Maʼmuriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi ishlarni yuritishda xususiy ayblov instituti joriy etiladi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Qonun bilan Maʼmuriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi.
Qonun bilan Kodeksga ayrim huquqbuzarliklar uchun maʼmuriy javobgarlikni bekor qilishga qaratilgan o‘zgartirishlar kiritildi, jumladan:
avtomat telefonlarni shikastlantirganlik;
ruxsatsiz radiouzatkich shoxobchasi o‘rnatish va (yoki) undan foydalanganlik.
Shuningdek, ayrim belgilangan maʼmuriy huquqbuzarliklar (xususan, tuhmat, haqorat qilish va boshqalar) jabrlanuvchining huquqbuzarni javobgarlikka tortish haqidagi arizasiga ko‘ra javobgarlikka sabab bo‘lishi belgilandi.
Biroq, jabrlanuvchi nochor ahvolda bo‘lganligi, voyaga yetmaganligi yoki boshqa sabablarga ko‘ra o‘z huquqlarini himoya qila olmasa, vakolatli organning mansabdor shaxsi jabrlanuvchining arizasisiz ish yuritishni boshlashi shart.
Qonun rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.