Markaziy bank: 2026-yilda real YaIM o'sishi 5,5–6,5 foizni tashkil qilishi prognoz qilinmoqda
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Markaziy bank boshqaruvi 2025-yil 24-oktyabrdagi yigʻilishida Pul-kredit siyosatining 2026-yil va 2027-2028-yillar davriga moʻljallangan asosiy yoʻnalishlari konseptual loyihasini tasdiqladi.
Pul-kredit siyosatining asosiy yoʻnalishlari Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy bankining joriy iqtisodiy vaziyat va oʻrta muddatli istiqbolda kutilayotgan makroiqtisodiy rivojlanish boʻyicha qarashlarini hamda ushbu davrda narxlar barqarorligini taʼminlashga qaratilgan pul-kredit siyosati choralarini belgilaydi.
Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki pul-kredit siyosatini narxlar barqarorligini taʼminlash hamda oʻrta muddatda inflyatsiyani 5 foizlik target darajasiga pasaytirish maqsadidan kelib chiqib amalga oshiradi.
Pul-kredit siyosatining 2026-yil va 2027-2028-yillar davriga moʻljallangan asosiy yoʻnalishlari konseptual loyihasini ishlab chiqishda tashqi va ichki sharoitlarning oʻrta muddatli istiqboldagi rivojlanishi boʻyicha kutilmalar va ular asosida makroiqtisodiy rivojlanishning asosiy ssenariysi, muqobil xatarlar tahlili hamda mos ravishda pul-kredit siyosati choralariga va ularni takomillashtirib borishga asoslandi.
Oʻrta muddatli prognozlarni ishlab chiqish va mos ravishda pul-kredit siyosatining asosiy yoʻnalishlarini belgilashda makroiqtisodiy rivojlanishning asosiy ssenariysi ishlab chiqildi.
Bunda tashqi sharoitlarni belgilashda jahon iqtisodiyotida noaniqliklar saqlanib qolishi fonida global oʻsish surʼatlari nisbatan pastroq shakllanishi, inflyatsiya boʻyicha targetga erishish nisbatan uzoqroq davom etishi, valyuta bozorlarida keskin oʻzgarishlar yuz bermasligi, oltin narxining nisbatan yuqori darajada saqlanib qolishi taxmin qilindi.
Ichki sharoitlarni belgilashda esa yalpi talabning barqarorlashib borishi, kreditlash jarayonlarining moʻtadillashuvi, pul oʻtkazmalari oʻsishining oʻrta muddatli trayektoriyasiga qaytishi, investitsiyalar oqimining barqaror shakllanishi, fiskal taqchillik oʻrta muddatda YAIMga nisbatan 3 foizdan oshmasligi nazarda tutildi.
Asosiy ssenariyga koʻra, 2026-yilda real YAIM oʻsishi 5,5–6,5 foiz, 2027–2028-yillarda esa 6–7 foiz darajasida prognoz qilinmoqda.
Makroiqtisodiy rivojlanishning asosiy ssenariysi va boshqa shoklar sharoitida ham pul-kredit siyosati inflyatsiyani 5 foizlik targeti darajasigacha pasaytirishga qaratiladi. Bunda shoklar taʼsiri koʻlami va davomiyligidan kelib chiqib, qatʼiylik darajasi va muddatlariga oʻzgartirish kiritib boriladi.
Prognozlarga koʻra, 2026-yil oxiriga qadar umumiy inflyatsiya 7 foizgacha, tashqi inflyatsion bosimning kamayishi va inflyatsion kutilmalarning barqarorlashuvi natijasida 2027-yilda inflyatsiya
5 foizlik target darajasigacha pasayishi va 2028-yildan ushbu daraja atrofida shakllanishi kutilmoqda.
Ushbu prognozlar xususiylashtirish jarayonlarining davom etishi, xususiy va xorijiy investitsiyalar hajmining barqaror oʻsishi, iqtisodiyotni kreditlash surʼatlarining maqbullashishi, shuningdek, iqlim oʻzgarishlari bilan bogʻliq xatarlar kuzatilmasligini inobatga oladi.
Ichki va tashqi kutilmagan xatarlar yuzaga kelishi bilan bogʻliq makroiqtisodiy rivojlanish ssenariylarini ishlab chiqishda, mazkur xatarlar bir vaqtda amalga oshish ehtimoli pastligini hisobga olgan holda, avvalgi yillardagi bir necha tashqi va ichki xatarlarni bir ssenariy doirasida oʻrganish yondashuvidan farqli ravishda har bir xatar alohida koʻrib chiqildi.
Xususan, makroiqtisodiy rivojlanishning asosiy ssenariysidagi shartlardan farqli kelgusi yillarda yuzaga kelishi mumkin boʻlgan tashqi va ichki xatarlar (shoklar) alohida oʻrganilib, iqtisodiy koʻrsatkichlarning asosiy ssenariydagi prognoz darajasidan chetlashishi baholandi.
Ushbu sharoitlar yuzaga kelgan taqdirda pul-kredit sharoitlari qatʼiylik darajasi va davriyligiga tegishli oʻzgartirishlar kiritilishi tahlil qilindi. Bunda eʼtibor oʻrta muddatli istiqbolda inflyatsiyani target koʻrsatkichiga erishishiga qaratildi.
Shuningdek, mazkur hujjatda kelgusi yillarda pul-kredit siyosati samaradorligini yanada oshirish boʻyicha rejalar ham keltirilgan.
Bunda pul-kredit siyosati qarorlarini transmissiyasini yaxshilash boʻyicha operatsion mexanizmini takomillashtirish boʻyicha choralar, makroiqtisodiy prognoz va tahlil salohiyatini mustahkamlash boʻyicha mavjud model tizimlari parametrlarini qayta baholash va yangi modellar bilan boyitish, hamda pul-kredit siyosati kommunikatsiyasini kuchaytirish yuzasidan chora-tadbirlar rejalashtirilgan.