Valyuta kurslari 25/11/2025
$1 – 11988.32
UZS – 0,14%
€1 – 13822.53
UZS – 0,18%
₽1 – 152.02
UZS – 0,14%
Qidirish
Malayziyalik ishbilarmonlar yurtimizga biznes-missiya bilan keldi

Malayziyalik ishbilarmonlar yurtimizga biznes-missiya bilan keldi

Malayziyalik ishbilarmonlar yurtimizga biznes-missiya bilan keldi

Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Malayziya kichik va o'rta biznes xalqaro savdo uyushmasi prezidenti Megan Su boshchiligidagi delegatsiya yurtimizga biznes-missiya bilan tashrif buyurdi, deb xabar bermoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Tashrif davomida delegatsiya Toshkent shahrida bo'lib o'tgan "UzProdExpo–2025" xalqaro ko'rgazmasida qatnashdi, "Food City" meva-sabzavot ulgurji bozori, "Artel Electronics" MCHJ va "Best Tastes Technology" MCHJ (UzKand), "BMB Holding" MCHJ faoliyati bilan yaqindan tanishdi. Malayziyalik ishbilarmonlar hamda qator davlat idoralari va tashkilotlari vakillari o'rtasida turli uchrashuvlar tashkil etildi.

Xususan, O'simliklar karantini va himoyasi agentligi va uning huzuridagi Markaziy eksport shtabi bilan O'zbekistonning sarxil va quritilgan meva-sabzavotlari, dukkakli va yong'oq mahsulotlarini Malayziya va Janubi-Sharqiy bozorlariga eksport qilish imkoniyatlari va istiqbollari masalalari muhokama qilindi.

O'zbekiston Eksportchilar uyushmasida Malayziya delegatsiyasi tomonidan mahalliy eksportchi korxonalar uchun "Malayziya bozoriga kirib borish va tadbirkorlik faoliyatini yo'lga qo'yishning amaliy mexanizmlari" mavzusiga bag'ishlangan seminar-trening tashkil etildi.

Unda mahalliy ishlab chiqaruvchilarga, xususan, oziq-ovqat mahsulotlarini eksport qiluvchilarga mahsulotlarni mahalliy va ingliz tillarida sifatli qadoqlash, ularda Malayziyaning JAKIM "Halol" sertifikatining mavjudligi, tovarlarni sotishda supermarketlar va distribyutorlar orqali samarali tarqatish kanallarini yo'lga qo'yish kabi bozor talablarining alohida jihatlariga e'tibor qaratish zarurligi ta'kidlandi.

Malayziya delegatsiyasi hamda O'zbekiston Eksportchilar uyushmasi o'rtasida O'zbekiston mahsulotlarini Malayziyaga eksport/import qilish sohasida hamkorlik qilish, o'zaro tajriba almashish va amaliy treninglar o'tkazish masalalarini o'z ichiga olgan Anglashuv memorandumi imzolandi.

Shuningdek, mehmonlar Xorijiy investitsiyalarni jalb qilish agentligi xodimlari bilan ham uchrashib, savdo va sarmoyaviy hamkorlikni yanada rivojlantirish, o'zaro manfaatli iqtisodiy loyihalarni amalga oshirishni qo'llab-quvvatlash to'g'risida Anglashuv memorandumini imzoladi.

Malayziyalik ishbilarmonlar O'zbekiston bilan ikki tomonlama manfaatli savdo-investitsiyaviy loyihalarni amalga oshirishda katta imkoniyatlar mavjudligini qayd etdi. Megan Su tashkilotga a'zo yetakchi kompaniyalar rahbarlaridan iborat delegatsiyaning kelgusi yilda ham mamlakatimizga yana bir bor tashrif buyurishini ta'kidladi.

Eng so'nggi yangiliklardan xabardor bo'ling
Telegram kanalimizga obuna bo'ling