Valyuta kurslari 23/10/2025
$1 – 12101.29
UZS – 0,75%
€1 – 14031.45
UZS – 0,53%
₽1 – 148.01
UZS – -0,05%
Qidirish
Markaziy Osiyoda barqaror rivojlanish shaharlari koalitsiyasi tuzildi

Markaziy Osiyoda barqaror rivojlanish shaharlari koalitsiyasi tuzildi

Markaziy Osiyoda barqaror rivojlanish shaharlari koalitsiyasi tuzildi

Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Tabiiy ofatlar va iqlim xavflari oldida mintaqaning tobora ortib borayotgan zaifligi sharoitida Dushanbe shahrida shahar barqarorligi masalalari bo‘yicha mintaqaviy muloqot bo‘lib o‘tdi. U Markaziy Osiyoda barqaror shahar rivojlanishini ilgari surishda muhim bosqich bo‘ldi. Bu haqda BMT Taraqqiyot dasturi (BMTTD)ning O‘zbekistondagi vakolatxonasi xabar berdi.

Tadbir BMT Taraqqiyot dasturi (BMTTD ) tomonidan Favqulodda holatlar va ofatlar xavfini kamaytirish markazi, BMTning ofatlar xavfini kamaytirish bo‘yicha boshqarmasi (UNDRR) hamda Tojikiston hukumati ko‘magida tashkil etildi.

Muloqotda Markaziy Osiyoning barcha besh davlati milliy idoralari va munitsipalitetlari vakillari, shuningdek, xalqaro rivojlanish hamkorlari ishtirok etdi.

Muloqot Yaponiya hukumati tomonidan moliyalashtirilayotgan BMTTDning “Markaziy Osiyo shaharlarining tabiiy ofatlar va iqlim o‘zgarishiga chidamliligini oshirish” mintaqaviy loyihasi doirasida o‘tkazildi. Loyiha pilot shaharlarda — Petropavl (Qozog‘iston), O‘sh (Qirg‘iziston Respublikasi), Dushanbe (Tojikiston), Ashxobod (Turkmaniston) va Namanganda (O‘zbekiston) amalga oshirilmoqda. Senday harakat dasturi va Parij kelishuviga tayanadigan ushbu tashabbus mamlakatlarga rivojlanish strategiyalarida ofatlar xavfini va iqlim o‘zgarishini inobatga olish hamda mahalliy jamoalarning ehtimoliy tahdidlarga chidamliligini kuchaytirishda yordam bermoqda.

Tadbirning asosiy natijasi Markaziy Osiyo shaharlarining barqaror rivojlanishi bo‘yicha mintaqaviy koalitsiya (Regional Urban Resilience Coalition)ning tuzilishi bo‘ldi. Pilot shaharlar vakillari tomonidan imzolangan qo‘shma deklaratsiya bilan mustahkamlangan ushbu yangi hamkorlik mexanizmi shaharlararo aloqalarni mustahkamlash, iqlim xavflariga chidamli rivojlanishni ilgari surish va “2030 yilgacha barqaror shaharlar yaratish” (Making Cities Resilient 2030 – MCR2030) global kampaniyasida ishtirok etishni maqsad qiladi.

Muloqotda Dushanbe, Petropavl, O‘sh, Ashxobod va Namangan shaharlari rahbarlari ishtirok etib, barqaror shaharlar yaratish bo‘yicha tajribalari va rejalari bilan bo‘lishdilar. Muhokamalar davomida mintaqada qo‘llanilayotgan turli yondashuvlar — infratuzilmani modernizatsiya qilish, xavflarni baholash, aholini jalb etish va inklyuziv rejalashtirish usullari qayd etildi.

«Biz Namangan shahrining O‘sh, Dushanbe, Ashxobod va Petropavl bilan birgalikda Markaziy Osiyo barqaror shaharlar koalitsiyasiga qo‘shilayotganidan mamnunmiz. Biz bu tashabbusni to‘liq qo‘llab-quvvatlaymiz», — dedi Namangan viloyati ekologiya boshqarmasi boshlig‘i Shuxrat Maksumov.

Muloqot doirasida ishtirokchilar shahar barqarorligini rivojlantirishga qaratilgan mintaqaviy va xalqaro tashabbuslar bilan tanishdilar, jumladan, Yaponiyaning kompleks shaharsozlik tajribasi va Markaziy Osiyoda shahar rivojlanishini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha GIZ dasturlari taqdim etildi. BMTTD pilot shaharlarda amalga oshirilayotgan integratsiyalangan yondashuvni namoyish qildi, u shahar rejalashtirish jarayonlariga ofatlar xavfini kamaytirish va iqlim o‘zgarishiga moslashish tamoyillarini qo‘shishga yordam beradi. Tashabbus MCR2030, Mayors for Economic Growth (M4EG) va GAP Fund kabi dasturlar bilan birgalikda taqdim etildi, ular Markaziy Osiyo shaharlariga barqarorlikni mustahkamlash uchun keng qamrovli instrumentlar taklif etadi.

Shaharlar tajribasiga bag‘ishlangan sessiyalar loyihalarni amalga oshirish jarayonida erishilgan texnik yutuqlar va o‘rganilgan saboqlar bilan o‘rtoqlashish maydoni bo‘ldi. Pilot shaharlar vakillari xavflarni baholash va rejalashtirish jarayonlari haqida so‘z yuritib, o‘zaro o‘qish va mintaqaviy hamjixatlikning murakkab shahar muammolarini hal etishdagi ahamiyatini taʼkidladilar.

Muloqotning ikkinchi kunida BMTTDning mamlakat ofislari vakillari, milliy ekspertlar va shaharlar vakillari o‘rtasida texnik muhokamalar bo‘lib o‘tdi. Ishtirokchilar dala tadqiqotlarining oraliq natijalarini ko‘rib chiqdilar, barqarorlik tamoyillarini shahar rejalashtirishiga integratsiya qilish imkoniyatlarini hamda maʼlumotlarga asoslangan qarorlar qabul qilishda sunʼiy intellektdan foydalanish salohiyatini muhokama qildilar.

Shahar barqarorligi bo‘yicha mintaqaviy muloqot Parij kelishuvi, 2015–2030 yillarga mo‘ljallangan ofatlar xavfini kamaytirish bo‘yicha Senday harakat dasturi, BMTning 2030 yilgacha bo‘lgan barqaror rivojlanish kun tartibi va Markaziy Osiyo davlatlarining 2022–2030 yillarga mo‘ljallangan ofatlar xavfini kamaytirish bo‘yicha hamkorlik strategiyasi amalga oshishiga hissa qo‘shmoqda. U mintaqadagi davlatlar va ularning hamkorlarining Markaziy Osiyo shaharlarining barqaror kelajagini yaratishga bo‘lgan qatʼiy intilishini yana bir bor tasdiqladi.

Eng so'nggi yangiliklardan xabardor bo'ling
Telegram kanalimizga obuna bo'ling