Markaziy Osiyo mamlakatlari va Janubiy Koreya parlamentlari ekologik siyosat va barqaror rivojlanish masalalarini muhokama qilishdi
Markaziy Osiyo mamlakatlari va Janubiy Koreya parlamentlari ekologik siyosat va barqaror rivojlanish masalalarini muhokama qilishdi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Markaziy Osiyo davlatlari va Koreya Respublikasi parlamentlari rahbarlarining uchinchi yig‘ilishi doirasida «Barqaror rivojlanish va atrof-muhitni muhofaza qilish: ekologik tashabbuslarni amalga oshirishni taʼminlashda parlamentlar roli» mavzusida sessiya tashkil etildi.
Sessiyada ekologik siyosatni ilgari surish, qonunchilik tashabbuslarini muvofiqlashtirish hamda mintaqaviy hamkorlikni kuchaytirish masalalari muhokama qilindi.
Tadbir ishtirokchilari parlamentlarning ekologik tashabbuslarni hayotga tatbiq etishdagi o‘rni, atrof-muhitni muhofaza qilishga qaratilgan qonunchilik bazasini takomillashtirish hamda Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishda qonun chiqaruvchi organlarning masʼuliyatiga alohida eʼtibor qaratdi.
Shuningdek, milliy ekologik siyosatni amalga oshirishda parlamentlarning institutsional rolini mustahkamlash masalalari bo‘yicha fikr almashildi.
Muhokama chog‘ida ishtirokchilar atrof-muhitni muhofaza qilish, iqlim o‘zgarishiga qarshi kurashish va barqaror rivojlanish sohasida parlamentlararo hamkorlikni yana-da kengaytirish muhim ekanini taʼkidladilar.