Makkah Halal Forum‘da O‘zbekiston va Buyuk Britaniya savdo-iqtisodiy hamkorlikni kengaytirish masalalarini muhokama qildi
Makkah Halal Forum‘da O‘zbekiston va Buyuk Britaniya savdo-iqtisodiy hamkorlikni kengaytirish masalalarini muhokama qildi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — “Makkah Halal Forum” doirasida O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi raisi birinchi o‘rinbosari Davronbek Qurbonov hamda Palata raisi maslahatchisi Jamil Maksudi Buyuk Britaniya Musulmonlar savdo forumi tashkiloti (MTF) raisi Iqbol Sakrani boshchiligidagi delegatsiya bilan uchrashuv o‘tkazdilar.
14-16 fevral kunlari Makka shahrida bo‘lib o‘tayotgan forum ikki davlat o‘rtasidagi iqtisodiy hamkorlikni kengaytirish uchun muhim maydon vazifasini bajarmoqda.
Muslim Trade Forum (MTF) Buyuk Britaniyaning musulmon ishbilarmonlari manfaatlarini himoya qilish va xalqaro savdo aloqalarini rivojlantirishga qaratilgan nufuzli tashkilotlaridan biri hisoblanadi.
Uchrashuv davomida tomonlar O‘zbekiston va Buyuk Britaniya o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy hamkorlikni kuchaytirish istiqbollarini muhokama qildilar.
Xususan, D.Qurbonov tomonidan islom turizmi sohasida hamkorlikni kengaytirish masalasi ilgari surildi. Britaniya tomoni ushbu yo‘nalishda hamkorlik imkoniyatlari yuqori ekanini taʼkidladi. Maʼlumot uchun, Buyuk Britaniyada bugungi kunda 5 mlndan ortiq musulmonlar istiqomat qiladi.
Shuningdek, britan tomoni O‘zbekistonda qimmatbaho toshlardan tayyor mahsulot ishlab chiqarib, uni Buyuk Britaniyaga eksport qilish imkoniyatlari mavjudligini qayd etdi. Bundan tashqari, Buyuk Britaniyada mineral o‘g‘itlarga yuqori talab mavjudligi va ularni O‘zbekistondan import qilishga qiziqish bildirildi.
Uchrashuv yakunida tomonlar kelgusida anglashuv memorandumini imzolashga kelishib oldilar.