MAGATE va O'zbekiston tuproq sho'rlanishiga qarshi kurashish bo'yicha qo'shma loyihani ishga tushirmoqda
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Atom energiyasi bo'yicha xalqaro agentlik (MAGATE) O'zbekiston Qishloq xo'jaligi vazirligi huzuridagi Tuproq tarkibi, saqlanishi va sifatini tahlil qilish markazi bilan hamkorlikda qishloq xo'jaligining barqaror amaliyotini rivojlantirish va tuproq sho'rlanishini kamaytirishga qaratilgan qo'shma tadqiqot loyihasini yo'lga qo'ymoqda, deb xabar qilyapti "Dunyo" AA muxbiri.
Ushbu tashabbus doirasida O'zbekistonda paxta-bug'doy-makkajo'xori almashlab ekish tizimida kaliy, kalsiy, magniy va oltingugurtga boy innovatsion tabiiy mineral o'g'it bo'lgan poligalitdan foydalangan holda besh yillik dala tajribasi o'tkaziladi. Zamonaviy texnologiyalarni qo'llash tuproq unumdorligini va hosildorlikni oshirish, fermerlarga amaliy tavsiyalar berishi kutilmoqda.
Loyiha O'zbekiston va MAGATE o'rtasidagi ilmiy-amaliy hamkorlikni mustahkamlashda muhim qadam bo'ladi hamda mamlakatning asosiy ekologik muammolaridan biri – tuproq sho'rlanishini hal etishga ham katta hissa qo'shadi.
Eslatib o'tamiz, O'zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va MAGATEE bosh direktori Rafael Grossi o'rtasida 2024 yil dekabr oyida Toshkent shahrida bo'lib o'tgan uchrashuvda bu boradagi hamkorlikni kengaytirish masalalari muhokama qilingan edi.