Valyuta kurslari 23/10/2025
$1 – 12101.29
UZS – 0,75%
€1 – 14031.45
UZS – 0,53%
₽1 – 148.01
UZS – -0,05%
Qidirish
Markaziy bank: Aholi banklarga 15,2 milliard dollarlik chet el valyutasini sotdi

Markaziy bank: Aholi banklarga 15,2 milliard dollarlik chet el valyutasini sotdi

Markaziy bank: Aholi banklarga 15,2 milliard dollarlik chet el valyutasini sotdi

Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — 2025-yilning yanvar-sentyabr oylarida ichki valyuta bozorida xorijiy valyutaga boʻlgan umumiy talab va taklif hajmlarida oʻsish surʼatlari kuzatildi, deyiladi Markaziy bank hisobotida.

Xorijiy valyutaga boʻlgan talab 42,7 mlrd AQSH dollarni (keyingi oʻrinlarda - dollar) tashkil etib, oʻtgan yilning mos davriga nisbatan 23,5 foizga oshdi.

Taklif hajmi 2025-yilning oʻtgan davrida 34,4 mlrd dollarni (Markaziy bank operatsiyalarini hisobga olmagan holda) tashkil etib, oʻtgan yilning mos davriga nisbatan 24 foizga oʻsdi.

Valyuta bozoridagi taklifning yana bir manbai Markaziy bank tomonidan sotib olingan monetar oltin doirasidagi sterilizatsiya operatsiyalari (xalqaro zaxiralarning neytrallik tamoyili asosida) orqali valyuta mablagʻlarini sotilishi hisobiga taʼminlandi. Bunda ushbu operatsiyalar almashuv kursi shakllanishining fundamental omillariga taʼsir koʻrsatmagan holda bozor mexanizmlari asosida amalga oshirildi.

Yuridik shaxslar tomonidan chet el valyutasiga boʻlgan talab 2025-yilning dastlabki 9 oyida oʻtgan yilning mos davriga nisbatan 24 foizga oʻsgan boʻlsa, ular tomonidan valyuta taklifi hajmi 37 foizga oshdi.

Xoʻjalik yurituvchi subyektlar valyuta taklifining asosiy manbalaridan biri eksport tushumlarining hajmi ushbu davrda 18 foizga oshib, 13 mlrd dollarga yetdi. Ushbu eksport tushumlarning 7,1 mlrd dollari yoki 55 foizi ichki valyuta bozorida sotildi (oʻtgan yilning mos davriga nisbatan (5,8 mlrd dollar) 22 foizga koʻp).

Shuningdek, ushbu davrda ichki valyuta bozoriga 6,3 mlrd dollarlik valyuta mablagʻlari banklar tomonidan xorijiy kreditlar hisobidan sotildi (oʻtgan yilning mos davriga nisbatan (3,9 mlrd dollar) 61 foizga koʻp).

Importni moliyalashtirishda ichki bozordan sotib olingan valyuta ulushi biroz kamayib, oʻz mablagʻlari ulushida biroz oshish kuzatildi. Oʻtgan yanvarsentabr oylarida importni moliyalashtirish manbalari tarkibida ichki valyuta bozorida sotib olingan mablagʻlar (konvertatsiya) ulushi 64,7 foizni (2024-yilda 65,5 foiz), xorijiy valyutadagi oʻz mablagʻlari hisobiga importni moliyalashtirish ulushi 24 foizni tashkil etdi (2024-yilda 23,1 foiz).

Sotib olingan xorijiy valyutaning asosiy qismi – 51 foizi ishlab chiqarish uchun asbob-uskunalar, tovarlar va xomashyo importi, 27 foizi – xorijiy valyutadagi kreditlarni soʻndirish, 18 foizi – xalq isteʼmoli tovarlari va doridarmon mahsulotlari importi, 2 foizi – xorijiy investorlar daromadlarining repatriatsiyasi va qolgan 4 foizi – boshqa maqsadlar uchun xarid qilingan

Aholi tomonidan tijorat banklariga 15,2 mlrd dollar sotilib, ushbu koʻrsatkich avvalgi yilning mos davriga nisbatan 1,3 barobarga (2024-yilda - 11,8 mlrd dollar) oshdi.

Shu bilan birga, jismoniy shaxslar tomonidan 8,5 mlrd dollar sotib olinib, ushbu koʻrsatkich oʻtgan yilning mos davriga nisbatan 23 foizga (2024-yilda - 6,9 mlrd dollar) oʻsdi.

Umuman olganda, jismoniy shaxslar tomonidan xorijiy valyuta taklifi hajmi unga boʻlgan talab hajmidan 6,7 mlrd dollarga ortiq boʻldi (2024-yilning mos davriga nisbatan 1,4 barobar koʻp).

Ayni paytda, ushbu davrda aholining banklarga valyuta sotuvining asosiy manbai xalqaro pul oʻtkazmalari orqali mamlakatimizga 13,9 mlrd dollari miqdorida valyuta mablagʻlari kelib tushgani boʻlib, ushbu koʻrsatkich 2024-yilning mos davriga nisbatan 24 foizga (2,7 mlrd dollar) va 2023-yilga nisbatan 66 foizga (5,5 mlrd dollar) oshdi.

Shuningdek, xalqaro pul oʻtkazmalari orqali mamlakatimizdan 1,9 mlrd dollari miqdorida valyuta mablagʻlari chiqib ketgan boʻlib, ushbu koʻrsatkich 2024-yilning mos davriga nisbatan 127 mln dollarga kamaydi.

Yanvar-sentabr oylarida milliy valyutaning almashuv kursi dinamikasi ichki valyuta bozoridagi talab va taklif omillari, umumiy makroiqtisodiy tendensiyalar va tashqi iqtisodiy sharoitlar taʼsirida shakllandi.

Ushbu davrda asosiy savdo hamkorlar valyuta kurslari dinamikasida rossiya rubli dollarga nisbatan 27 foizga, xitoy yuani – 2,5 foizga, koreya voni – 5 foizga mustahkamlangan boʻlsa, qozoq tengesi – 4,6 foizga qadrsizlandi. Bu, oʻz navbatida, mamlakatimizning tashqi raqobatbardoshligini saqlanib qolishiga hissa qoʻshdi. Xususan, iqtisodiyotning umumiy raqobatbardoshligini koʻrsatuvchi real effektiv kursi dinamikasida yil boshidan buyon 1,5 foizga qadrsizlanish kuzatilib, tashqi savdo hamkorlarga nisbatan valyuta kursida real mustahkamlanish kuzatilmadi.

Shuningdek, oltin narxining yuqori surʼatlarda oʻsib, bir troya unsiyasi uchun 2610 dollardan 3807 dollargacha oshishi ichki vayuta bozoriga valyuta tushumlarini ham mos ravishda koʻpaytirdi.

Umuman olganda, mamlakatimizda eksport, xorijiy kreditlar va pul oʻtkazmalari kanallari orqali valyuta oqimlarining sezilarli darajada oshishi, shuningdek, xorijiy investitsiyalar hajmining oʻsuvchi dinamikasi hamda importning maʼlum darajada barqarorlashishi ichki valyuta bozorida valyuta kursi mustahkamlanishiga taʼsir etgan omillardan boʻldi.

Shu bilan birga, joriy yilning aprel oyidan boshlab soʻm almashuv kursining kunlik tebranishi ikki barobarga oshdi va moslashuvchan valyuta kursi siyosatini yuritayotgan rivojlanayotgan davlatlar almashuv kurslarining kunlik tebranishlarining oʻrtacha koʻrsatkichiga yaqinlashdi.

2025-yilning yanvar-sentabr oylarida:

milliy valyutadagi hisob-kitoblar hamda jamgʻarishning faollashishi hisobiga bank tizimidagi milliy valyutadagi depozitlar hajmi yil boshidan 23 foizga oshdi va 205 trln soʻmga yetdi;

aholi va tadbirkorlarning inflyatsion kutilmalari 12 foizgacha sekinlashdi (yil boshida 14-15 foiz) hamda kutilmalar shakllanishida valyuta kursi omili ikki barobarga qisqardi;

depozit va kreditlarning dollarlashuv darajasi pasayish dinamikasi tezlashdi (kreditlar boʻyicha 41 foizdan 37 foizgacha, depozitlar boʻyicha 26 foizdan 23 foizgacha);

mijozlarning banklarga jami valyuta sotuvi 33 foizga oshib, 32 mlrd dollarga yetdi.

Ushbu tendensiyalarning davom etishi milliy valyutaga boʻlgan ishonchni kuchaytirib, soʻmdagi aktivlar jozibadorligini oshishiga va umuman olganda makroiqtisodiy barqarorlikka ijobiy hissa qoʻshadi.

Eng so'nggi yangiliklardan xabardor bo'ling
Telegram kanalimizga obuna bo'ling