Markaziy bank parlamentga bank tizimini isloh qilish va o‘zgartirish bo‘yicha hisobot taqdim etdi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Majlisda Markaziy bank raisi T. Ishmetovning “Bank tizimini isloh qilish va tijorat banklarini transformatsiya qilish borasida amalga oshirilayotgan ishlar”ga oid parlament so‘roviga javobi atroflicha muhokama qilindi.
So‘rovda davlat ulushiga ega banklarni transformatsiya qilish, xalqaro standartlar va axborot texnologiyalarini joriy etish, xorijiy investorlarni jalb qilish, bank xizmatlari qamrovini kengaytirish, moliyaviy barqarorlikni ta’minlash hamda korrupsiyaviy omillarni bartaraf etish masalalariga alohida e’tibor qaratilgan edi.
Markaziy bank javobida qayd etilganidek, 2020 — 2025-yillarda 3 ta bank xususiylashtirilib, 9 ta yangi xususiy bank, shu jumladan 3 ta xorijiy moliya muassasasi faoliyati yo‘lga qo‘yilgan. Buning natijasida davlat ulushiga ega banklar aktivlari ulushi 85 foizdan 65 foizgacha qisqargan.
Deputatlar parlament so‘roviga olingan javobda keltirilgan natijalarni ijobiy baholadi. Xususan, 2020 — 2025-yillar davomida davlat ulushiga ega banklarning kapital bazasini mustahkamlash maqsadida jami 34,1 trln. so‘m mablag‘ yo‘naltirilgan. Mazkur choralar kreditlash imkoniyatlarini kengaytirish, bank xizmatlari sifatini oshirish va tizimning moliyaviy barqarorligini ta’minlashga xizmat qilgan.
Xalq vakillari kelgusida aholi va kichik biznes uchun masofaviy xizmatlarni rivojlantirish maqsadida axborot xavfsizligi va kiberxavfsizlik choralarini kengaytirish zarurligini qayd etdilar.
Shu bilan birga, bank va to‘lov tashkilotlari o‘rtasida ma’lumotlarni muhofazalangan telekommunikatsiya tarmoqlari orqali uzatish imkonini beruvchi maxsus axborot tizimini joriy qilish ishlarini tezlashtirish bo‘yicha o‘z takliflarini berdilar.
Muhokamalarda kredit ajratishda shaffoflikni oshirish va inson omilini kamaytirish maqsadida oilakredit.uz platformasi ishga tushirilgani deputatlar e’tiborida bo‘ldi.
Majlis yakunida taqdim etilgan parlament so‘roviga javob ma’lumot uchun qabul qilindi.