Valyuta kurslari 30/05/2025
$1 – 12768.26
UZS – -0,49%
€1 – 14400.04
UZS – -0,98%
₽1 – 162.63
UZS – 0,97%
Qidirish
Iqtisod 28/05/2025 Maʼmuriy huquqbuzarliklar bo‘yicha ish yuritishda xususiy ayblov instituti joriy etilmoqda

Maʼmuriy huquqbuzarliklar bo‘yicha ish yuritishda xususiy ayblov instituti joriy etilmoqda

Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Senatning 7-yalpi majlisida “O‘zbekiston Respublikasining Maʼmuriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish haqida”gi Qonun senatorlar tomonidan muhokama qilindi.

Taʼkidlanganidek, mamlakatimizda inson, uning hayoti, erkinligi, shaʼni va qadr-qimmati oliy qadriyat hisoblanadigan insonparvar demokratik davlatni barpo etish borasida tizimli islohotlar amalga oshirilmoqda.

Ushbu islohotlar natijasida O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida ham inson, shu jumladan, jabrlanuvchi huquqlari kafolatlari belgilangan.

Mazkur Qonun ham ana shu tizimli islohotlarning mantiqiy davomi hisoblanadi. Bugungi kunda ayrim maʼmuriy huquqbuzarliklar ijtimoiy ahamiyatini yo‘qotgan va ularning soni keskin kamaygan. Shu bilan bir vaqtda Maʼmuriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning bir nechta moddasida ayni bir maʼmuriy huquqbuzarlik uchun javobgarlik belgilangan. Shu bois ushbu Qonun ularni muvofiqlashtirish maqsadida ishlab chiqilganligi qayd etildi.

Ushbu Qonun bilan O‘zbekiston Respublikasining Maʼmuriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga ayrim huquqbuzarliklar uchun qilmishning xususiyatidan, jazolashdan ko‘zlangan maqsadga erishish uchun yetarlilik nuqtai nazaridan kelib chiqqan holda maʼmuriy javobgarlikni bekor qilishga qaratilgan tegishli o‘zgartirishlar kiritilmoqda.

Shuningdek, ayni bir qilmish, yaʼni tamaki mahsulotini belgilanmagan joylarda isteʼmol qilish uchun Maʼmuriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning turli moddalarida nazarda tutilgan javobgarlik alohida moddada (561-modda) aks ettirilmoqda.

Bundan tashqari, Kodeksning ayrim moddalarida nazarda tutilgan huquqbuzarliklar bilan bog‘liq ishlarni ko‘rishga jabrlanuvchining arizasi bo‘lgan taqdirdagina yo‘l qo‘yilishi belgilanmoqda.

Maʼmuriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning boshqa moddalariga ham yuqoridagi o‘zgartirish va qo‘shimchalardan hamda Yangi O‘zbekiston maʼmuriy islohotlari dasturidan kelib chiqqan holda tegishli o‘zgartirishlar kiritilmoqda.

Senatorlar taʼkidlaganidek, mazkur Qonun qabul qilinishi bilan inson huquqlari kafolatlari kuchayishiga, huquqiy taʼsir choralarini qo‘llashda mutanosiblik prinsipiga amal qilinishining taʼminlanishiga hamda masʼul davlat organlari ish yuklamasining kamayishiga, fuqarolar o‘rtasidagi ayrim kelishmovchiliklar sudga qadar hal etilishiga erishiladi.

Muhokama yakunida Qonun senatorlar tomonidan maʼqullandi.

 

Eng so'nggi yangiliklardan xabardor bo'ling
Telegram kanalimizga obuna bo'ling