“Made in Uzbekistan” — Mozori-Sharifda o‘zbek mahsulotlari namoyish etilmoqda
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Joriy yilning 18–20 iyun kunlari Afg‘onistonning Mozori-Sharif shahrida Mavlono Jaloliddin Muhammad Balxiy nomidagi II Milliy va xalqaro ko‘rgazma bo‘lib o‘tmoqda.
Ushbu ko‘rgazmada ishtirok etish uchun Savdo-sanoat palatasi rahbarligidagi delegatsiya tarkibida 120 dan ortiq tadbirkor ishtirok etmoqda. Ular orasida to‘qimachilik, yengil sanoat, qurilish materiallari, oziq-ovqat, elektrotexnika, agrosanoat, farmatsevtika kabi sohalarda faoliyat yurituvchi kompaniyalar mavjud.
Ko‘rgazma doirasida “Made in Uzbekistan” milliy stendi tashkil etilgan bo‘lib, u o‘zbek ishlab chiqaruvchilarining ilg‘or mahsulotlari va innovatsion yechimlarini namoyish etish uchun alohida platforma vazifasini o‘tamoqda.
Ochilish marosimida Afg‘oniston rasmiylari va mahalliy tadbirkorlar o‘zbek delegatsiyasiga katta qiziqish bildirib, ikki davlat o‘rtasidagi iqtisodiy hamkorlik izchil rivojlanayotganini taʼkidlashdi.
Jumladan, Balx viloyati Savdo va investitsiyalar palatasi rahbari Asadullo Asadiy, so‘nggi 6 oy ichida O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi va Afg‘onistonning ushbu tuzilmasi o‘rtasida amalga oshirilgan loyihalar uchun alohida minnatdorlik bildirdi.
Tadbir davomida maxsus tashkil etilgan B2B uchrashuv maydonlarida ikki mamlakat tadbirkorlari o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri muzokaralar, hamkorlik imkoniyatlari muhokamasi hamda o‘zaro manfaatli shartnomalar imzolash jarayonlari olib borilmoqda.