Markaziy Osiyo uchun ilk bor: Toshkentda “Web Summit Spotlight” o‘tkaziladi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — 27-sentyabr kuni O‘zbekiston poytaxtida Markaziy Osiyo tarixida birinchi marta “Web Summit Spotlight” — dunyodagi eng nufuzli texnologik forumlardan birining maxsus formati bo‘lib o‘tadi. Tadbir IT Park Uzbekistan va O‘zbekiston Respublikasi Raqamli texnologiyalar vazirligi tomonidan “Web Summit” bilan hamkorlikda tashkil etilmoqda.
Lissabonda o‘tkaziladigan asosiy “Web Summit” har yili 70 000 dan ortiq ishtirokchini bir joyga to‘playdi. Ular orasida startaplar asoschilari, xalqaro korporatsiyalar rahbarlari, investorlar va global texnologik kun tartibini belgilovchi tadqiqotchilar bor. Toshkentda “Spotlight” tadbirining tashkil etilishi “Web Summit” ekotizimining geografiyasini kengaytiradi. Bunga qadar Lissabon, Rio-de-Janeyro, Vankuver, Gonkong va Doha shaharlarida o‘tkazilgan mazkur tadbir endi Markaziy Osiyoga ham global aloqalar o‘rnatish, sarmoya jalb qilish va bilimlardan bevosita foydalanish imkonini yaratadi.
“Spotlight” sahnasi bozor taraqqiyotiga turtki berayotgan nomlar va brendlarni birlashtiradi. Tadbir doirasida “Plug and Play Tech Center” korporativ aloqalar bo‘yicha direktori Alfredo Gomes Soriya va “StartupBlink” ekotizim muvaffaqiyati yo‘nalishi va boshqaruv apparati rahbari Katrin Kalledo ishtirokidagi chiqishlar va muhokamalar kutilmoqda. Ma’ruzachilar O‘zbekistonning innovatsion roli va uning global startap xaritasidagi o‘rni haqida so‘zlab berishadi.
“StartupBlink” vakillarining Toshkentga shaxsan tashrif buyurishlari, ayniqsa, ramziy ahamiyatga ega: 2025-yilda O‘zbekiston “Global Startup Ecosystem Index by StartupBlink” reytingida birdaniga 12 pog‘onaga ko‘tarildi va tashkilot ekspertlari mamlakatning bunday yuqori natijaga erishishiga qaysi yutuqlar va islohotlar imkon bergani hamda bu mintaqa rivojlanishining keyingi bosqichi uchun nimani anglatishi haqida ma’lumot berishadi.
Investitsion yo‘nalishni venchur bozorining yetakchi ekspertlari va amaliyotchilari belgilab beradilar:
Nada Shaxin — “GB Ventures” boshqaruvchi direktori, Afrikada korporativ venchur fondini (CVC) boshqargan birinchi misrlik ayol;
Aleksey Kolegov — “Ernst & Young” kompaniyasining O‘zbekistondagi soliq va yuridik xizmatlar bo‘yicha direktori, yetakchi xalqaro yuridik firmalarda 20 yildan ortiq ish tajribasiga ega;
Yag‘iz Karadeniz — “DOMiNO Ventures” boshqaruvchi hamkori, Markaziy Osiyoda ekotizimlarni shakllantirishni faol qo‘llab-quvvatlaydi. So‘nggi yetti yil ichida Yag‘iz 50 dan ortiq texnologik startaplarning investitsiya jarayonlarini boshqargan va 70 dan ziyod moliyalashtirish raundlarini o‘tkazgan;
Sumaya Ben Beya Drij — “Rasmal Ventures” hamkori, Silikon vodiysida turli investitsiya lavozimlarida faoliyat yuritgan;
Imtiyoz Basharat — “Heartfelt Ventures” hamkori, Yevropa, Buyuk Britaniya va AQShda ulkan tajribaga ega venchur va o‘sish investori bo‘lib, venchur kapitali, “growth-equity”, tizimli moliyalashtirish va ta’sir investitsiyalariga ixtisoslashgan;
Andrea Keyts — “Suma Ventures” kompaniyasining boshqaruvchi hamkori bo‘lib, San-Fransiskoda innovatsiyalarni tijorat natijalariga aylantirish sohasidagi taniqli ekspert hisoblanadi. Andrea 20 yil mobaynida dunyoning deyarli barcha sohalarida va mintaqalarida dadil tashabbuslarni boshqarib, kompaniyalarga qaysi yangi mahsulotlar, xizmatlar va texnologiyalarga e’tibor qaratish kerakligini aniqlash hamda samarali biznes modellarini kengaytirishda yordam bergan;
Maykl Lints — —Golden Gate Ventures” hamkori va Rotterdam shahar hokimligi huzuridagi Xalqaro maslahat kengashi (IABx) a’zosi;
Mammad Karim — “Caucasus Ventures” bosh hamkori, Kavkaz va Markaziy Osiyo startap va venchur ekotizimining asoschisi;
Abbos Kazmi — “Sabah.hub” hammuassisi va boshqaruvchisi, seriyali tadbirkor va investor, “Forbes 30 Under 30 Standout” ro‘yxatiga kiritilgan, “Maserati 100” va “Great British Entrepreneur Awards” mukofotlarining “Yil tadbirkori” toifasidagi g‘olibi.
Yangi bozorlarga chiqishning korporativ strategiyasini kreativ va texnologik sanoat yetakchilari taqdim etadi. Ular orasida Ben Geren — kreativ raqamli strateg va “Topham Guerin” hammuassisi. 2019-yilgi saylovlarda Boris Jonsonning raqamli kampaniyasini boshqargan, Kemi Badenok uchun ichki yetakchilik kampaniyasini olib borgan hamda raqamli aloqalarni COVID-19 pandemiyasi davrida muvofiqlashtirgan. Unga Valid Barsali — “La French Tech Warsaw” prezidenti hamda “Webellian Uzbekistan” va “BallSquad” boshqaruvchi direktori, Kliona Jordan — “Google for Startups” dastlabki bosqichlardagi startaplarni rivojlantirish yo‘nalishi rahbari (u Buyuk Britaniya va Irlandiyada bulutli yechimlar va o‘sish strategiyalaridan foydalangan holda startaplarni kengaytirishga yordam beradi), shuningdek, Mettyu Neff — “Snoonu” kompaniyasida mahsulot bo‘yicha direktor (2021–2024-yillarda “Rappi” kompaniyasida mijozlar uchun mahsulot bo‘yicha direktor lavozimida ishlagan) qo‘shiladi.
Texnologik yo‘nalishni Emi Pek kuchaytiradi. U XR (kengaytirilgan reallik) strategiyalari bo‘yicha yetakchi global konsalting kompaniyasi — “EndeavorXR” asoschisi va bosh direktori. Emi XR va sun’iy intellekt kompaniyalarga ularning barqarorligi va raqobatbardoshligini oshirish orqali kelajakni qanday “sug‘urtalash”ga yordam berishini tushuntiradi. U “Fortune 500” ro‘yxatidagi korporatsiyalar, davlat tuzilmalari va startaplarga ilg‘or texnologiyalarni joriy etish bo‘yicha maslahat beradi, texnologiya sohasidagi eng nufuzli 50 nafar ayol va “Women of the Future” ro‘yxatidagi 100 talik qatoriga kiradi.
Tadbirkorlik nuqtai nazaridan, “HUPO” hammuassisi Beknazar Abdikamalovning amaliy qarashlari taqdim etiladi. Uning kompaniyasi “Meta”, “Goodwater Capital”, “January Capital”, “Strong Ventures” va “Collaborative Fund” tomonidan 4 million dollar investitsiya jalb qildi va APAC mintaqasidagi eng istiqbolli ishtirokchilardan biriga aylantirdi. Beknazar biznesni chegaralarsiz kengaytirish va jahon bozorlariga chiqish tajribasi bilan o‘rtoqlashadi. O‘zbekistonlik asoschisi sifatida u yurtimiz iste’dodlari nafaqat jahon miqyosida raqobatlasha olishini, balki butun dunyo bo‘ylab yetakchilik va mehnat kelajagini shakllantirayotganini yaqqol ko‘rsatib beradi.
Qizg‘in panel muhokamalari va ma’ruzalardan tashqari, ishtirokchilar “Investors’ Room” doirasida 1:1 formatida venchur fondlari bilan shaxsiy uchrashuvlar o‘tkazish imkoniyatiga ega bo‘ladilar.
“Toshkentdagi Web Summit Spotlight — jahon sanoatiga ishoradir: Markaziy Osiyo katta texnologik muloqotga teng huquqli asosda kirib kelmoqda. Biz IT-kompaniyalar va investorlar mamlakatni qulay va ishonchli kengayish maydoni sifatida ko‘rishlari, startaplar va yosh ta’sischilar esa tobora ko‘proq global imkoniyatlarni topishi uchun sharoit yaratmoqdamiz”, — deya ta’kidladi IT Park Uzbekistan bosh direktori Abdulaxad Kuchkarov.
Toshkentda bunday yuqori darajadagi xalqaro tadbirlarning o‘tkazilishi mahalliy IT-ekotizim uchun rivojlanish omili bo‘lib xizmat qiladi. Tadbir natijasida transmilliy hamkorliklar kengayishi, yangi investitsiyalar oqimi va qo‘shma loyihalar ishga tushirilishi kutilmoqda. Yosh jamoalar uchun bu o‘z mahsulotlarini xorijiy auditoriyaga taqdim etish, mutaxassislardan fikr-mulohaza olish va yangi bozorlarga chiqish imkoniyatidir.
Tadbir 2025-yil 27-sentyabr kuni Toshkent shahridagi Raqamli texnologiyalar vazirligida bo‘lib o‘tadi.