Valyuta kurslari 23/01/2026
$1 – 12136.92
UZS – 0,12%
€1 – 14191.70
UZS – 0,03%
₽1 – 159.99
UZS – 2,3%
Qidirish
Markaziy Osiyoda ilk bor agrivoltaika loyihasiga start berildi

Markaziy Osiyoda ilk bor agrivoltaika loyihasiga start berildi

Markaziy Osiyoda ilk bor agrivoltaika loyihasiga start berildi

Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Sabzavot, poliz ekinlari va kartoshkachilik ilmiy-tadqiqot institutida xalqaro hamkorlik doirasida navbatdagi muhim loyiha amalga oshirilmoqda.

Qishloq xo‘jaligi va qayta tiklanuvchi energiya sohalarini uyg‘unlashtirgan agrivoltaika loyihasi ilm-fan va innovatsiyalarni bevosita amaliyotga joriy etishga qaratilgani bilan ahamiyatlidir.

Mazkur loyiha Fransiyaning yashil energetika yo‘nalishida faoliyat yurituvchi “Voltalia CA” kompaniyasi bilan hamkorlikda amalga oshirilmoqda.

Agrivoltaika texnologiyasi orqali bir vaqtning o‘zida elektr energiyasi ishlab chiqarish va qishloq xo‘jaligi ekinlarini yetishtirish imkoniyati yaratiladi. Bu esa yer va energiya resurslaridan samarali foydalanish, ilmiy tajribalarni kengaytirish hamda barqaror rivojlanishni ta’minlashga xizmat qiladi.

Loyihaning ochilish tadbirida Qishloq xo‘jaligi vaziri o‘rinbosari Akmal Qosimov, shuningdek, Fransiyaning O‘zbekistondagi Favqulodda va Muxtor Elchisi Ualid Fuk ishtirok etdi. Tadbir davomida ikki tomonlama hamkorlikni mustahkamlash, yashil energetika va agrar ilm-fanni uyg‘unlashtirish masalalari muhokama qilindi.

Sabzavot, poliz ekinlari va kartoshkachilik ilmiy-tadqiqot instituti Toshkent ilmiy-tajriba stansiyasi hududida sinov tariqasida 800 kVt quvvatga ega yashil energiya ishlab chiqarish loyihasi yo‘lga qo‘yilmoqda. Ushbu loyiha 1 million AQSh dollari miqdoridagi grant asosida amalga oshirilib, quyosh panellari ostida sabzavot, kartoshka va poliz ekinlarini yetishtirish bo‘yicha ilmiy tajribalar olib boriladi.

Loyiha doirasida institut hududidan 1 gektar yer maydoni ajratilib, tomonlar o‘rtasida investitsion shartnoma imzolandi.

Ta’kidlanishicha, mazkur agrivoltaika loyihasi qishloq xo‘jaligida innovatsion yondashuvlarni keng joriy etish, ilmiy-tadqiqot ishlarining amaliy samaradorligini oshirish hamda qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanish ko‘lamini kengaytirishga xizmat qiladi.

Eng so'nggi yangiliklardan xabardor bo'ling
Telegram kanalimizga obuna bo'ling