“Madad-2” loyihasiga start berildi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Adliya vazirligi binosida “Madad” loyihasining ikkinchi bosqichining ramziy ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Unda Savdo-sanoat palatasi raisining birinchi o‘rinbosari Davronbek Kurbanov ishtirok etdi.
“Madad” — bu tadbirkorlikni boshlash niyatida bo‘lgan, ammo unga yetarlicha kuch va imkoniyat topa olmayotgan insonlarni huquqiy va ijtimoiy-iqtisodiy qo‘llab-quvvatlash maqsadida Adliya vazirligi tomonidan yo‘lga qo‘yilgan loyiha.
Loyihaning birinchi bosqichi Denov tumanida muvaffaqiyatli amalga oshirilgan edi. Loyiha qahramoni Dilorom Yo‘ldosheva bugungi kunda 60 dan ortiq shogirdiga ega tadbirkor, “Mardlik” ordeni sohibasi, BBC ning “100 ilhomlantiruvchi ayol” ro‘yxatiga kiritilgan o‘zbek ayoli — buning yaqqol natijasidir.
Endilikda ushbu ezgu loyiha respublikamizning eng olis hududlaridan bo‘lgan Denov tumanidagi “Surxondiyor” hamda Qo‘shrabot tumanidagi “Navkat” mahallalarida davom ettiriladi.
Tadbir yakunida loyihani birgalikda amalga oshirish uchun Savdo-sanoat palatasi, Adliya vazirligi, Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi hamda “Madad” nodavlat notijorat tashkiloti o‘rtasida hamkorlik memorandumi imzolandi.
Shu bilan birgalikda, tadbirda loyihani qo‘llab-quvvatlash maqsadida bir qator tadbirkorlar ham ishtirok etdi.