“Markaziy Osiyo – Yevropa Ittifoqi” birinchi parlamentlararo forumining Qo‘shma bayonoti qabul qilindi

“Markaziy Osiyo – Yevropa Ittifoqi” birinchi parlamentlararo forumining Qo‘shma bayonoti qabul qilindi

“Markaziy Osiyo – Yevropa Ittifoqi” birinchi parlamentlararo forumining Qo‘shma bayonoti qabul qilindi

Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Samarqand shahrida “Markaziy Osiyo – Yevropa Ittifoqi” birinchi parlamentlararo forumi bo‘lib o‘tdi.

Mazkur tadbir mintaqa va Yevropa o‘rtasidagi parlament diplomatiyasini tizimli tarzda rivojlantirish va amaliy hamkorlikni kengaytirish uchun samarali muloqot maydoniga aylandi.

Forum ochilishi marosimida Sodiq Safoyev o‘z so‘zida mazkur format parlamentlararo muloqotni mustahkamlash, ishonchni oshirish va amaliy hamkorlikni kengaytirishga xizmat qiladigan muhim platforma ekanini taʼkidlab o‘tdi.

Bir yil oldin Samarqandda o‘tgan “Markaziy Osiyo – Yevropa Ittifoqi” sammiti mintaqalararo hamkorlikni strategik sheriklik darajasiga olib chiqqani qayd etildi. Forum aynan o‘sha sammitda ilgari surilgan tashabbuslardan biri bo‘lib, bugungi munosabatlar yangi, sifat jihatidan yuqori bosqichga ko‘tarilgani taʼkidlandi.

Yevropa parlamenti raisi o‘rinbosari Kristel Shaldemoze Yevropa Ittifoqining Markaziy Osiyo bilan hamkorligi keng qamrovli bo‘lib, ko‘p tomonlama hamkorlik, erkin savdo va demokratiya tamoyillariga asoslangan barqarorlik va farovonlikni taʼminlashga qaratilganini qayd etdi.

Markaziy Osiyo va Mo‘g‘uliston bilan aloqalar bo‘yicha Yevropa parlamenti delegatsiyasi rahbari, Yevropa parlamenti deputati Djuzi Princhi parlamentlararo muloqotni chuqurlashtirish, barqaror rivojlanish va qonun ustuvorligini taʼminlashda hamkorlikni kengaytirish muhim ahamiyatga ega ekaniga eʼtibor qaratdi.

Bundan tashqari, ochilish marosimida so‘zga chiqqan Qozog‘iston Parlamenti Majilisi Xalqaro ishlar, mudofaa va xavfsizlik qo‘mitasi raisi Aygul Kuspan, Tojikiston Majlisi Namoyondagon Majlisi Oli raisining o‘rinbosari Mavsuma Muini, Turkmaniston Medjlisi Xalqaro va parlamentlararo aloqalar qo‘mitasi raisi Maksat Kuliyev, Qirg‘iz Respublikasi Jogorku Keneshining Fan, taʼlim, innovatsion rivojlanish va axborot texnologiyalari, madaniyat, sport va yoshlar ishlari qo‘mitasi raisining o‘rinbosari Saltanat Amanova  mintaqalararo sheriklikni yana-da chuqurlashtirish zarurligiga urg‘u berdi.

Siyosiy muloqotni rivojlantirish, parlament diplomatiyasining rolini kuchaytirish va hamkorlikni institutsional jihatdan mustahkamlash masalalari muhokama markazida bo‘ldi.

Forum o‘z ishini sessiyalar doirasida davom ettirdi. Birinchi sessiya “Markaziy Osiyo va Yevropa Ittifoqi o‘rtasidagi siyosiy muloqotning bugungi holati va uning istiqbollari” mavzusiga bag‘ishlandi. Sessiyada so‘zga chiqqanlar 2025-yildagi Samarqand sammiti doirasida erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish, huquqiy bazani takomillashtirish hamda parlament diplomatiyasini rivojlantirish masalalariga alohida eʼtibor qaratdi.

Ikkinchi sessiyada iqtisodiy o‘zaro bog‘liqlik, barqaror o‘sish va “yashil” transformatsiya masalalari muhokama qilindi. Bunda transport-logistika aloqalarini kengaytirish, “yashil” iqtisodiyotni rivojlantirish va investitsiyaviy hamkorlikni faollashtirish kabi yo‘nalishlar atroflicha ko‘rib chiqildi.

Uchinchi sessiyada esa qonun ustuvorligi, raqamli transformatsiya va inklyuziv boshqaruv masalalariga eʼtibor qaratildi. Xususan, inson huquqlarini taʼminlash, raqamli makonda xavfsizlikni kuchaytirish va zamonaviy texnologiyalarni huquqiy jihatdan tartibga solish masalalari diqqat markazida bo‘ldi.

Forum yakunida tadbir doirasida ilgari surilgan tashabbus va kelishuvlar aks etgan “Markaziy Osiyo – Yevropa Ittifoqi” birinchi parlamentlararo forumining Qo‘shma bayonoti qabul qilindi.

Eng so'nggi yangiliklardan xabardor bo'ling
Telegram kanalimizga obuna bo'ling