‘g‘risida korporativ shartnomalar tuzish kabi bir qator huquqlar berilishi nazarda tutilmoqda.

Bundan tashqari, jamiyat kuzatuv kengashining qarorlarini sirtdan ovoz berish va kuzatuv kengashi aʼzolarini saylash tartibi, kuzatuv kengashining vakolatlari hamda minoritar ishtirokchilar qo‘mitasini tashkil etishga oid qoida mustahkamlanmoqda.

Majlisda masʼuliyati cheklangan jamiyatlar faoliyatiga zamonaviy korporativ boshqaruv tizimini joriy etish, ular faoliyatini tartibga soluvchi qonun hujjatlaridagi huquqiy bo‘shliqlarni bartaraf qilish hamda jamiyat ishtirokchilarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish masalalariga ham alohida urg‘u berildi.

Senatorlar o‘z chiqishlarida ushbu Qonun jamiyat ishtirokchilari huquqlari va qonuniy manfaatlarining kafolatlarini yana-da mustahkamlashini, ularning ulushlari aldov va firibgarlik yo‘li bilan o‘zlashtirilishiga yo‘l qo‘ymaslik uchun huquqiy asos bo‘lib xizmat qilishini taʼkidlab o‘tdi.

Muhokama yakunida mazkur Qonun senatorlar tomonidan maʼqullandi.

Eng so'nggi yangiliklardan xabardor bo'ling
Telegram kanalimizga obuna bo'ling