Markaziy bankda Qozog‘iston Respublikasi Milliy banki vakillari bilan tajriba almashish tadbiri bo‘lib o‘tdi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekiston Respublikasi Markaziy bankida Qozog‘iston Respublikasi Milliy banki vakillari ishtirokida tadbir bo‘lib o‘tdi. Unda markaziy bankka qarashli tashkilotlarni moliyalashtirish va byudjet rejalashtirish sohasida tajriba almashish masalalari muhokama qilindi.
Uchrashuv doirasida interaktiv taqdimotlar o‘tkazildi. Ularda idoraviy tashkilotlarning moliyaviy rejalashtirilishi, biznes-rejalarni tayyorlash va ijro etish, o‘zaro hisob-kitoblar tashkil etilishi, shuningdek, nazorat va hisobot mexanizmlari kabi masalalar qamrab olindi.
Taʼkidlash joizki, tadbirda markaziy bankka qarashli muassasalarni samarali moliyalashtirish yondashuvlari, ilg‘or xalqaro tajribalarni joriy etish imkoniyatlari va sohadagi dolzarb muammolarga alohida eʼtibor qaratildi.
Tadbir yakunida tomonlar mutaxassislarning malakasini oshirish hamda kasbiy hamkorlikning barqaror kanallarini rivojlantirish orqali hamkorlikni yana-da chuqurlashtirishga tayyor ekanliklarini bildirdilar.