Malayziyada “Umra plyus” loyihasi taqdim etildi
Malayziyada “Umra plyus” loyihasi taqdim etildi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekiston Respublikasi Turizm qo‘mitasi tomonidan Malayziyaning Kuala-Lumpur shahrida “Umra plyus” loyihasi taqdimoti o‘tkazildi.
Mamlakatimizning Malayziyadagi diplomatik vakolatxonasi ko‘magida tashkil etilgan tadbirda Malayziyaning Haj va Umra ishlari bo‘yicha mas’ul idoralari, Din ishlari bo‘yicha qo‘mita vakillari, turistik kompaniyalar, tadbirkorlar hamda ommaviy axborot vositalari ishtirok etdi.
Taqdimotda O‘zbekistonda ziyorat turizmini rivojlantirish uchun yaratilgan sharoitlar, xususan, Islom sivilizatsiyasi markazi hamda Imom al-Buxoriy majmuasida olib borilayotgan obodonlashtirish ishlari haqida ma’lumot berildi.
Tadbirda ta’kidlanganidek “Umra plyus” loyihasi doirasida Malayziya ziyoratchilarining Makka va Madinaga safarlari O‘zbekistonning Samarqand va Buxoro kabi muqaddas va tarixiy shaharlariga tashriflar bilan uyg‘unlashtiriladi.
Tadbirkorlar loyihani amalga oshirishga tayyor ekanliklarini bildirib, qo‘shma hamkorlikni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha dastlabki shartnomalarni imzoladilar.
“Umra plyus” loyihasi O‘zbekiston va Malayziya o‘rtasidagi do‘stlik va hamkorlikni yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.