Marg‘ilon shahrida “Buyuk Ipak yo‘li” xalqaro maqom festivali boshlandi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Ikki ming yillik tarixga ega qadimiy Marg‘ilon “Buyuk ipak yo‘li” xalqaro maqom festivaliga mezbonlik qilgan yana madaniy hayot markaziga aylandi.
Tadbirlarda yurtimiz hududlaridan, shuningdek, Turkiya, Ozarbayjon hamda qo‘shni Qozog‘iston va Qirg‘izistondan maqom ijodiy jamoalari, hunarmandlar, sanʼat ixlosmandlari, keng jamoatchilik vakillari va yoshlar qatnashmoqda.
Viloyat hokimi Xayrullo Bozorov festival doirasidagi tadbirlarda ishtirok etdi. Xalq og‘zaki ijodiyotining noyob namunalarini keng targ‘ib qilish, uni asrab-avaylash va rivojlantirish, davlatlararo, xalqlararo do‘stlik, birodarlik rishtalarini yana-da mustahkamlash bosh maqsadi bo‘lgan festival avvalida mehmonlar milliy hunarmandchilik ko‘rgazmasi va hunarmandchilik namunalari bilan tanishdilar.
Viloyat rahbari har bir ko‘rgazmani ko‘zdan kechirib, usta hunarmandlarning qo‘l mehnati mahsulotlarini yuqori baholadi. Namangan, Andijon va Farg‘ona viloyatlari hunarmandlarining namoyish etgan milliy hunarmandchilik ko‘rgazmalari ishtirokchilarda katta taassurot qoldirdi.
Maqom sanʼati ustalari, folklor jamoalarining dasturi esa yana-da shukuhli kechmoqda. Festival doirasida so‘z sanʼati ustalari ishtirokida “Askiya sayli” ham bo‘lib o‘tdi. Vodiy viloyatlari askiya va qiziqchilik sanʼati ustalarining ichakuzdi askiyalari barchaga quvonch va tabbasum ulashdi. “Nomoddiy madaniy meros fenomeni: Askiya va qiziqchilik sanʼati” Respublika ilmiy-amaliy konferensiyasi tashkil etildi.
Shuningdek, rassomlar ko‘rgazmalari, folklor jamaolari tomonidan tayyorlangan xalq og‘zaki ijodi namunalari festival davomida ishtirokchilar eʼtiborini tortmoqda.
Ayni damda “Buyuk Ipak yo‘li” xalqaro maqom festivali ishtirokchilarining chiqishlari hakamlar hayʼati tomonidan baholanmoqda.