Markaziy Osiyoda chorvachilik qiymat zanjirlari: holati, muammolari va siyosati muhokama qilindi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Poytaxtimizda “Markaziy Osiyoda chorvachilik qiymat zanjirlari: holati, muammolari va siyosat” mavzusida mintaqaviy texnik seminar bo‘lib o‘tdi. Tadbirda 50 dan ortiq ishtirokchilar — davlat idoralari, ilmiy muassasalar, xususiy sektor va xalqaro tashkilotlar vakillari — chorvachilik qiymat zanjirlarining hozirgi holati, muammolari hamda rivojlanish istiqbollarini muhokama qildilar.
Seminar Germaniyaning Gyessen shahridagi Yustus Libix nomidagi universitet huzuridagi Xalqaro taraqqiyot va atrof-muhitni tadqiq etish markazi (ZEU), BMT Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti (FAO)ning O‘zbekistondagi vakolatxonasi hamda “Iqlimga chidamli qishloq xo‘jaligi bo‘yicha Germaniya–O‘zbekiston muloqoti” tashabbusi tomonidan tashkil etildi.
Ishtirokchilar Markaziy Osiyo mamlakatlarida chorvachilik qiymat zanjirlarini rivojlantirish, kichik fermerlarning bozorga integratsiyasi, barqaror ozuqa ishlab chiqarish hamda hayvon kasalliklariga qarshi kurashda mintaqaviy hamkorlik masalalarini muhokama qildilar.
Kirish so‘zlari bilan FAO O‘zbekiston vakili Maripa Kichinebatyrova, Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish qo‘mitasi huzuridagi Chorvachilik va parrandachilik ilmiy-tadqiqot instituti direktori doktor Azamjon Nurmatov, hamda Yustus Libix universiteti (Gyessen) professori doktor Martin Petrik chiqish qildilar.
Seminarda Germaniya hukumati tomonidan moliyalashtirilgan “Trans-Livestock: Tojikiston va O‘zbekiston transchegaraviy hududlarida chorvachilikning iqtisodiy integratsiyasi” xalqaro tadqiqot loyihasining natijalari taqdim etildi. 2022–2025-yillar davomida amalga oshirilayotgan loyiha chorvachilik mahsulotlari savdosi, barqaror ozuqa ta’minoti, yaylovlardan oqilona foydalanish va chorvachilik tarmog‘ining mintaqaviy iqtisodiyotga integratsiyasini o‘rganishga qaratilgan.
Loyihaning hamkorlari safida Tojikiston qishloq xo‘jaligi fanlari akademiyasi (Xo‘jand), O‘zbekiston Chorvachilik va parrandachilik ilmiy-tadqiqot instituti, Qishloq xo‘jaligini isloh qilish va innovatsiyalar markazi (CARIS, Samarqand), hamda FAOning Markaziy Osiyo bo‘yicha submintaqaviy ofisi (Olmaota, Qozog‘iston) mavjud.
Seminarda ekspertlar kichik va yirik chorvadorlarning rolini, ularning manfaatlarini bozor ishtirokchilari va davlat bilan uyg‘unlashtirish yo‘llarini, davlat xizmatlarini yanada samarali qilish choralarini, shuningdek, O‘zbekiston kelajak fermerlarini shakllantirishda bozor va hukumatning o‘rni masalasini muhokama qildilar.
Professor Martin Petrik ta’kidlashicha, “Seminar davomida yosh fermerlar masalasi alohida qiziqish uyg‘otdi — ular o‘z kelajagini mustaqil shakllantira olishlari va buning uchun zarur resurslarga ega bo‘lishlari masalasi juda muhim. Bu yosh jamiyat bo‘lgan O‘zbekiston uchun dolzarb savollar.”
Shuningdek, ekspertlar chorvachilik sohasida iqtisodiy hamkorlikni kengaytirish, “Yagona salomatlik” yondashuvi orqali pandemiyalarga tayyorgarlikni mustahkamlash va ilmiy tadqiqotlar bilan siyosat ishlab chiqish jarayonlarini bog‘lash zarurligini ta’kidladilar.
Seminar yakunida barqaror chorvachilikni rivojlantirish, mintaqaviy savdoni kuchaytirish hamda qo‘shma ilmiy tashabbuslarni kengaytirishga qaratilgan siyosiy takliflar muhokama qilindi.