Marubeni bilan DXSh va yashil iqtisodiyot sohasida hamkorlik muhokama qilindi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Joriy yilning 18-mart kuni O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vaziri o‘rinbosari Ilhomjon Umrzakov Yaponiyaning “Marubeni Corporation” kompaniyasi vakillari bilan uchrashuv o‘tkazdi. Unda kompaniyaning O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari Kensuke Nisiyama hamda yangi tayinlanayotgan rahbari Yasuaki Fujii, shuningdek, vazirlik mas’ul xodimlari ishtirok etdi.
“Marubeni Corporation” — yirik xalqaro savdo va sarmoya kompaniyasi bo‘lib, u 1858-yilda tashkil etilgan. Kompaniya bugungi kunda dunyo bo‘ylab 131 ta filial va ofislarga egalik qiladi. Jami 45 mingdan ortiq xodim ishlaydigan ushbu kompaniya global miqyosda sanoat, infratuzilma, energetika va “yashil” iqtisodiyot yo‘nalishlarida faoliyat yuritadi.
Uchrashuv davomida davlat-xususiy sheriklik (DXSh) va “yashil” iqtisodiyot sohasidagi hamkorlik istiqbollari muhokama qilindi. Tomonlar O‘zbekiston iqtisodiyotini rivojlantirish yo‘lida DXSh mexanizmlarini keng joriy etish, ekologik barqarorlikni ta’minlash hamda “yashil” iqtisodiyot loyihalarini ilgari surish masalalariga alohida e’tibor qaratdi.
“Marubeni Corporation” vakillari O‘zbekistonda qayta tiklanuvchi energetika, suv ta’minoti hamda ekologik toza sanoat mahsulotlarini rivojlantirishda o‘z tajribalarini taqdim etishga tayyor ekanliklarini bildirdi.
Tomonlar istiqbolli loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha kelishuvga erishib, O‘zbekiston va Yaponiya o‘rtasidagi iqtisodiy aloqalarni yanada rivojlantirishga qaratilgan hamkorlikni davom ettirishga tayyor ekanliklarini ta’kidladi.