Malayziyalik nufuzli turoperatorlar O‘zbekiston sayyohlik salohiyati bilan tanishdilar
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — 2025-yil 3-9-iyul kunlari Turizm qo‘mitasi, O‘zbekistonning Kuala-Lumpurdagi diplomatik vakolatxonasi va Malayziyaning Turizm, san’at va madaniyat vazirligi bilan hamkorlikda O‘zbekiston turizm salohiyatini keng targ‘ib etish maqsadida Malayziyaning yetakchi turizm sohasi vakillari uchun info-tur tashkil etildi.
Info-turda ishtirok etgan Malayziya Turizm agentliklari assotsiatsiyasi (MATTA), Bumiputera sayyohlik operatorlari federatsiyasi (BUMITRA) va PAPUH rahbariyati, Umra-Haj, ziyorat va umumiy sayyohlik yo‘nalishlarida faoliyat yurituvchi 30 ga yaqin yirik turkompaniya vakillari hamda malayziyalik mashhur aktrisa, teleboshlovchi Adrea Abdullah Buxoro, Samarqand, Jizzax viloyatlari va Toshkent shahrida bo‘lib, O‘zbekiston ziyorat turizm salohiyati, madaniy merosi, islom dunyosiga mashhur ziyoratgohlar bilan yaqindan tanishdilar.
Mehmonlar O‘zbekistonda yangilangan turizm infratuzilmasi, yangi mehmonxonalar va raqamli gid-xizmatlari, zamonaviy transport tizimi, shuningdek, sayyohlar uchun yaratilgan qulay sharoitlarga yuqori baho berdilar.
Mazkur tashrif doirasida ikki mamlakat turoperatorlari o‘rtasidagi “B2B” shaklida uchrashuvlar tashkil etildi. Uchrashuvda tomonlar o‘zaro hamkorlik aloqalarni yo‘lga qo‘yish, yangi turistik yo‘nalishlarni ishlab chiqish va hamkorlikni kengaytirish masalalari muhokama qilindi. Malayziyalik turoperatorlar o‘z xizmat va imkoniyatlarini taqdim etib, O‘zbekistonlik hamkorlar bilan bevosita muzokaralar olib bordilar.
Mazkur info-tur Malayziyada O‘zbekistonning turistik brendini mustahkamlash, yangi turizm yo‘nalishlari va paketlarini ishlab chiqish, shuningdek, ziyorat turizmi sohasida hamkorlikni kengaytirishga xizmat qiladi.