Markaziy Osiyo mamlakatlari va Ozarbayjon yetakchilari Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrif buyurdilar
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining yettinchi Maslahat uchrashuvida ishtirok etish uchun mamlakatimizga kelgan mintaqa mamlakatlari va Ozarbayjon Prezidentlari O‘zbekiston Prezidenti bilan birgalikda Toshkentdagi Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrif buyurdilar.
Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan tashkil etilgan markaz islom sivilizatsiyasining bebaho merosini asrab-avaylash va targ‘ib qilishga bag‘ishlangan noyob manbalar, ilmiy tadqiqot va ta’lim yo‘nalishlarini bir joyga jamlagan tariximizdagi ilk majmua bo‘ldi.
Majmua milliy me’moriy an’analar va zamonaviy bezaklar uyg‘unligida barpo etildi. Inshootning to‘rt tomonida balandligi 34 metrli peshtoqlar, o‘rta qismida esa 65 metrli milliy uslubdagi gumbaz qad rostlagan.
Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyev, Tojikiston Prezidenti Prezidenti Emomali Rahmon, Qirg‘iziston Prezidenti Sadir Japarov, Qozog‘iston Prezidenti Qasim-Jomart Toqayev Prezident Shavkat Mirziyoyev hamrohligida musulmon olamining bebaho ma’naviy durdonasi sanalgan Usmon Mus’hafi saqlanayotgan Qur’oni karim zaliga tashrif buyurdilar. Qur’onning eng qadimiy qo‘lyozmalaridan biri bo‘lgan ushbu nodir manba ulkan tarixiy va madaniy ahamiyatga ega bo‘lib, mintaqamiz xalqlarining sivilizatsiyaviy o‘ziga xosligini shakllantirgan chambarchas ma’naviy rishtalarimizni ifoda etadi.
Yetakchilar, shuningdek, “Islomdan avvalgi sivilizatsiyalar”, “Birinchi Renessans”, “Ikkinchi Renessans” hamda “Yangi O‘zbekiston – yangi Renessans” bo‘limlari bilan tanishdilar.
Ularda buyuk allomalarimiz Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Abu Mansur Moturidiy, Bahouddin Naqshband va boshqa ulug‘ ulamolarning boy ilmiy va ma’naviy merosi keng yoritilgan. Ko‘rgazmada somoniylar, qoraxoniylar, xorazmshohlar, temuriylar va boshqa sulolalar davriga oid qo‘lyozma nashrlar va ularning qadimgi o‘zbek tiliga tarjimalari ham mavjud.
Yetakchilar mintaqa mamlakatlari o‘rtasidagi madaniy aloqalarni mustahkamlash, ma’naviy-ma’rifiy loyihalarni ilgari surish va umumiy gumanitar qadriyatlarni rivojlantirish muhimligini ta’kidladilar.
Mintaqaning boy umumiy merosini saqlash va targ‘ib qilish borasidagi O‘zbekistonning keng ko‘lamli sa’y-harakatlariga yuqori baho berildi. Majmua zamonaviy tadqiqot markazi bo‘lib xizmat qilishiga, mintaqa mamlakatlari o‘rtasida ilmiy, ta’lim va madaniy hamkorlik uchun yangi ufqlar ochishiga ishonch bildirdilar.
#Shavkat Mirziyoyev