Maskatda O‘zbekiston-O‘mon biznes forumi bo‘lib o‘tdi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi boshchiligidagi ayol tadbirkorlarning O‘mon Sultonligiga tashrifi doirasida O‘zbekiston-O‘mon biznes forumi bo‘lib o‘tdi. Unda ikki davlatning 100 dan ortiq ishbilarmon doiralari vakillari ishtirok etdi.
Forumni O‘mon Sultonligi Savdo-sanoat palatasining xotin-qizlar uyushmasi rahbari Siham Al-Harti, O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi raisi o‘rinbosari Nodira Shotursunova, O‘zbekistonning O‘mon Sultonligidagi elchisi Abdusalom Xatamov o‘z nutqlari bilan ochib berishdi.
Forum davomida ishtirokchilarga ikki mamlakatda amalga oshirilayotgan islohotlar, tadbirkorlik faoliyati uchun yaratilgan qulay sharoitlar, O‘zbekiston va O‘monning investitsiyaviy va eksport salohiyati haqida atroflicha maʼlumotlar berildi.
Mazkur tadbir o‘zaro savdo-iqtisodiy aloqalarni mustahkamlash, hamkorlik istiqbollarini muhokama qilish va qo‘shma loyihalarni amalga oshirish uchun muhim platformaga aylandi.
Forum yakunlari bo‘yicha, O‘zbekiston hamda O‘mon ishbilarmon doira vakillari o‘rtasida V2V formatidagi ikki tomonlama uchrashuvlar o‘tkazilib, hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan qator kelishuvlarga erishildi.