Markaziy Osiyo va Yaqin Sharq mamlakatlari ekspertlari terrorizmga qarshi kurash sohasidagi hamkorlikni mustahkamlamoqda
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — 2025-yil 23-25-sentyabr kunlari Toshkent shahrida "Terrorizm va xorijiy terrorchi jangarilarga qarshi kurashish va oldini olish bo‘yicha hamkorlikni mustahkamlash" mavzusida mintaqalararo seminar bo‘lib o‘tmoqda.
Tadbir BMT Giyohvand moddalar va jinoyatchilik bo‘yicha boshqarmasining Afg‘oniston, Markaziy Osiyo, Eron va Pokiston bo’yicha Mintaqaviy vakolatxonasi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti (SMTI) bilan hamkorlikda tashkil etildi.
Seminarda Markaziy Osiyo va Yaqin Sharq mamlakatlari, jumladan, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston va O‘zbekiston, shuningdek, Iroq, Iordaniya, Livan va Yamanning yetakchi ekspertlari ishtirok etmoqda.
Forum ochilishida so‘zga chiqqan SMTI direktori o‘rinbosari Baxtiyor Mustafayev xalqaro muloqotni mustahkamlash va terrorizmga qarshi kurashish bo‘yicha qo‘shma chora-tadbirlarni ishlab chiqish uchun tadbirning platforma sifatidagi o’rnini alohida qayd etdi. "Bu ikki mintaqa o‘rtasida ushbu yo‘nalishdagi hamkorlikni rivojlantirish yo‘lidagi muhim qadamdir," - deya fikr bildirdi ekspert.
Uning so‘zlariga ko‘ra, zamonaviy tahdidlarga samarali qarshi turishning asosiy sharti xorijiy terrorchi jangarilar va ularning oila a’zolarini jinoiy javobgarlikka tortish, reabilitatsiya va reintegratsiya qilish masalalariga ko‘p tomonlama va muvofiqlashtirilgan yondashuvdir.
Shu nuqtayi nazardan, B.Mustafayev O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan 2024-yil may oyida tashkil etilgan qaytganlarni reabilitatsiya va reintegratsiya qilish masalalari bo‘yicha Mintaqaviy ekspert kengashi faoliyatini alohida ta’kidladi.
Kengashning dastlabki ijobiy natijalar ko‘rsatayotgani ta’kidlab o‘tildi. Maslahatlashuvlar o‘tkazilmoqda, qo‘shma tadbirlar va ekspertlar muhokamalari tashkil etilmoqda, Toshkent va Ostonadagi uchrashuvlar ham shular jumlasidan.
Seminar yakunida SMTI direktor o‘rinbosari qayd etishicha, Mintaqaviy ekspertlar kengashi qurolli mojaro zonalaridan qaytganlarni reabilitatsiya va reintegratsiya qilish masalalarida tajriba almashish, kasbiy bilimlarni oshirish va samarali usullarni ishlab chiqish uchun noyob xalqaro maydonga aylanish imkoniyatiga ega. Shu bilan birga, Kengashning faoliyati BMT Xavfsizlik Kengashining Terrorizmga qarshi kurash qo‘mitasi Ijroiya direksiyasi tavsiyalariga to‘liq muvofiq keladi.