Marg‘ilonda haydovchi piyoda o‘tish joyida uch nafar o‘quvchini urib yubordi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Farg‘ona viloyatining Marg‘ilon shahrida 16 oktyabr kuni yo‘lni kesib o‘tayotgan o‘quvchilarga avtomashina urulishi bilan bog‘liq hodisa sodir bo‘ldi. Bu haqda viloyat yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi xabar berdi.
Hodisa taxminan soat 12:30 lar chamasida Marg‘ilon shahar “B.Marg‘iloniy” ko‘chasida 1998 yilda tug‘ilgan haydovchi “Neksiya 1” rusumli transport vositasini boshqarib ketayotib, ushbu ko‘chada joylashgan 33-sonli umumtaʼlim maktabi oldidagi tartibga solinmagan piyodalar o‘tish joyidan yo‘lni kesib o‘tayotgan 3 nafar o‘quvchini ehtiyotsizligi oqibatida urib yuborgan.
Dastlabki maʼlumotlarga ko‘ra, jabrlangan o‘quvchilardan biri shifoxonaga yotqizilgan, ikkita bolaga esa hodisa joyida tibbiy yordam ko‘rsatilgan.
Yo‘l-transport hodisasi yuzasidan tekshiruv ishlari olib borilmoqda.