Markaziy Osiyodagi birinchi erta ta'lim markazi O'zbekistonda tashkil etilmoqda
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Oʻzbekiston Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi, UNICEF va Fondazione Reggio Children oʻrtasida Markaziy Osiyoda oʻziga xos boʻlgan birinchi Erta taʼlim boʻyicha mintaqaviy tadqiqot va innovatsiya markazini tashkil etish boʻyicha muhim oʻzaro anglashuv memorandumi imzolandi.
“Erta ta’lim sohasida Regional ilmiy-tadqiqot va innovatsiya markazini tashkil etish — har bir bola ilk yillardan boshlab sifatli, bola markazidagi ta’lim olishini ta’minlashga qaratilgan islohotlarimizning mantiqiy davomidur. UNICEF va Fondazione Reggio Children bilan hamkorlik pedagoglarning kasbiy rivojlanishini tizimli ravishda kuchaytirish, ilmiy tadqiqotlarni ilgari surish hamda dalillarga tayangan amaliyotlarni — xususan, inklyuziya, o‘yin orqali ta’lim va ijtimoiy-emotsional rivojlanishni — keng joriy etish imkonini beradi. Ushbu tashabbus mintaqaviy tajriba almashuv platformasiga aylanib, O‘zbekistonda va undan tashqarida amaliy, ko‘zga ko‘rinadigan natijalar berishiga ishonamiz,” — dedi Lola Berdieva xonim, Maktabgacha ta’lim tizimi faoliyatini muvofiqlashtirish departamenti direktori.
Yangi markaz pedagoglarning kasbiy rivijlanishidagi innovatsiyalarga ustuvor ahamiyat qaratadi, ta’lim sohasidagi tadqiqotlar va bola shaxsiga yo‘naltirilgan yuqori sifatli ta’limni rag‘batlantiradi, hamda bola hayotining dastlabki yillaridanoq tanqidiy fikrlash, ijodkorlik va ijtimoiy-hissiy ko‘nikmalarni mustahkamlaydi. Shuningdek, xalqaro tajriba, tadqiqotlar va ilg‘or tajriba almashishni rag‘batlantiradi, mamlakatda amalga oshirilayotgan ta’lim islohotlarini va inklyuziv erta ta’lim bo‘yicha olingan global majburiyatlarni qo‘llab-quvvatlaydi.
“UNICEF, Reggio Emilia jamg‘armasi (Fondazione Reggio Emilia) va O‘zbekiston hukumati o‘rtasidagi strategik sheriklik orqali biz O‘zbekistonda maktabgacha ta’lim sifatini yanada oshirish hamda sifatli va inklyuziv maktabgacha ta’limni rivojlantirish bo‘yicha O‘zbekiston tajribasini butun mintaqa bilan o‘rtoqlashish imkoniyatini ko‘rmoqdamiz,” – dedi UNICEFning O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari Rehina Mariya Kastijio xonim.
Ushbu markaz, mintaqaviy markaz sifatida, Reggio Emilia sifat yondashuvini, ya’ni tadqiqotga hamda bolalarning qiziqishiga asoslangan erta ta’limning global standartini qo‘llashga qiziqqan Markaziy Osiyodagi davlat va nodavlat maktabgacha ta’lim tashkilotlari bilan yaqindan hamkorlik qiladi.
“Fondazione Reggio Children” Ta’lim sohasidagi tadqiqotlar va innovatsiyalar markazining tashkil etilishi bolalar uchun sifatli erta ta’limni rivojlantirish hamda Reggio Emilia uchun maktabgacha ta’lim tizimini takomillashtirishni o‘z zimmasiga olgan O‘zbekiston ta’lim tizimining talablari va malakasiga javob berish imkoniyatini yaratish yo‘lidagi muhim qadamdir. Biz UNICEFga ushbu imkoniyatni yaratib bergani uchun juda minnatdormiz va yaqin kelajakda birgalikda ishlashga tayyormiz. Ishonchimiz komilki, bu O‘zbekiston va mintaqa uchun sifatli ta’lim sari qo‘yilgan ulkan qadamdir,” – dedi “Fondazione Reggio Children” bosh direktori janob Kristian Fabbi.
Mintaqaviy markaz izlanish, ijodkorlik va ijtimoiy-hissiy ta’limga asoslangan, bolalar shaxsiga yo‘naltirilgan yangi yondashuvlarni, jumladan, o‘yin orqali o‘rganish, iqlim o‘zgarishi va ijtimoiy-hissiy ta’lim kabi sohalardagi tadqiqotlarga yangicha e’tiborni tatbiq etadi.
Oʻzbekistonni butun dunyo boʻylab boshqa innovatsion markazlar bilan bogʻlash orqali ushbu tashabbus 174 000 maktabgacha taʼlim tashkilotlari xodimlariga taʼsir koʻrsatadigan xalqaro tadqiqotlarni ilgari suradi va taʼlim faoliyatini rivojlantiradi, bu esa Oʻzbekistondagi 2,4 million maktabgacha yoshdagi bolalarning, va boshqa mamlakatlar bolalarining erta taʼlimini yaxshilashga hissa qoʻshadi.