Mahalliy Kengashlar faoliyatini takomillashtirishga oid qonun ko‘rib chiqildi
Mahalliy Kengashlar faoliyatini takomillashtirishga oid qonun ko‘rib chiqildi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Senatning o‘n ikkinchi yalpi majlisida “Mahalliy davlat hokimiyati organlari faoliyati takomillashtirilganligi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi Qonun muhokama qilindi.
Senatorlar ushbu Qonunni qabul qilish zaruratiga alohida eʼtibor qaratdi. Xususan, ushbu zarurat yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi qabul qilinishi, uning qoidalari bir xilda qo‘llanilishi uchun amaldagi qonun hujjatlari normalarini unga muvofiqlashtirishdan kelib chiqmoqda.
Mazkur Qonunda mahalliy Kengash raisi va hokimlar lavozimlari
bir-biridan ajratilganligi sababli 9 ta kodeks va 69 ta qonun qayta ko‘rib chiqilib, mahalliy davlat hokimiyati organlariga yuklatilgan vakolatlar mahalliy vakillik va ijro organlari o‘rtasida ixtisoslashtirish nazarda tutilmoqda.
Mahalliy davlat hokimiyati organlarining vazifalari kuchli kengash, hisobdor va tashabbuskor hokim tamoyili asosida vakillik va ijro organlari o‘rtasida aniq taqsimlanayotganligi, mahalliy Kengash va hokimliklarning faoliyatiga xos bo‘lmagan va respublika ijro etuvchi organlar vakolatlariga oid takrorlanuvchi 8 ta vazifa bekor qilinayotganligi muhokamalar davomida senatorlar tomonidan taʼkidlandi.
Senatorlar taʼkidlaganidek, Qonunning qabul qilinishi Yangi O‘zbekiston maʼmuriy islohotlarining keyingi bosqichi amalga oshirilishiga, Konstitutsiyada belgilangan hokimlar va xalq deputatlari Kengashlari vakolatlari taqsimlanishiga asoslangan davlat hokimiyatini tashkil etishning yangi modelining to‘liq amalga oshishiga hamda mahalliy davlat hokimiyati organlari faoliyatini amalga oshirishning huquqiy asoslarini mustahkamlashga xizmat qilishi alohida qayd etildi.
Muhokama yakunida senatorlar Qonunni maʼqulladi.