Madaniyat vazirligi Nazarbekovning Kokand University roligiga qatnashishini jamiyat uchun foydali deb izohladi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Madaniyat vazirligi Ozodbek Nazarbekovning Kokand University reklamaviy videoroligida paydo bo‘lishiga izoh berib, bu holatni tijoratiy maqsaddan yiroq, taʼlim faoliyati bilan uzviy bog‘liq va jamiyat uchun foydali maʼlumot tarqatish sifatida baholadi.
Avvalroq, madaniyat vaziri universitet videoroligida ishtirok etgani haqida xabar berilgan edi. Vazirlik taʼkidlashicha, davlat miqyosida taʼlim taraqqiyotiga, jumladan, xorijiy tillarni o‘rganish hamda kasb egallash masalasiga katta eʼtibor qaratilmoqda. Bu vazifalar doirasida prezident vazirlik rahbarlariga yoshlar bilan, mamlakat ichida ham, tashqarisida ham, doimiy muloqotda bo‘lish, ularning muammolarini o‘rganish va yechim topishda ko‘maklashish vazifasini yuklatgan.
Jumladan, 2025 yil 17 aprel kuni Ozodbek Nazarbekov Kokand University‘ning Andijon filiali talabalari va hududdan tashrif buyurgan 150 nafardan ziyod yoshlar bilan uchrashuv o‘tkazgan. Suhbatdan so‘ng talabalar vazirdan ushbu oliygohda taʼlim olish imkoniyatlari haqida yoshlarga yo‘l-yo‘riq ko‘rsatuvchi videomurojaat tayyorlab berishni so‘rashgan.
Vazirlik qonunga asosan reklama deb hisoblanmaydigan holatga eʼtibor qaratdi. Yaʼni tovarlar, ularning belgisi yoki ishlab chiqaruvchilarini tilga olish agar ilmiy, adabiy yoki badiiy faoliyatning bir qismi bo‘lsa va reklamaviy maqsad ko‘zlanmasa, reklama hisoblanmaydi.
2025 yil 4 fevralda Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi tomonidan berilgan №602319-litsenziyaga ko‘ra, «Kokand davlat universiteti» MCHJ oliy taʼlim sohasida xizmat ko‘rsatish huquqiga ega.
Madaniyat vazirligi hamda shaxsan Ozodbek Nazarbekov universitet bilan hech qanday reklamaviy xizmatlar bo‘yicha shartnoma tuzmagan. Vazirning bildirgan fikrlari faqat ijtimoiy ahamiyat kasb etib, moddiy manfaat ko‘zlamaydi.
Qayd etilishicha, shunga o‘xshash holat 2024 yilda ham kuzatilgan. O‘shanda Nazarbekov erkaklar kiyim-kechak do‘koni reklamaviy videosida ishtirok etgani qayd etilgan edi.
O‘shanda vazir «O‘zbekiston ovozi» loyihasi suratga olinishi jarayonida imidjmeykerlar bilan birgalikda kostyum tanlashda qatnashgan, hech qanday moddiy haq olmagan va ishtirok etishdan maqsad milliy brendlar hamda mahalliy mahsulotlarni qo‘llab-quvvatlash bilan bog‘liq bo‘lgan.